O‘zbekiston | 20:30 / 22.11.2019
48334
5 daqiqa o‘qiladi

Aholini uy-joy bilan ta'minlashda yangi tizim: Endi uylar to‘liq xususiy sektor tomonidan quriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 noyabr kuni qishloqlar va shaharlarda aholini uy-joy bilan ta'minlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Aholini munosib turar joy bilan ta'minlash maqsadida oxirgi uch yilda 104 mingta, jumladan, qishloqlarda 63 mingta va shaharlarda 41 mingta xonadonga mo‘ljallangan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi.

Shunga qaramay, bu o‘sib borayotgan aholining talabini to‘liq qondirish uchun yetmayapti. Buni joriy yilning 9 oyida Xalq qabulxonalariga uy-joy masalalari bilan bog‘liq 36 mingdan ziyod murojaat bo‘lganidan anglash mumkin.

Ko‘pchilik uyining sifati talabga javob bermasligidan norozi. Qishloqlarda qurilgan ayrim mavzelar muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanmagan. Ba'zi uylar sotilmay qolgan, ba'zilarining esa krediti to‘lanishi muammoli. 

Bu kabi kamchiliklarning sababi shundaki, arzon uylarning barqaror moliyaviy manbasi mavjud emas va asosan budjet mablag‘lariga bog‘lanib qolgan. Tizimda raqobat to‘la shakllanmagan va xususiy sektor ishtiroki yetarli emas.

Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi ehtiyojini to‘la qondirish uchun har yili 145 ming xonadondan iborat uylar qurish kerak. Buning uchun yiliga qariyb 30 trillion so‘m mablag‘ zarur bo‘ladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ma'lum qilinishicha, keyingi yildan boshlab, aholini uy-joy bilan ta'minlash borasida yangi tizim joriy etiladi. Endi uylar davlat tomonidan emas, to‘liq xususiy sektor tomonidan quriladi.

Davlat aholiga ipoteka kreditlarini maqbul sharoitlarda berish orqali uy-joyga talabni qo‘llab-quvvatlaydi. Ipoteka kreditlari berish uchun resurslar miqdori banklar va hududlar bo‘yicha cheklanmaydi.

Bu tizim taklif sifatida joylarda muhokama qilinganda, barcha quruvchi-tadbirkorlar uni ijobiy qabul qilgan. Aholining kredit olish imkoniyati kengaytirilsa, narxi hozirgilaridan baland bo‘lmagan, lekin sifati yaxshi uylar qura olishini bildirgan. 

Shulardan kelib chiqib, endilikda shaharlarda uy-joy qurilishi quyidagi tartibda amalga oshiriladi.

Birinchidan, tadbirkorlik sub'yektlari o‘z mablag‘i va jalb qilingan mablag‘lar hisobidan poytaxt va shaharlarda yangi tartib asosida 13 ming 750ta kvartirali turar joylar qurilishini amalga oshiradi. Bunday imorat va majmualar loyihasi ham tadbirkorlar tomonidan mustaqil tayyorlanadi.

Ikkinchidan, uy-joy qurish uchun yer maydonlari auksion orqali ajratiladi. Ularni suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulash, avtomobil yo‘llari qurish tadbirkorlik sub'yektlari hamda respublika va mahalliy budjet mablag‘laridan moliyalashtiriladi.

Uchinchidan, banklar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishi uchun Moliya vazirligi endilikda uylarni xarid qilishga ipoteka krediti bo‘yicha qariyb 3 trillion so‘mga yaqin davlat resurslarini auksion asosida banklarga ajratadi.

Bundan tashqari, ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tashkil etilib, unga Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari jalb qilinadi, ushbu mablag‘lar ham yangi qurilgan uy-joylarni sotib olishga ipoteka krediti ajratish uchun banklarga qo‘shimcha resurs sifatida joylashtiriladi.

To‘rtinchidan, aholining kam ta'minlangan qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi, eng muhimi, aniq manzilli tizim joriy etiladi. Buning uchun shaharlarda 10 ming 800ta ehtiyojmand oilaga uyning boshlang‘ich badali va kredit foiz xarajatlarini to‘lashi uchun budjetdan subsidiya ajratiladi. Ushbu subsidiyalar orqali Toshkent shahrida 12 foiz, boshqa hududlarda 10 foizdan yuqori kredit foizlari hamda boshlang‘ich badali qoplab beriladi.

Yig‘ilishda mutasaddi vazirlik va tashkilotlar rahbarlariga yangi tartibda quriladigan uy-joylar uchun yer maydonlarini tanlab, auksionga chiqarish, kreditning yuqori chegarasini hisoblash uchun uylarning bozor qiymati asosidagi o‘rtacha narxini belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Mavzuga oid