"Hududgazta'minot" kuz-qish mavsumida aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda aholining bu boradagi savodxonligini oshirish maqsadida maxsus ma'lumot bilan chiqdi.

Is gazi nima?

Is gazi (uglerod oksidi) - rangsiz, ta'msiz, hidsiz zaharli gaz. Kimyoviy formulasi – CO. U yer yuzida energiyaning jadal ishlatilishidan yuzaga keluvchi, tabiatda eng ko‘p tarqalgan zaharlovchi gazlardan biridir.

Qazib olinadigan yoqilg‘ilarning to‘liq yonmasligi is gazining bosh manbai hisoblanadi. U asosan ko‘mir, tabiiy gaz va boshqa yoqilg‘ilarning to‘liq yonmasligi sabab yuzaga keladi. Nafas olinuvchi havo tarkibida 0,1 foiz is gazining bo‘lishi o‘lim holatiga olib kelishi mumkin! Is gazi organizmga tushganda u qon tarkibidagi gemoglabin va kislorod tashuvchi eritrotsitlarni o‘zaro bog‘lab, kislorodning tana bo‘ylab harakatlanishini cheklaydi. Natijada inson hushini yo‘qotadi.

Is gazidan zaharlanishning umumiy belgilari

Bosh miya tizimida: uyquga tortish, bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, hushini yo‘qotish;

ko‘rish tizimida: ko‘z oldining qorong‘ilashishi;

eshitish tizimida: eshitish qobiliyatining pasayishi;

teri qismida: terlash kuchayishi;

nafas olish tizimida: nafas olishning og‘irlashishi, yo‘tal;

yurak qismida: puls va AB ortishi;

mushaklar tizimida: tremor (qaltirash).

Qanday holatlarda is gazidan zaharlanish xavfi yuqori bo‘ladi:

shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda;

avtoulovlar turargohlarida;

yangi bo‘yalgan va shamollatilmagan xonalarda;

uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda;

pechka bilan isitiladigan uylar, hammomlar, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning to‘liq yonmasligi natijasida zaharlanib qolish mumkin.