02:30 / 15.05.2020
64828
Dunyodagi vaziyat. JSST endi hayot avvalgidek bo‘lmasligidan ogohlantirmoqda

Jons Hopkins ma'lumotiga ko‘ra, ayni paytda dunyo bo‘yicha koronavirusdan zararlanganlar soni 4,5 milliondan oshgan, 302 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Foto: AFP

Jahon sog‘liq tashkilotining koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha maxsus vakili Devid Nabarro BBC muxbiri bilan suhbatda odamlar hayoti endi hech qachon Covid-19 pandemiyasidan oldingi holatga qaytmasligi mumkinligi haqida gapirdi.

Yangi reallik
Devid Nabarro insoniyat yangi reallikka moslashishi kerakligini aytadi.

«Biz tahdidni kamaytirish uchun o‘z xatti-harakatlarimizni o‘zgartiramiz. Biz bilamizki, ayrim joylarda buni uddalash biroz qiyin. Ammo biz dam olishni, muloqot qilishni va vaqtni yaqinlarimiz bilan o‘tkazishni o‘rganamiz. Amalda bu hayotimizning bir qismiga aylanadi», deb hisoblaydi Nabarro.

Umuman olganda, JSSTning baholashicha, vaziyat immunitet tanqisligi virusi (OIV) paydo bo‘lgandagiga o‘xshash - olimlar terapiya usullarini topishadi, ammo virus hech qayerga yo‘qolmaydi. Koronavirus tarqalishini to‘liq nazorat ostiga olishi uchun insoniyatga kamida besh yil kerak bo‘ladi.

Yevropa dori vositalari agentligining ma'lum qilishicha, eng optimistik hisoblarga ko‘ra, koronavirusga qarshi vaksina taxminan bir yildan keyin tayyor bo‘ladi. Agentlik rahbari Marko Kavaleri vaksinani tayyorlash ishlari sentyabrgacha tugallanish haqidagi bayonotlarga skeptiklik bilan munosabatda bo‘lgan.

Nabarro vaksina paydo bo‘lganidan keyin ham dunyo ijobiy natijalarni his qilishi uchun ancha vaqt talab etilishini hisobga olmoqda. «Biz butun dunyo aholisi emlanishini ta'minlashimiz kerak va bu juda katta loyiha bo‘ladi. Shuning uchun barchaga shunday deyishni istayman - vaksinani ikki-ikki yarim yil kutishga to‘g‘ri keladi», deya hisoblaydi BMT maxsus vakili.

Britaniya yangi testlardan umid qilmoqda
Britaniya tibbiyotchilari koronavirusga qarshi sun'iy antitanani aniqlash uchun keng miqyosda test o‘tkazishni ma'qullashdi - bunda Shveytsariyaning Roche kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan test to‘plamlaridan foydalaniladi. Mamlakat hukumati koronavirusga qayta chalinganlarni tezlik bilan aniqlash odatiy hayotga qaytish va iqtisodiyotni tiklashga yordam berishiga umid qilmoqda.

GETTY IMAGES

Testning ma'qullanishi, regulyatorlar uning natijalari ishonchli ekaniga aminligi ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Britaniya hukumatidagilar hozircha ommaviy sinovlarni qancha vaqt ichida o‘tkazish mumkinligini aniq bilishmaydi.

  • Test chog‘ida olinadigan qon tahlilidan maqsad odam virusga chalingan bo‘lsa, immunitet shakllanganmi yoki yo‘qligini aniqlash hisoblanadi.

Test avvalroq YeI va AQShda sinovdan o‘tgandi. Roche kompaniyasidagilar Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati (NHS) va hukumat bilan test to‘plamlarini yetkazib berish bo‘yicha muzokara o‘tkazmoqda. Britaniya hukumati haftasiga yuz ming to‘plam xarid qilishni rejalashtirgan.

Britaniyada so‘nggi bir kunda koronavirusdan zararlanish oqibatida 428 kishi vafot etgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, kasallikdan vafot etganlar soni 33,6 mingdan oshgan, shu bilan birga, haqiqiy o‘lim holatlari soni rasmiy statistikada ko‘rsatilganidan ikki barobar ko‘proq bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Ayni vaqtga kelib, Britaniyada koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 234 mingdan ortiq holat qayd etilgan va bu AQSh hamda Rossiyadan keyingi uchinchi ko‘rsatkichdir.

Yevropada nimalar bo‘lmoqda?
Finlyandiyada maktablar ochilmoqda, holbuki fin o‘qituvchilari kasaba-uyushmalari bunga hali erta deb hisoblashgandi. Tashkilot vakillari karantindan erta chiqish bolalar uchun ham, o‘qituvchilar uchun ham xavfli ekanini aytishgan. Shu bilan birga, mamlakatda yozgi ta'til faqat ikki hafta davom etadi.

Shvetsiya qat'iy karantin joriy etmadi, ammo fuqarolardan ijtimoiy masofa saqlash so‘ralmoqda / AFP

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, Finlyandiyada epidemiya boshlanganidan beri 6145 kishi kasallangan va 284 kishi vafot etgan.

Fransiya bosh vaziri Eduar Filipp mamlakat fuqarolari kurortlarga faqat iyul va avgustda borishi mumkinligini bildirdi. U shuningdek, turistik sanoatga 18 mlrd yevro miqdorida yordam paketi ajratilishini ma'lum qilgan.

Hozirda fransuz mehmonxonalari va turizm infratuzilmasidagi boshqa obektlar yopiqligicha qolmoqda. Hukumat hozircha ayrim plyajlarga muayyan shartlar bilan ishlashga ruxsat bergan, keluvchilar ijtimoiy masofa saqlash tartibiga rioya etishi kerak bo‘ladi.

«Turizm zamonaviy tarixdagi eng og‘ir davrni boshdan kechirmoqda. Bu soha Fransiya iqtisodiyotidagi javohirlardan biri va davlat turizm sanoatini qutqarib qolishga e'tibor qaratadi. Fransuzlar uchun chiroyli ovqatlanish, uchrashish va muloqot qilish muhim - bu milliy mentalitet», degan Filipp.

Germaniyada so‘nggi bir kunda Covid-19dan zararlanish bilan bog‘liq 933ta yangi holat qayd etilgan, 89 kishi vafot etgan. Robert Kox instituti ma'lumotiga ko‘ra, bir kishining boshqalarga kasallik yuqtirishini ifodalovchi reproduktiv son — R ko‘rsatkichi 0,8taga tushgan. Germaniyada virusdan zararlanish holatlari soni epidemiya boshlanganidan buyon 174 mingdan oshgan, 7861 kishi vafot etgan.

Chernogoriyada yuzlab kishilar Serb provaslav cherkovi yepiskoplaridan biri va yana 7 nafar rohib karantin rejimini buzgani uchun hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Namoyish vaqtida politsiya bilan to‘qnashuvlar ro‘y bergan.

Chernogoriyadagi dindorlar karantinga qaramay diniy marosimlarni davom ettirishdi / REUTERS

Shvetsiya hukumati o‘z fuqarolariga avtomobillarda safarlarga chiqishga ruxsat berdi, lekin bu safar uydan ikki soatlik masofadan ortiq masofaga bo‘lmasligi kerak; shu bilan birga sayohat davomida odamlar ijtimoiy masofani saqlashi talab etiladi. Mamlakatda 50dan ortiq kishi bo‘lib to‘planish taqiqlanadi va keksa qarindoshlarni ko‘rishga borish tavsiya etilmaydi.

Shvetsiya qat'iy karantin cheklovlari joriy etilmagan kam sonli davlatlardan biri bo‘lgandi. Shvetsiyadagi keksalar uylarida Covid-19 dan kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlari yetarlicha yuqori, ammo fuqarolarini uylariga qamagan boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda koronavirus qurbonlari umumiy aholi soniga nisbatan kamroq.

Dunyoning boshqa davlatlari
AQShda so‘nggi bir haftada yana uch million kishi ishsizlik nafaqasi so‘rab murojaat qildi va shu tariqa karantin davrida ishsiz qolgan amerikaliklar soni 36 mln kishini tashkil qilmoqda, bu esa mamlakatda mehnatga layoqatli aholining to‘rtdan bir qismi demakdir.

«Bugungi kunda ishsizlik nafaqasi bo‘yicha murojaat qilayotganlar statistikasi tezlik bilan o‘smoqda. Amerika mehnat bozori Buyuk tushkunlik davridan buyon bu qadar chuqurga sho‘ng‘imagan», deydi Charles Schwab moliyaviy kompaniyasining britan bo‘limi rahbari Richard Flinn.

So‘nggi 10 kunda Amerikaning ko‘plab shtatlarida karantin cheklovlari bekor qilinishi boshlandi, ammo mamlakat iqtisodiyotining katta qismi hamon to‘xtab turibdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Viskonsin shtati sudini demokrat gubernator Entoni Iversning izolyatsiya rejimini 26 maygacha uzaytirish haqidagi qarorini bekor qilgani uchun olqishladi. Sudyalardan biri lokdaunni qamoq rejimi deb atagan.

Chorshanba kuni kechqurun, sud qarori e'lon qilishi bilanoq mahalliy aholi barlarni to‘ldirdi. «Odamlar odatiy hayot tarziga qaytishni istashmoqda», deya yozgan Tramp tvitterdagi sahifasida Viskonsin sudi qarori haqida.

Ivers esa o‘z navbatida CNN telekanaliga bergan intervyuda sud qarori «shtatda tartibsizlik yuzaga kelishiga olib keladi», deb ta'kidlagan.

AQSh dunyoda kasallanganlar va kasallikdan vafot etganlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda - deyarli 1,45 mln holat va 86,5 ming o‘lim.

Avstraliyaning Sidney shahrida kafe va restoranlar ochildi, ammo ularda bir vaqtning o‘zida 10dan ortiq kishi bo‘lishi mumkin emas. Ko‘pchilik yarmi bo‘sh joylarda o‘tirishni istamayapti va ayrim restoranlar bunga chora topgan: bo‘sh qoldirilgan stullarda manekenlar o‘tirg‘izilgan.

Hongkongda yarimorolga keluvchilar uchun majburiyatlar belgilandi. Jarayon bosqichlari to‘g‘risida tvitterdagi sahifasida fotograf Lorel Chor yozib qoldirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda bu dunyodagi eng qat'iy chegara cheklovlaridir.

Hongkong aeroportida qat'iy karantin choralari belgilangan / REUTERS

Hongkongga keluvchilarning barchasi koronavirusni aniqlash uchun testdan o‘tishi kerak, keyin natijalar ulkan hollda kutiladi. Kutish juda uzoq vaqt davom etadi: Chor samolyotdan tushganidan keyin bu jarayon uchun yetti soat vaqtini ketkazgan.

Test natijasi ijobiy chiqqanlar shifoxonaga yuboriladi, qolganlar maxsus bilaguzuklarni taqishadi va o‘z smartfonlariga maxsus ilovani o‘rnatishadi. Bu ilova bo‘yicha ularning keyingi harakatlari kuzatib  boriladi. Kelganlarning barchasi uyida yoki mehmonxonada 14 kun davomida qolishi kerak.

Xitoyning materikdagi qismi bilan qo‘shni bo‘lishiga qaramay Hongkongda epidemiya boshlanganidan buyon atigi mingga yaqin kasallanish holati va to‘rt o‘lim qayd etildi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top