22:20 / 13.01.2021
32782
Manba: Oliy ta'lim vaziri ham almashishi mumkin

O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov uch yarim yillik faoliyatidan so‘ng lavozimini tark etishi mumkin. Bu haqda Kun.uz'ning turli tuzilmalardagi bir nechta manbalari ma'lum qildi.

Inom Majidov / Foto: Kun.uz

2021 yilning dastlabki kunlarida O‘zbekiston hukumatida yana bir vazir almashishi mumkin.

Kun.uz manbalariga ko‘ra, shu kunlarda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidovni lavozimidan ozod etish masalasi muhokama qilinmoqda. U faoliyatini OTMlardan birining rektori sifatida davom ettirishi mumkin.

Bu haqdagi ma'lumotni vazirlik matbuot xizmati Kun.uz'ga tasdiqlamadi; shu bilan birga, rasmiy yangilik bo‘lgan taqdirda, bu haqda ma'lum qilinishi qo‘shimcha qilindi.

Manbalarga ko‘ra, oliy ta'lim vaziri lavozimiga bir necha nomzodlar, xususan Termiz davlat universiteti rektori, senator Abduqodir Toshqulov va O‘zbekiston milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov nomzodlari ko‘rib chiqilmoqda.

Abduqodir Toshqulov / Foto: Kun.uz

Avvalroq, Kun.uz o‘z manbasiga tayangan holda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgani haqida xabar qilgandi. Vazirlik matbuot xizmati buni tasdiqladi. Hozircha tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, Salomov Farg‘ona politexnika institutiga rektor bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Inom Majidov 2016 yil sentyabridan oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari, 2017 yil iyunidan esa vazir lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Abduqodir Toshqulov 2016 yil so‘ngidagi saylovlar arafasida prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatidagi ishonchli vakili bo‘lgandi. U 2017 yil sentyabrida Termiz davlat universitetiga rektor bo‘lgan, bir yil o‘tib Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Senat a'zosiga aylangandi.

Toshqulov 2020 yil yanvarida Kun.uz'da e'lon qilingan intervyusida bir nechta masalalar qatori ta'lim muammolariga oid o‘z qarashlari bilan ham o‘rtoqlashgan.

Avazjon Marahimov / Foto: Kun.uz

Boshqa bir nomzod – texnika fanlari doktori, professor Avazjon Marahimov 2016 yil oktyabridan buyon O‘zbekiston milliy universiteti rektori sifatida faoliyat yuritmoqda. U turli yillarda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari, xalq ta'limi vaziri lavozimlarida ishlagan.

Top