12:09 / 04.04.2024
15846

Oliy ta’lim vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

Shohrux Daliyev va Otabek Mahkamov oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosarlari sifatida tanishtirildi. Ular bungacha mos ravishda Vazirlar Mahkamasida hamda Prezident Administratsiyasida mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Prezident qarori bilan Shohrux Hojiakbarovich Daliyev oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu ma’lumotni Kun.uz’ga bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov tasdiqladi.

Shohrux Daliyev / Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Shohrux Daliyev 1985 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, mutaxassisligi yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi, fizika-matematika fanlari doktori (DSc), professor.

U 2012–2017 yillarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalarini tashkiliy-metodik ta’minlash bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi, 2017–2024 yillarda Vazirlar Mahkamasining ta’lim va ilm-fan masalalariga mas’ul departament va kotibiyatlarida o‘rta maxsus, professional ta’lim, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim hamda oliy ta’lim ilm-fanini rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimlarida faoliyat yuritib kelgan.

Shuningdek, Otabek Muxtorovich Mahkamov oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

Otabek Mahkamov / Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Otabek Mahkamov bunga qadar Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Davlat boshqaruvi akademiyasida uzoq yillar kafedra mudiri, dekan kabi lavozimlarda ishlagan, so‘nggi vaqtlarda Prezident Administratsiyasida mas’ul lavozimlarda ishlayotgandi.

Bundan oldinroq Komiljon Karimov vazirning birinchi o‘rinbosari, Shahlo Turdiqulova vazir o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, boshqa ishga o‘tkazilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Top