14:37 / 28.04.2021
49280

«Soliq qo‘mitasi sudda yutqazgani haqidagi xabardan jamoatchilikni chalg‘itishmi?» - deputatni sudga bergan DSQ tanqid nishoniga aylandi

Davlat soliq qo‘mitasi deputat Rasul Kusherbayevni sudga berdi. Ijro organi parlament vakilidan 4,6 milliard so‘m undirmoqchi bo‘layotgani jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Fotokollaj: Kun.uz

Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ustidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgani, bunga Kusherbayevning «Human.uz» axborot portalidagi «So‘z blogerlarga» ko‘rsatuvining 2021 yil 23 fevraldagi sonida aytgan so‘zlari sabab bo‘lgani to‘g‘risida xabar tarqatdi.

Qo‘mita xabarida deputat soliq organlariga 4,6 milliard so‘mlik ma’naviy zarar yetkazgani ta’kidlangan.

DSQning ushbu harakatlariga nisbatan jamoatchilik faollari o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov Kun.uz bilan suhbatda holatni g‘alati deb ta’rifladi. Garchi u Soliq qo‘mitasini «obnal ishi» bo‘yicha tanqid qilgan bo‘lsa-da, qo‘mita uni sudga bermaganini, milliardlab tovon talab qilmaganini ta’kidladi. U «obnal ishi» yuzasidan Kun.uz'ga o‘z fikrlarini bayon qilib, qo‘mitaning harakatlarini sog‘lom fikr va qonunni mazax qilish deb atagandi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov «Soliq qo‘mitasi Kusherbayevni 4,6 mlrd so‘mga baholabdi», deya fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, qonunchilikda yuridik shaxslarni haqorat qilish degan klassifikatsiya yo‘q.

«Darvoqe, haqorat borasida. Bizda hokimlar, vazirlar fuqarolarni aniq nomi va ismini aytib haqorat qiladi. Bizda MIB rahbari xodimlarining aniq nomi va ismini aytib haqorat qiladi. Lekin biror marta biror bir vazir, hokim yoki rahbarga ma’naviy zarar undirishni so‘rab biror so‘mlik da’vo qo‘zg‘atilganini eslay olmayman. Demak, Kusherbayev xafa bo‘lmasa bo‘laveradi, uni 4,6 mlrd so‘mga baholashibdi. Istalgan normal sud bu absurd da’voni chilparchin qilib tashlashiga ishonchim komil», – deb yozdi iqtisodchi.

Deputat Doniyor G‘aniyev «DSQning ushbu ishidan maqsad 26 aprel kuni sud «obnal ishi» bo‘yicha soliq qo‘mitasining harakatini noqonuniy deb topgani borasidagi xabardan jamoatchilikni chalg‘itishmi?» degan savolni o‘rtaga tashladi.

«Tadbirkorlarning DSQga qarshi da’volarini ko‘rib chiqayotgan qolgan ma’muriy sud sudyalariga Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi kabi odil va jasoratli bo‘lishlarini tilab qolaman. «Obnal ishi»da yutqazgan DSQ alamini Rasul Kusherbayevdan olmoqchi ko‘rinadi. Yoki QQS ishida yutqazgani haqidagi xabarlardan jamoatchilik e’tiborini chalg‘itish uchun DSQ shu yo‘lni o‘ylab topdimi?» – deb yozdi u.

Davletov.uz blogi muallifi ushbu holat huquqiy jamiyatda eng to‘g‘ri yo‘llardan biri bo‘lsa-da, soliq organlariga naf keltirmaydigan, ularning sha’ni va obro‘yini yanada tushiradigan holatga aylanadi, deya fikr bildirdi. U DSQ talab qilayotgan ma’naviy zarar miqdori nihoyatda kattaligiga urg‘u berib, sudda bu mablag‘ iqtisodiy asoslab berilishi lozimligini ta’kidladi.

«Rasul Kusherbayev O‘zLiDeP deputati, bu partiya hukumat rahbari nomzodini ko‘rsatgan, hukumat rahbari esa vazirlik va idoralar rahbarligiga nomzodlarni parlamentga kiritadi. DSQ raisi nomzodi deputatlar tasdig‘idan o‘tishi kerak. Lekin deputatning sudga berilishi bu zanjirda qanaqadir mantiqsizlik borligini ko‘rsatyapti. Umuman, DSQ o‘ziga ortiqcha e’tibor jalb qilayotgani qiziq», – deya post qoldirdi bloger.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z kanalida deputat Kusherbayev va qo‘mita o‘rtasidagi sud jarayonini kuzatib borishi haqida yozdi.

«Biz albatta mazkur sud jarayonini kuzatib boramiz. Bizga juda qiziq bunday jarayonlar. Bevosita sud ishiga ta’sir o‘tkazmaslik uchun o‘z xulosamni ochiq aytmoqchi emasman, ammo Rasul aka bilan bog‘landim, birgalikda sud jarayonlari haqida maslahat qilib olamiz», – deya ta’kidladi u.

Troll.uz kanali muallifi, bloger Umid G‘ofurov soliq tizimidagi korrupsiyaga e’tibor qaratdi.

«3 yil ham ishlamasdan, 4 qavatli uy qurasan hammang, 20ta mashina olasan. Qayerdan bular? Oylikdan olasanmi?» Shu gaplarni aytgan odamni ham sudga berishadimi soliqchilar?

Prezident sizlarni o‘g‘ri desa, xafa bo‘lmadingiz. Rahbarlaringiz sizlarni so‘ksa, indamadingiz. Deputat ishlaringizdagi kamchilikni aytsa, yuraklaringizga og‘ir botdimi?» – deb yozdi bloger.

Ma’lumot uchun, deputat qo‘mitaning «obnal ishi» yuzasidan xatti-harakatlari borasida fikrlarini aytgan ko‘rsatuv 2021 yil fevral oyida, ya’ni bundan 3 oy ilgari e’lon qilingan.

Toshkent shahar tumanlararo ma’muriy sudi «obnal ishi» yuzasidan soliq organining xatti-harakatini 26 aprel kuni noqonuniy deb topdi.

Mavzu
«Obnal» mojarosi
Davlat soliq qo‘mitasi naqdlashtiruvchi firmalar bilan kurash boshlab, 2021 yil fevral oyida 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yekti zimmasiga 1 trillion so‘m QQS summasini yukladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top