20:40 / 27.07.2021
29531

“Yumshoqsupurgi” jazolar bilan firibgarlikni kamaytirib bo‘lmaydi

O‘zbekistonda firibgarlik jinoyatlari yildan yilga ko‘payyapti. Bunga sabablardan biri – og‘ir jazoni chetlab o‘tishning qonuniy yo‘llari borligi. Milliardlab zararning bir tiyinini ham qoplamagan ashaddiy firibgarlar tayinlangan muddatning bor-yo‘g‘i uchdan birini o‘tab, ozodlikka chiqishi mumkin.

Mingdan ortiq kishini 21 milliard so‘mga chuv tushirgan «Human» xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbariga 10 yil.

400 nafarga yaqin shaxsni aldab ketgan “Straus House” ta'sischisiga 9 yil.

16 ming fuqaro 23 mlrd so‘mga chuv tushgan “Avto oltmish oy”ishida MChJ rahbariga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Minglab odamlarni milliardlarga chuv tushirishsa ham, sud firibgarga 10 yildan oshiq berolmaydi.

Shubhasiz, firibgarlik jamiyat sillasini quritishda korrupsiyadan sira ortda qolishmayapti. Uning zararlari haqida ortiqcha to‘xtalmoqchi emasmiz. Biz bugun jamiyatimizda firibgarlarning qay darajada jazolanayotganini ko‘rib chiqishni maqsad qildik.

Jinoyat kodeksining 168-moddasiga ko‘ra, shaxs har qancha katta summada firibgarlik qilsa ham, unga ozodlikdan mahrum qilish jazosini 10 yildan ortiq muddatga berish mumkin emas. Lekin amaliyot ko‘rsatib turibdiki, mana shu 10 yil ham juda kam hollarda tayinlanadi.

Bu hali hammasi emas.

Jinoyat kodeksining 73-moddasida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish degan narsa ham borki, bu shundoq ham yengilroq jazo olgan shaxslarni ma'lum muddat o‘tib jazodan birato‘la ozod qilib yuboradi.

Ya'ni, agar firibgar 8 yillik jazo olgan bo‘lsa, u 4 yildan keyin jazodan ozod etilishi mumkin.

Yoki kimnidir 50 mln so‘mga “tushirib” ketgan firibgarga 3 yil berilsa, u 73-moddadan foydalanib, oradan 1 yil o‘tib ochiqqa chiqishi mumkin.

Shuningdek, kodeksning 74-moddasida jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish degan qoida ham bor. Masalan, firibgarlik uchun 8 yil olgan shaxs jazoning uchdan birini, ya'ni 2 yil-u 8 oyini o‘tab bo‘lganidan so‘ng, yengilroq jazo bilan ochiqqa chiqishi mumkin bo‘ladi.

Tasavvur qilyapsizmi? Milliardlarni o‘zlashtirgan firibgar bu pullardan bir so‘mini qaytarib bermasa-da, 2 yil-u 8 oydan so‘ng ozodlikka chiqib, o‘zlashtirgan pullarini maza qilib yeb yuradi.

Yuqoridagi kabi jazodan oson qutulib ketish hollari amaliyotda to‘lib yotibdi.

Bunday holatlar firibgarlikni niyat qilgan shaxsga qo‘shimcha kuch va umid bag‘ishlaydi.

Fuqarolarni har qancha katta summaga “uxlatsa” ham, sud unga har qancha jazo tayinlasa ham, yuqoridagi yengilliklardan foydalanib, jazosidan qisqa muddatlarda qutulish va hayotining qolgan qismini katta pullar bilan rohat-farog‘atda o‘tkazish orzusi firibgarlik qilishga motivatsiya vazifasini bajaryapti xolos.

Qaytaramiz: Jinoyat kodeksidagi yengilliklar firibgarlik qilishga motivatsiya vazifasini bajaryapti xolos.

Balki, shu sababdan mamlakatimizda firibgarlik jinoyatlari oshib borayotgandir?

Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yilda sudlar tomonidan 5 466 nafar shaxsga nisbatan firibgarlikka oid 4 328ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida 3 129 nafar shaxsga nisbatan 2 498ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

Ko‘rinib turibdiki, raqamlar oz emas. Buning ustiga 2021 yil birinchi choragining o‘zida jinoyatlar soni o‘tgan yil ko‘rsatkichining yarmidan ko‘proq.

Zararni qoplamagan firibgarlarga yengillik berilmasin!

Firibgarlik jinoyatlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borgan Razzoq Altiyev mavzu bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Razzoq Altiyev

“So‘nggi yillarda firibgarlik jinoyatlari sonining oshib borishi jamiyat uchun xavfli. Statistik ma'lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, 2004 yilda jami jinoyatlarning 1,6 foizi firibgarlik ulushiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, so‘nggi 5 yillik statistik tahlillarda jami jinoyatlarning 10–15 foizi firibgarlikka to‘g‘ri kelmoqda.

So‘nggi yillardagi bunday o‘sish dinamikasi firibgarlikka qarshi kurashishning zamonaviy usullarini taqozo qiladi. Jinoyat qonunchiligimizda sudlanuvchilar, mahkumlarning ahvolini yengillashtirishga qaratilgan, insonparvarlik prinsipini aks ettiruvchi ayrim institutlarimiz firibgarlar uchun qo‘l kelmoqda.

Tasavvur qiling, bugungi normal o‘rtacha ish haqi 1 yil hisobida 100 mln so‘mni tashkil qiladigan bo‘lsa, bu 100 mlndan shaxs o‘zining turli ehtiyojlariga ishlatishini hisobga olsak, shaxsning bir yillik daromadi 20 mln bo‘lishi mumkin. Firibgarlar esa jazoning yengilligi va ularga nisbatan qonundagi rag‘batlantiruvchi normalarning tatbiq qilinishini hisoblab ko‘rgan holda ongli ravishda 500 mln, 1 mlrd va undan ham ko‘p summalarda ushbu jinoyatga qo‘l urayotganlik holatlariga guvoh bo‘lyapmiz.

Firibgarlikni kasb qilib olish va ongli ravishda firibgarlik orqali moddiy boylik orttirishni maqsad qilib, jinoyatga qasddan qo‘l urish va bu jinoyatni takror sodir qilish holatlari ko‘p uchramoqda.

Tadqiqotlarimiz doirasida xorijiy davlatlar jinoyat qonunchiligini o‘rgandik. Masalan, Turkiyada agar zarar to‘liq qoplansa, tayinlanishi mumkin bo‘lgan jazo 1/3 yoki 2/3 qismiga qisqartirilishi mumkin.

Yoki qo‘shni Qirg‘izistonda “3 karra ayb” prinsipi, ya'ni yetkazilgan zarar 3 karra undirib olinishi va 2 karrasi jabrlanuvchiga to‘lab berilishi qoidasi bor. Shuningdek, MDH davlatlarining birortasida bizdagi kabi yetkazilgan zarar qoplab berilmasa ham firibgarga nisbatan rag‘batlantiruvchi normalar qo‘llanishiga guvoh bo‘lmadik.

Nazarimizda, firibgarlik jinoyatlariga chek qo‘yish va oldini olish, shuningdek jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini to‘la ta'minlash uchun firibgarlik jinoyatini qilgan va yetkazilgan zararni qoplamagan shaxslarga nisbatan rag‘batlantiruvchi normalarni qo‘llashga cheklov o‘rnatish maqsadga muvofiq bo‘ladi” – deydi Razzoq Altiyev.

Yaqinda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishga doir prezident farmoni va qarori qabul qilindi.

Bu hujjatlarda korrupsiyaviy jinoyat sodir etganlarning ro‘yxatini e'lon qilib borish, ularga davlat ishida ishlashni taqiqlash, jazolarni kuchaytirish va jazoni o‘tashdagi yengilliklarni qo‘llamaslik kabi muhim masalalar ko‘zda tutildi.

Nega endi shunday qat'iy choralarni firibgarlarga ham qo‘llamaslik kerak? Zero, so‘nggi yillardagi firibgarlik jinoyatlari soni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlari sonidan karrasiga yuqori.

Xususan, 2020 yilda sudlarda o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan bog‘liq 1 099ta, firibgarlikka oid 4 328ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. O‘zaro farq salkam 4 barobarni tashkil etmoqda.

Qolaversa, Razzoq Altiyev g‘arb davlatlarida firibgarlik ham korrupsion jinoyatlar qatoriga kirishini ta'kidlamoqda. Biroq bizda hali firibgarlikka korrupsiya sifatida qarash odati shakllanmagan. Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida ham firibgarlik korrupsiyaviy jinoyatlar qatoriga kiritilmagan.

Jamiyatda biror jinoyat turi keng tarqalib ketgan taqdirda, ushbu jinoyat uchun jazolarni kuchaytirish orqali holatni bartaraf etish amaliyoti azaldan bor. Masalan, 2014-2016 yillarda transport vositasini olib qochish jinoyatlari 65 foizga oshgani ortidan ushbu jinoyat uchun jazolar kuchaytirilgandi.

Shunday ekan, firibgarlik jinoyatining ko‘payib ketishini jilovlash uchun jazolarni og‘irlashtirish va ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarga turli cheklovlarni belgilash maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Fuqarolarning hushyorligini, huquqiy ongini oshirish yoki turli monopoliyalarga barham berish orqali ham qanchadir miqdorda ushbu jinoyatni kamaytirsa bo‘lar, lekin bu – masalaning boshqa tomoni.

Aslida, firibgarlik uchun jazolarni og‘irlashtirishdan ham ta'sirliroq chora – bu jazoni o‘tashdagi yengilliklarni firibgarlarga nisbatan qo‘llashni to‘xtatishdir. Shundagina jinoyatni sodir etish niyatidagi shaxs jazo muddatining qisqarmasligini bilib, bu niyatidan qaytish ehtimoli ortadi.

Muallif – Abbos Salaydinov
Suxandon – Rahmatillo Isroilov
Tasvirchi va montaj ustasi – Mahmud Soliyev

Mavzuga doir:

Mavzuga oid
Top