21:18 / 07.03.2022
3143
2021 yilda qariyb 40 ming nafar ayolga himoya orderi berilgan – Senat

2020 yilda salkam 15 ming ayol himoya orderi olgandi. Bir yil ichida bunday orderlarga zarurat 1,5 barobardan ko‘proqqa o‘sgan.

2021 yili tazyiqqa uchragan 39 343 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan. Bu ma’lumot Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 7 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ochiqlandi.

Majlisda oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi, bunday masalalar mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilayotgani tanqid qilindi.

Ta’kidlanishicha, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmagani oqibatida o‘tgan yili 14 935 ta huquqbuzarlik sodir etilgan. Ularning qariyb 60 foizi, ya’ni 8 589 tasi Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 2021 yilda 9 759 nafar xotin-qiz tomonidan 9 053 ta jinoyat sodir etilgan.

Majlisda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolayotgani, ushbu turdagi jinoyatlarning 65,2 foizi atigi 4 ta hudud – Farg‘ona, Toshkent, Namangan va Buxoro viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilindi.

Avvalroq, IIV mulozimi Kun.uz’ga bergan intervyusida 2020 yilda oilalarda o‘tkazilgan suhbatlar orqali zo‘ravonlikdan jabrlangan va tazyiqqa uchragan 14 774 nafar xotin-qizga himoya orderi rasmiylashtirilib, ularning huquqlari IIV tomonidan himoyaga olinganini aytgandi. 2021 yilda berilgan himoya orderlari soni 2020 yildagidan 1,5 barobardan ham ko‘proqqa o‘sgan.

Avvalroq, IIV 2021 yilning dastlabki 6 oyida ayollarga zo‘ravonlik holatlari keskin oshgani, natijada respublika bo‘yicha 20 ming 387 ta himoya orderi rasmiylashtirilgani, bu 2020 yilning shu davri bilan solishtirilganda qariyb 6 barobarga ko‘p ekanini ochiqlagandi. Ma’lumot uchun: 2020 yilning dastlabki 7 oyida respublika bo‘yicha 3 592 nafar xotin-qizga himoya orderlari rasmiylashtirib berilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish holatlarining har oltinchisi oilaviy kelishmovchiliklar bois sodir etiladi. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining 73 foizi oilada yuz beradi. Mutaxassislar haqiqiy raqamlar rasmiy ma’lumotlardagidan ham ko‘p bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashadi.

Qonunga ko‘ra, himoya orderi zo‘ravonlikka uchragan shaxslarni quyidagicha himoyalaydi:

  • tazyiq o‘tkazishni va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlaydi;
  • taraflar o‘rtasida aloqani taqiqlaydi (ish va ta’lim muassasalarida bilvosita aloqaga yo‘l qo‘yiladi);
  • taraflarning bir xonada birga bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • zo‘ravon shaxs zimmasiga majburiyatlar yuklaydi (jabrlanuvchini davolash, moddiy va ma’naviy zararni qoplash kabi);
  • zo‘ravon shaxsning qurol saqlash va olib yurish huquqi cheklanadi (xizmat qurolidan tashqari).

Himoya orderi qay tartibda beriladi:

  • Jabr ko‘rgan ayol yoki bu haqda xabardor bo‘lgan uchinchi shaxs (qo‘shni, qarindosh va boshqalar) yashash hududidagi huquq-tartibot organlariga ariza bilan murojaat qiladi.
  • Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha profilaktika inspektorlari jabrdiydaning yashash sharoitini o‘rganib chiqadi. Mahalla faollari, hududdagi xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul vakillari ishtirokida vaziyat o‘rganib chiqiladi, qo‘shnilarning fikri ham olinadi. Har bir instansiya xulosasi jamlanib, 24 soat muddatda order berish masalasi hal qilinadi. 30 kunlik muddat uchun beriladigan hujjat uch nusxada bo‘ladi, ya’ni arizachi, zo‘ravonlik sodir qilgan shaxs va profilaktika inspektorida saqlanadi.
  • Hujjat yuridik kuchga ega bo‘lib, shu 30 kun muddat ichida zo‘ravonlik qilgan shaxs tomonidan jabrlanuvchiga nisbatan yana shunday holat takrorlansa, unga nisbatan jinoyat ishi ochiladi. Xavf-xatar hali ham mavjudligi aniqlansa, himoya orderining muddati yana uzaytirilishi mumkin.
Top