Jamiyat | 22:40 / 25.11.2022
32473
4 daqiqa o‘qiladi

“Yarashtirilganidan ertasiga er xotinini bo‘g‘ib o‘ldirgan” - Sayyora Xo‘jayeva raqamlar ortidan quvmaslikka chaqirdi

Oilada zo‘ravonlikka uchragan o‘zbek ayollari “uyat bo‘ladi” deb buni sir tutadi, to o‘ldirib qo‘ymaguncha... Mas’ullar esa statistikani yaxshilayman deb er-xotinni yarashtirishga urinadi, deydi Sayyora Xo‘jayeva. Uning aytishicha, O‘zbekistonda zo‘ravonlik bo‘yicha ishlarning atigi 7 foizi sudgacha yetib boradi.

25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonliklarga barham berish kuni. Shu munosabat bilan Toshkentda xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh, Bolgariya, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan xalqaro ekspertlar va mehmonlar ishtirok etdi.

E’tiborlisi, bu masalaga mas’ul bo‘lgan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Senatning Gender tenglik masalalari qo‘mitasidan biror vakil kelmadi. Konferensiya moderatori, xalqaro ekspert Lola Saidova Kun.uz bilan suhbatda bu juda hayratlanarli hol ekanini aytdi.

“Bu konferensiyaga juda ko‘pchilikni taklif qilgan edik – Gender komissiyasi a’zolari, Senat a’zolari, deputatlar, Xotin-qizlar qo‘mitasidan mutasaddilar kelishi kerak edi. Xotin-qizlar qo‘mitasidan birorta mas’ul xodim kelgani yo‘q hatto. Bu juda hayratlanarli hol.

Konferensiyada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha muammolarimiz, og‘riqli nuqtalarimiz ko‘pligi haqida gapirdik. Har kuni ayollar jabr ko‘rayotgani sir emas”, – deydi Saidova.

Lola Saidova

Shu o‘rinda, so‘nggi bir oyning ichida O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining ayrim misollarini sanab o‘tamiz:

  • Sirdaryoda erkak xotinini g‘isht bilan urib o‘ldirdi.
  • Buxorolik 22 yoshli yigit xotini va 5 yoshli o‘g‘lini o‘ldirib, yoqib yubordi
  • Jizzaxda ayol mast eri tomonidan urib o‘ldirildi.
  • Farg‘onada 38 yoshli ayolga eri bolta bilan og‘ir tan jarohati yetkazdi.
  • Yana Farg‘onada yaqinda ko‘zi yorigan kelinning jasadi suvdan topildi.
  • Toshkentda Qashqadaryodan kelgan ayol eri va qaynotasi tomonidan zo‘rlik bilan avtomobilga bosib olib ketildi.

O‘zbekiston Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayevaning aytishicha, ushbu holatlarda kamdan kam ishlar sudgacha yetib bormoqda.

Sayyora Xo‘jayeva

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tadqiqotlariga ko‘ra, ayollarga nisbatan qotilliklarning 38 foizi ularning partnyorlari tomonidan sodir etiladi. O‘zbekistonda esa zo‘ravonlik bo‘yicha ishlarning atigi 7 foizi sudgacha yetib borar ekan. Bu judayam kam, chunki aholimizning mentaliteti shunaqa, “uyat bo‘ladi”... To o‘ldirmaguncha yo‘q-da, albatta o‘ldirib, keyin qutuladi.

Har qanday zo‘ravonlikka uchragan ayolning birinchi bo‘lib murojaat qila oladigan joyi bo‘lishi kerak. Xotin-qizlar qo‘mitasi ishlayotganini aytyapti, lekin to‘g‘risi raqamlar bizni xursand qilmaydi.

Institutimizda mahalla faollari bilan ishlashga urg‘u qaratmoqchimiz. Chunki tadqiqotlar ko‘rsatyaptiki, ayollar himoyaga muhtoj bo‘lganda birinchi bo‘lib melisaga emas, mahallaga chiqar ekan. Mahalla esa statistikani yaxshi qilaman deb, yarashtiraman deb, xato ham qiladi. Faktlarni bilaman; yarashtirilgandan keyin ertasiga er xotinini bo‘g‘ib o‘ldirgan, ikkita bola yetim qolgan.

Yarashtirishda ham o‘ylab ish qilish kerak. Agar bu oilada sog‘lom muhit bo‘lmasa, erkak zo‘ravon bo‘lsa, buni ko‘rib o‘sayotgan bolalarga salbiy ta’sir qilsa, yana bitta zo‘ravon tarbiyalansa – bu oilani saqlab qolishdan foyda yo‘q”, – dedi Sayyora Xo‘jayeva.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonliklarga chek qo‘yish, ularning haq-huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar soni talaygina.

Mavzuga oid