14:11 / 06.04.2023
19205

Oliy sud pedofil-amaldorlar ishini qayta ko‘rishga yubordi

Xorazm viloyatida ikki mansabdor mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelib, buning uchun juda yengil jazo olgani holati apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqiladi. Oliy sud prokuraturaning bu boradagi protestini qanoatlantirdi. Qo‘shmachi mudiraga berilgan 5,5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘zgarishsiz qoladi.

Xorazm viloyati adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Quryazov boshqatdan sud qilinadi.

Ular Urganch shahridagi oilaviy mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelgan. Xiva tuman sudi mehribonlik uyi mudirasiga 5,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini bergan, ikki davlat amaldoriga esa 1,5 yilga ozodlikni cheklash (tungi vaqtda uyida bo‘lish) jazosi bilan kifoyalangan edi.

Sudlanuvchilarning uchalasi ham Xorazm viloyati sudiga apellsiya bergan, 2022 yil 27 dekabrda apellyatsiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Voqea oshkor bo‘lib, yengil jazo rezonansga sabab bo‘lgach, Oliy sud 1 aprel holatiga ish bo‘yicha hech qanaqa shikoyat kelib tushmaganini ma’lum qilgan, Bosh prokuratura esa ikki sobiq amaldorga berilgan jazoni yengil deb hisoblab, 29 martda protest kiritilganini bildirgandi. 3 aprel, dushanba kuni Oliy sud protestni qabul qilib olganini ma’lum qildi.

Bugun, 6 aprel kuni Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 27 dekabrdagi ajrimning Masharipov va Quryazovga oid qismini bekor qilib, ishni yangitdan apellyatsiya instansiyasida ko‘rishga yuborish to‘g‘risidagi Xorazm viloyat prokuraturasining kassatsiya tartibidagi protestini yopiq sud majlisida ko‘rib chiqib, qanoatlantirdi.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda Xorazmda voyaga yetmagan qizni 11 erkak zo‘rlagani haqida ham xabarlar bor. Pedofillar “IIBga aloqador odamlar” ekani aytilmoqda. Avgust oyida ro‘y bergan holat internetda endi yoyilishi ortidan, voqeaga bolalar ombudsmeni e’tibor qaratdi va 3 kishi hibsga olindi.

Shuningdek, Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida 52 yoshli shaxs mehribonlik uyidan asrab olingan 13 yoshli qizni zo‘rlab, homilador qilib qo‘yganlikda ayblanyapti. Bu boradagi sud 7 aprel kuni boshlanadi.

Mavzuga oid
Top