Jamiyat | 15:00 / 04.03.2020
7129
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimi yadro fizikasi institutida olimlar bilan uchrashdi

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari, olimlari, tadqiqotchi yoshlar bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot, suhbat, o‘zaro fikr almashish ruhida o‘tgan mazkur uchrashuvda viloyatimizda tashkil etilib, bugungi kunda faol ish olib borayotgan meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan agroklasterlar rahbarlari, tuman hokimlari ham qatnashdi.

Fanlar akademiyasi tasarrufidagi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti laboratoriya mudiri Baxtiyor Rasulov bir necha yillardan buyon qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga mo‘ljallangan loyiha ustida ish olib bormoqda. U yaratgan ishlanma ayni paytda qishloq xo‘jaligida faol qo‘llanilmoqda. Muloqot davomida Baxtiyor Rasulov Toshkent viloyati hokimiga o‘zi ixtiro qilgan qishloq xo‘jaligi uchun ishlanmalarini Toshkent viloyatida joriy etish taklifini bildirdi.

Baxtiyor Rasulov, O‘zR FA tadqiqotchisi:

– Qishloq xo‘jaligi kasalliklariga qarshi qo‘llanilayotgan agroximikatlar me'yorlariga amal qilmaslikda, patogen mikroorganizmlar tabiatini to‘liq o‘rganmay turib, ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish xato. Ya'ni o‘simlikning tabiatini bilmasdan turib, turli kimyoviy vositalarni qo‘llayverish o‘simliklarda stress holatlarini keltirib chiqaradi. Bu esa, o‘z navbatida, hosildorlikka salbiy ta'sir ko‘rsatadi, natijada kutilgan hosil olinmaydi.

Yosh olim, shuningdek, o‘zi mehnat qilayotgan institutda bu yo‘nalishda qator loyihalar amalga oshirilganini, xususan, fitopatogen mikroorganizmlarni aniqlash, ularning tarqalish hududini o‘rganish, ularga qarshi tabiiy kushandalar orqali kurashish biotexnologiyalari mavjudligini, amaliyotga joriy etish mumkinligini bildirdi.

Yadro fizikasi instituti yetakchi olimi Ahror Qoraxo‘jayev Toshkent viloyatidan ichki hududlarga, poytaxtga yetkazib berilayotgan ichimlik suvini kimyo sohasidagi eng so‘nggi ilmiy ishlanmalardan foydalangan holda, muntazam ravishda tozalab borish yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi. Olimning aytishicha, ayni paytda Chirchiq daryosining yuqori o‘zanidan poytaxt viloyati va poytaxtga yetkazib berilayotgan toza ichimlik suvining sifati jiddiy nazoratga, fanning aralashuviga muhtoj.

Tadbirda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan Toshkent viloyati hokimi munosabat bildirar ekan, olimlar tomonidan kun tartibiga qo‘yilgan barcha masalalarni chuqur o‘rganib, amaliyotga joriy etish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilishini bildirdi.

– Qishloq xo‘jaligi sohasi bugun olimlarning maslahati va yangi ishlanmalariga nihoyatda muhtoj, – dedi Rustam Xolmatov. – Muhtaram Prezidentimiz oldimizga har bir ishni olimlar bilan kengashib, chuqur tahlil qilib, so‘ngra amalga oshirish vazifasini qo‘yganlar. Viloyatimizda tashkil etilgan meva-sabzavotchilik klasterlari jahon bozori uchun raqobatbardosh, ekologik talablarga javob beradigan mahsulot yetishtirishi – ayni paytda har qachongidan ham dolzarb ahamiyatga egadir. Bugungi uchrashuvdan pirovard maqsad ham mana shu. Shuningdek, bugungi muloqot davomida bildirilgan barcha taklif va mulohazalar yaqin kelajakda viloyatimiz misolida o‘z samarasini berishi uchun harakat qilamiz.

Anjumanda Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Behzod Yo‘ldoshev keyingi yillarda mamlakatimizda ilmiy jamoatchilik va ijro hokimiyati o‘rtasida faol muloqotlar, amaliy uchrashuvlar tashkil etib borilayotgani fan-texnika sohasida erishilgan yutuqlarni hayotga tatbiq etishda muhim o‘rin tutishini ta'kidladi.

Tadbir davomida O‘zR FA olimlari tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, akademiyaning Yadro fizikasi instituti tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida, radiopreparatlar, tibbiyotda qo‘llaniladigan mahsulotlarga radiatsiyaviy ishlov berish markaziga ekskursiya uyushtirildi.

Ekskursiya davomida FA Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqov Markaz faoliyati haqida gapirar ekan, ushbu Markaz respublikamizning sterillangan tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qamrab olishini ta'kidladi.

Ma'lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 dekabrdagi PQ-4549-sonli «Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda viloyat hokimining 2019 yil 20 dekabrdagi 852-sonli qaroriga ko‘ra, Qibray, Toshkent, Zangiota, Yangiyo‘l, Bo‘stonliq, Yuqori Chirchiq, Parkent va Ohangaron tumanlarida 24 ta klaster tashkil etildi. Ularga 2020 yil hosili uchun 15 ming 630 gektar yer maydonlari ajratilgan.

Biriktirilgan fermer xo‘jaliklarini jami 15 ming 630 gektar yer maydoni shundan, 4 ming 255 gektar bog‘, 733 tok, 3 ming 337 gektar sabzavot, 350 gektar poliz, 232 gektar kartoshka, 288 gektar dukkakli va 134 gektar boshqa turdagi ekin maydonlari biriktirib berildi.

Shuningdek, biriktirilgan mavjud bog‘ va tokzorlarni bosqichma-bosqich yangilab borish dasturi ishlab chiqilib, shundan 2020 yilda 1 ming 932 gektar, 2021 yilda 884 gektar, 2022 yilda 1 ming 81 gektar zamonaviy intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish rejalashtirildi.

Meva-sabzavotchilik klasterlar tomonidan 2020 yilda 255 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Prognozlarga ko‘ra, Toshkent viloyati 2020 yilda 50 million AQSh dollaridan ziyodroq miqdordagi mahsulotni xorijga eksport qilishi kutilyapti.

Shuningdek, ichki bozorga 85 ming tonna, qayta ishlashga 78 ming tonna, zaxiraga 48 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari yo‘naltiriladi.

Mavjud 24 ta meva-sabzavotchilik klasterlari tomonidan mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash bo‘yicha 2020 yilda 12 ta loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarga jami 201 milliard 100 million so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Mavzuga oid