Ukraina hukumati F-16 qiruvchi samolyoti uchuvchisi, 26 yoshli kapitan Pavel Ivanov jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida halok bo‘lganini ma’lum qildi. Prezident Volodimir Zelenskiy unga vafotidan keyin Ukraina Qahramoni unvonini berdi.

BBC Ukraina xizmati manbalariga ko‘ra, Ivanovning samolyoti katta ehtimol bilan Rossiya raketasi tomonidan urib tushirilgan.

«Rossiyaliklar samolyotga jami uchta raketa uchirdi. Bu yoki C-400 yerusti si tarkibidagi boshqariladigan zenit raketasi, yoki R-37 „havo-havo“ sinfidagi raketa edi», – degan manba. Uning fikricha, «do‘stona o‘t ochish» haqida gap ketmayapti – Ivanov vazifalarni bajargan hududda Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlamagan.

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Ivanov 12 aprel, shanba kuni halok bo‘lgan. Hodisa joyi va tafsilotlari rasman ma’lum qilinmagan.

«U vatanini bosqinchilardan himoya qilish uchun jangda halok bo‘ldi... Bugungi kunda F-16 uchuvchilari deyarli har kuni favqulodda murakkab sharoitlarda turli yo‘nalishlarda jangovar vazifalarni bajarmoqda, aviatsiya zarbdor guruhlarining himoyasini ta’minlamoqda va dushman obektlariga zarba bermoqda», – deyiladi Ukraina qurolli kuchlari xabarida.

«Ukrainalik uchuvchilar insoniy va texnik imkoniyatlarning maksimal darajasida ishlaydi, har safar jangovar vazifalarni bajarishda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Pavel ulardan biri edi!» – deyiladi Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari bayonotida.

Prezident Volodimir Zelenskiy uchuvchining oilasiga hamdardlik bildirdi va harbiylarning ushbu jangovar vaziyat haqidagi hisobotlarini allaqachon eshitganini ta’kidladi. Voqea tafsilotlariga hali oydinlik kiritilmagan.

26 yoshli Pavel Ivanov Ukrainaning F-16 da uchishni o‘zlashtirgan ilk uchuvchilaridan biri bo‘lgan. Uning suratlarini fotograf Konstantin Liberov e’lon qildi. Uning yozishicha, F-16 qiruvchi samolyotida parvoz qilishidan xabar topganida, Ivanov «baxtdan yig‘lab yuborgandi».

Rossiya mudofaa vazirligi yakshanba kuni Ukrainaning F-16 samolyoti yo‘q qilingani haqida xabar bergan, lekin samolyot qachon urib tushirilganiga aniqlik kiritmagan.

«Havo hujumidan mudofaa vositalari bilan Ukraina havo kuchlarining F-16 samolyoti, sakkizta JDAM aviabombasi va AQShda ishlab chiqarilgan HIMARS baravar o‘t ochish tizimining yettita reaktiv snaryadi, shuningdek, samolyot tipidagi 207 ta uchuvchisiz uchish apparati urib tushirildi», - deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi xabarida.