Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vashingtonda noyob sammit va dorixonalarda arzonchilik va’dasi - hafta dayjesti
Markaziy Osiyo prezidentlari ilk marta Oq uyda to‘plandi: Trampni mintaqamizga qiziqtirayotgan asosiy narsa nima? Ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha yangi tizim: ishchi-xodimlar uchun bu nima beradi? Farmatsevtika rahbaridan katta va’da: dori-darmonlar 2 oy ichida 2 barobarga arzonlashishi aytilyapti. Go‘sht narxini jilovlash choralari: aholiga uydagi molini o‘tlatishi uchun yaylovlar qilib beriladi.
Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim yangiliklari – Kun.uz dayjestida.
O‘zgacha S5+1 sammiti: bunaqasi avval bo‘lmagan
Markaziy Osiyo prezidentlari 6 noyabr kuni tarixda ilk marta Oq uyda jam bo‘lishdi. AQSh prezidenti Donald Tramp MO–AQSh davlat rahbarlarining ikkinchi sammitiga mezbonlik qildi. Davlat rahbarlari avvaliga Oval kabinetda ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi, shundan keyin kechki taomga bir stol atrofiga to‘plandi.
Yodingizda bo‘lsa, bunday formatdagi birinchi sammit ikki yil oldin Nyu Yorkda, BMT sessiyasi kunlari bo‘lib o‘tgandi. O‘shandan beri, o‘rtadagi muloqot mazmuni ancha o‘zgargan: Tramp boshqaruvidagi AQSh inson huquqlari va demokratiya haqida gapirmay qo‘ygan, Amerikaning tashqi dunyodagi ko‘plab siyosiy-gumanitar dasturlari yopilgan, pragmatik iqtisodiy manfaatlar va tabiiy resurslar masalasi kun tartibidagi bosh mavzuga aylangan.
Oq uydagi kechki yig‘inning dastlabki 40 daqiqasi jurnalistlar ishtirokida kechdi. Unda mezbon Tramp mintaqamizning ahamiyatini yuqori baholab, u yerdan kelgan liderlar “katta hurmatga sazovor” odamlar ekani, ular bilan “o‘yin qilib bo‘lmasligi”ni aytdi.
“Afsuski, AQShning avvalgi prezidentlari bu mintaqani mutlaqo e’tiborga olishmagan. Vaholanki, Markaziy Osiyo – nafaqat strategik muhim, balki judayam boy hudud. Biz bu xatoni to‘g‘rilaymiz. Men Amerikaning bu mamlakatlar bilan hamkorligini har doimgidan-da mustahkam qilmoqchiman”, – dedi Oq uy rahbari.
Tramp Markaziy Osiyoni “juda boy” deb ta’riflaganda, mintaqaning yerosti boyliklarini nazarda tutyapti. Xabaringiz bor, hozir Xitoyga qarshi savdo urushi olib borayotgan AQShning eng zaif tomonlaridan biri – noyob metallar bilan bog‘liq. Bugun dunyo bozoriga qayta ishlangan nodir ma’danlarning salkam 90 foizini Xitoy yetkazib beradi. Bu monopol mavqe savdo urushi vaqtida Pekinning asosiy quroliga aylangan: nodir ma’danlar eksportini cheklash haqidagi tahdidlar G‘arbning ko‘plab sanoat tarmoqlari, hatto qurol-yarog‘ ishlab chiqaradigan kompaniyalarni ham xavotirga tushirib qo‘ygan. Vashington bu borada Pekinga qaramlikdan qutulish uchun ko‘z tikayotgan mintaqalardan biri esa – Markaziy Osiyo.

Sammit doirasida imzolangan ikkita bitimga asosan, O‘zbekiston va AQSh volfram, molibden, grafit, uran va mis qazib olish hamda chuqur qayta ishlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradigan bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston AQSh uchun bu mahsulotlarning ishonchli ta’minotchisi bo‘lishga tayyor. Rasmiy Toshkent muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni tizimli va institutsional darajaga olib chiqish uchun maxsus qo‘mita tuzishni ham taklif qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, C5+1 formatidagi muloqotning doimiy asosda ishlovchi kotibiyatini tashkil etish va prezidentlarning keyingi sammitini 2026 yilda Samarqandda o‘tkazishga chaqirdi. “O‘zbekistonda sizni tinchlik prezidenti deyishadi. Siz ko‘p narsa qildingiz, 8 ta urushni to‘xtata oldingiz. Aminmanki, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni ham faqat siz to‘xtata olasiz”, – dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi yangi bitimlar qishloq xo‘jaligi, sun’iy intellekt va aviatsiya sohalarini ham qamrab oladi. Jumladan, Uzbekistan Airways kompaniyasi Boeing Dreamliner samolyotlariga bergan buyurtmasini 14 tadan 22 tagacha oshirdi. John Deere kompaniyasidan 300 mln dollarlik qishloq xo‘jaligi texnikalari, xususan 150 mln dollarlik paxta terish mashinalari sotib olishga kelishildi. Nasos stansiyalarini yangilash va suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, AQShdan soya dukkaklari, shrot va paxta import qilish bo‘yicha ham shartnomalar tuzildi. Sertifikatga ega amerika paxtasidan foydalanish o‘zbek to‘qimachilik sanoatining jahon bozoridagi nufuzini oshiradigan strategik qadam ekani aytilmoqda.
Bundan tashqari, shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun qayta ko‘rib chiqilib, O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay'ni ishga tushirishga sharoit yaratilishi kutilyapti. Sammit arafasida 1 yanvardan e’tiboran AQSh fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etishga qaror qilingani ham dunyoga ochilish va o‘zaro bordi-keldini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Xususiy sektordagi ayollarga nafaqalarni to‘liq davlat to‘lay boshlaydi
O‘zbekistonda kelasi yildan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi amal qila boshlaydi. Prezident farmoniga ko‘ra, 1 yanvardan e’tiboran homiladorlik va tug‘ish nafaqalari, 1 iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi proaktiv shaklda to‘lanadi. Ya’ni bu nafaqalarni olish huquqi yuzaga kelgan shaxslarga davlat avtomatik tarzda nafaqa tayinlaydi va to‘lab beradi.
Asosiysi, sanab o‘tilgan nafaqalarni xususiy sektorda ishlayotgan xodimlarga davlat tomonidan to‘lash qayta yo‘lga qo‘yiladi. Nafaqa miqdori xodimning ish staji va to‘lagan soliqlariga bog‘liq bo‘ladi, bu esa xodimlarda rasmiy tarzda ishlashga rag‘batni oshirishi kutilyapti. Chunki agar xodim norasmiy ishlasa yoki oyligining bir qismini “konvertda” olsa, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari yoki xalq tilida “bolnichniy” deyiladigan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini davlatdan yoki umuman ololmaydi, yoki kamroq miqdorda oladi.
Shu bilan birga, rasmiy tarzda ishlamaydigan yoki daromad solig‘idan ozod etilgan toifalar ham ushbu nafaqalarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun ular har oy eng kam ish haqining 5 foizini ijtimoiy sug‘urta badali sifatida to‘lab borishlari kerak bo‘ladi. 5 foizlik miqdor hozirda 64 ming so‘mga teng.
Keyinchalik, mehnat huquqidagi yana bir nafaqa yangi tizimga qo‘shilishi belgilangan: 2030 yil 1 yanvardan boshlab, fuqarolar murojaati asosida ishdan bo‘shatish nafaqasi ham ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi. Jamg‘armaning to‘lov mexanizmlari shaffof bo‘lishi: sug‘urta staji va badallari asosidagi hisob-kitoblar ochiq tarzda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Dori-darmon narxlarini tushirish reja qilinmoqda
Dushanba kuni prezident huzurida taqdimot qilgan Farmatsevtika agentligi katta va’da bilan chiqdi. Agentlik direktori Abdulla Azizovning aytishicha, yil oxirigacha dorilarning referent narxlarini hisoblash tartibi o‘zgaradi. Yangi tartib 2,5 mingdan ortiq dorini ikki barobarga arzonlashtirishi aytilyapti.
“Retseptli dori vositalarining narxini chuqur o‘rganganimizda, shuni bildikki, 65 foiz import qilinayotgan dori vositalari qo‘shni davlatlarda mavjud emas va ularning narxida sun’iy o‘sishlar kuzatilyapti. 2025 yil oxirigacha barcha referent narxlar qayta ko‘rib chiqiladi, bunda 2500 dan ortiq preparatlarda o‘rtacha narx 40-60 foizga tushishi kutiladi”, – dedi Azizov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda retsept asosida sotiladigan dori vositalarining eng yuqori narxlari cheklab qo‘yilgan. Qonunchilikka ko‘ra, ulgurji sotuvchilar o‘rtadagi vositachilar sonidan qat’i nazar dori ustiga 15 foizgacha ustama qo‘yishi mumkin, chakana sotuvchilar esa 20 foizgacha. Misol uchun, O‘zbekistonga kirib kelishi 100 ming so‘m bo‘lgan dori vositasining dorixonadagi maksimal narxi 138 ming so‘mdan oshishi mumkin emas. Bu cheklov retsepsiz beriladigan dorilar uchun amal qilmaydi. Retseptli dorilarning cheklangan narxlari har hafta ikki marta yangilanib, e’lon qilib boriladi. Shunga qaramay, ko‘plab holatlarda bu narxlarga rioya qilinmaydi.
Go‘sht importida monopoliyaga yo‘l qo‘yilmaydi
Narxi aholini eng ko‘p bezovta qilayotgan yana bir mahsulot – go‘sht. 1 noyabr kuni qabul qilingan prezident qarori bilan, go‘sht, sut va yog‘ narxlarini barqarorlashtirish choralari belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab yirik shoxli qoramol importida QQSni 6 oygacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi. Import qilingan nasldor mollar uchun subsidiya ajratish muddati 5 yilga uzaytiriladi. Tegishli idoralarga go‘sht va qoramol importi uchun veterinariya hujjatlarini olishni osonlashtirish va bu mahsulotlar importida monopoliya yuzaga kelmasligini ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, ozuqabop ekinlar yetishtirish bilan shug‘ullanadigan fermerlarga imtiyozli kreditlar ajratilib, ular o‘rnatgan suv nasoslarining elektr energiyasi xarajatlarining yarmini davlat qoplab beradi. Chorvachilik xo‘jaliklari ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun auksionda yer sotib olganda, to‘lovni 5 yil muddatda bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, aholi o‘z xonadonida boqayotgan mollarini o‘tlatishi uchun sharoit yaratish masalasi ham bor. Unga ko‘ra, Osiyo taraqqiyot bankining 60 mln dollar krediti evaziga, uy sharoitida boqiladigan mollarni oziqlantirish uchun jamoat yaylovlari tashkil etiladi. Buning uchun yalangliklarga urug‘ sepishda dronlardan foydalaniladi. Respublika bo‘yicha chorvachilikka ixtisoslashgan 200 ta mahalla ro‘yxati tuzilib, ularga veterinarlar jalb qilinishi ham ko‘zda tutilgan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Ichki ishlar tizimidagi ketma-ket qonunbuzarliklar fonida, ikkita iste’fo ro‘y berdi. Prezident qarori bilan, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev lavozimidan ozod etildi. IIV Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunov ham ishdan ketdi. Bu iste’folar sababi yuzasidan rasmiy izoh berilmadi, ammo so‘nggi vaqtlarda tizim doimiy ravishda tanqidlar nishoniga aylanib qolgandi. Kun.uz'ning so‘nggi surishtiruvlariga ko‘ra, O‘zbekistonda avj olayotgan XCM nomli yangi moliyaviy piramida targ‘ibotida o‘nlab, ehtimol yuzlab ichki ishlar xodimlari ishtirok etmoqda. Farg‘onadagi yana bir holatda esa, ikki ayol o‘rtasidagi ijara nizosi ichki ishlar xodimlarining aralashuvi bilan shov-shuvli tus oldi.
Boysundagi M25 konida yana portlash ro‘y berdi. Aholi vakillariga ko‘ra, konda yoqib qo‘yilgan olovli favvoralardan biri portlashdan keyin o‘chib qolgan va toki qayta yoqilguncha hammayoqni yana vodorod sulfidning badbo‘y hidi tutib ketgan. Rasmiylar o‘chib qolgan olov qayta yoqib qo‘yilgani, konni jilovlash ishlari davom etayotganini ma’lum qildi. “Vaziyat barqaror va mutaxassislar nazorati ostida turibdi”, deyiladi Energetika vazirligi axborotida. Vazirlik bu holatning 3 noyabrga o‘tar kechasi ro‘y bergan zilzilaga aloqasi yo‘qligini aytmoqda.
Andijon viloyatida tuman hokimi o‘rinbosari 15 ming dollar bilan ushlandi. Qizig‘i, Ichki ishlar vazirligining bu haqdagi xabarida qaysi tuman haqida gap ketayotgani ochiqlanmagan. Ma’lum qilinishicha, hokim o‘rinbosari yer ajratib berish evaziga shuncha pul so‘ragan va pullarni olayotgan vaqtda qo‘lga tushgan. Bundan tashqari, DXX o‘tkazgan tezkor tadbirlarda soliq va energetika mansabdorlarining poraxo‘rligiga chek qo‘yildi: Toshkent viloyati soliq boshqarmasi katta inspektori 5 ming dollar, “Hududgazta’minot”ning Jizzax filiali yetakchi mutaxassisi esa 6 ming dollar olgan paytda ushlangan.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Mavzuga oid
19:21 / 30.03.2026
Tadqiqot: Markaziy Osiyo daryolari muzliklarga bog‘liq holda o‘zgarish bosqichida
10:00 / 29.03.2026
Lixachyov aytgan trillionlar va budjet gardanidagi futbol - hafta dayjesti
21:49 / 25.03.2026
“Oqsil bilan stomatitning farqiga borishmayapti” – vodiyda qoramollar kasallanishi haqida
17:30 / 25.03.2026