Baykerlar Samarqanddagi Mehribonlik uyida xayriya aksiyasi o‘tkazishdi
Samarqand va toshkentlik baykerlar jamoasi Samarqanddagi 1-Mehribonlik uyiga o‘z mototsikllarida, turli sovg‘alar va bayram dasturlari bilan tashrif buyurishdi.
“Mehribonlik uylariga tashrif buyurish biz uchun an'ana bo‘lib qolgan. Oldin ham biz bu Mehribonlik uyiga tashrif buyurgan edik. O‘shanda bu yer 6-Mehribonlik uyi edi. Hozirda bu maskan yangi binoga ko‘chgan va biz bu yerga ilk marta tashrif buyurayapmiz” – dedi “Po‘lat chayonlar” o‘zbek baykerlari klubi prezidenti Mixail Fedoraxin (Toshkent shahri). Uni jamoa ichida Mishel deb chaqirashdi.
“Bu yerda bolalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Hukumat ularga yetarlicha g‘amxo‘rlik qilyapti. Ular hech narsaga muhtoj emas. Har safar biz ularga olib kelayotgan sovg‘alarimiz, bolalar qalbida iliqlik uyg‘otadi”, — dedi Mishel baykerlarning O‘zbekistonda olib borayotgan aksiyasiga izoh berib o‘tar ekan.
Samarqand shahridagi 1-Mehribonlik uyida bugungi kunda 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 130 nafar bola tarbiyalanmoqda.
Mehribonlik uyining ijtimoiy himoya bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilshoda Soliyevaning so‘zlariga qaraganda odamlar bu yerda tez-tez bayramlar va turli aksiyalar uyushtirib turishar ekan. Yozda bu yerda Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi “Samarqand va samarqandliklar” guruhi a'zolari “Nam futbolkalar” aksiyasini o‘tkazishgan ekan.
Bundan tashqari O‘zbekiston xalq artistlari Mardon Mavlonov va Ozodbek Nazarbekovlar ham bu yerda o‘z konsertlari bilan bo‘lishgan.
Xayriya tadbirining hamtashkilotchisi Igor Zavyalovning so‘zlariga qaraganda bu tadbirga 25 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan. Ularning aksariyatini bayker klubi a'zolarini tashkil etgan. 17 nafar kishi tadbirga o‘z mototsikllari bilan tashrif buyurgan.
O‘zbekistonda motosayyohlar va baykerlarning bu kabi tashabbuslarini “Odamlar yoqimtoyi” loyihasi muallifi Aziz Niyozov qo‘llab-quvvatlab keladi. Ushbu loyiha ishtirokchilari bolalarga turli konsertlar qo‘yishdi va har xil ko‘ngilochar bolalar o‘yinlarida qatnashishdi.