3-oktabr – Osiyo oʻyinlarining 13 kunida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari sportning 11 turida bahslarda ishtirok etdi.

Kun davomida 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza qoʻlga kiritildi.

Badiiy gimnastika

Badiiy gimnastika boʻyicha Oʻzbekiston jamoasi aʼzosi Taxmina Ikromova Osiyo oʻyinlaridagi uchinchi oltinchi medalini qoʻlga kiritdi (u Hangchjoudagi turnirda yakkalik va jamoaviy bahslarda ham oltin olgandi). Yaponiyada u yakkalik koʻpkurash dasturi finaliga chiqdi va 112.950 ball olib, barchani ortda qoldirdi. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni xitoylik gimnastikachilar band etdi. Qozogʻistonlik gimnastikachilar Akmaral Yerekesheva hamda Aybota Yertayqizi esa toʻrtinchi va beshinchi oʻrinlarda qolib ketishdi.

Oʻz navbatida guruh mashqi dasturida qatnashgan Irodaxon Sodiqova, Yosina Joʻrayeva, Diana Hakimova, Milana Safina hamda Sofiya Usovadan iborat jamoa 49.850 ball bilan toʻrtinchi oʻrinni egalladi. Sovrinli oʻrinlarni Xitoy (55.300), Yaponiya (52.500) hamda Qozogʻiston (51.500) jamoalari oʻziniki qildi.

Erkin kurash

Oʻzbekiston erkin kurashchilar jamoasi kutilgan yuqori natijalarga erisha olmadi. Bugungi dasturda jamoaning yana 5 nafar vakili oʻz kuchini sinab koʻrdi.

-97 kg vazn toifasidagi Sherzod Poyonov oʻz ishtiroki davomida Bahrayn nomidan qatnashgan Magomed Sharipov (3:3, oxirgi ballni qoʻlga kiritgani evaziga keyingi bosqichga chiqqan), moʻgʻulistonlik Gankhuyag Ganbatar (2:1) va hindistonlik Dipak Puniya (9:8) toʻsigʻidan oʻtdi. Ammo finalda eronlik Amirali Azarpiya qarshisida ojiz qoldi (0:10) va kumush bilan kifoyalandi.

Asli rossiyalik boʻlgan va soʻnggi xalqaro turnirlarda Oʻzbekiston nomidan qatnashib kelayotgan Razambek Jamalov uchun esa bu safargi turnir oʻta muvaffaqiyatsiz chiqdi. Parij Olimpiadasida oltin qoʻlga kiritgan ushbu sportchi Osiyo oʻyinlarida ilk raqibgayoq yutqazdi. U avvaliga eronlik Yunus Imomchagʻoiydan magʻlub boʻldi (6:7), ushbu sportchi finalgacha yetib borgach, Jamalovda bronza uchun kurashish imkoniyati tugʻildi. Ammo oʻtish bahsida hindistonlik Sagar Jaglanga ham yutqazib qoʻydi (3:7).