Jamiyat | 11:15 / 26.11.2020
13160
6 daqiqa o‘qiladi

Urganchda aholining kirish-chiqish yo‘lagidan tadbirkorga yer ajratilgan. Bu norozilik keltirib chiqardi

Xorazm viloyati, Urganch shahri, Tinchlik ko‘chasida yashovchi fuqarolar ko‘p qavatli uylarning asosiy kirish-chiqish yo‘lagiga savdo shoxobchasi qurish uchun yer ajratilganidan norozi bo‘lishmoqda. Tadbirkor bir necha marta bu joyda qurilish boshlamoqchi bo‘lgan, ammo odamlarning faol qarshiligiga uchragan.

2018 yilning 29 iyunida Urganch shahar hokimligi 1653q-sonli qarori bilan yakka tartibdagi tadbirkor Rahimova Rohatjon Olimovnaga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun 200 kv.m yer ajratadi. Hujjatni sobiq hokim Odilbek Sapayev imzolagan.

Biroq, mana 2 yildirki, Tinchlik ko‘chasi 2A, 2B, 2V, 2G, 2D va 33-uyda yashovchi aholi hokimlikdan bu qaror bekor qilinishini talab etmoqda. Qurilishni boshlashga urinayotgan tadbirkor esa odamlarning faol qarshiligiga uchrayapti.

Gap shundaki, hokimlik tomonidan ajratilgan yer ko‘p qavatli uylarning asosiy kirish-chiqish joyiga to‘g‘ri kelyapti. Agar savdo shoxobchasi bu joyda quriladigan bo‘lsa, aholining, kommunal xizmat idoralarining, tez tibbiy yordam va boshqa tashkilotlarning transporti kirib-chiqadigan asosiy yo‘l yopilishi, bu katta noqulaylik tug‘dirishi, noxush holatlarga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, bu joydan ko‘p qavatli uylarning kommunikatsiya tizimlari, ya'ni, sovuq suv, oqova suv va issiqlik energiyasi quvurlari, shuningdek, elektr energiya ta'minoti simlari ham o‘tgan. Qurilish ishlari natijasida ularga zarar yetkazilishi ham mumkin.

Shu sabablar aholini prezident portaliga, turli idora va tashkilotlarga norozilik xatlari jo‘natishga majburlagan. Hatto odamlar to‘planib, Urganch shahar hokimligiga ham borishgan. Mahallaning 2018 yil 29 noyabrdagi o‘tkazilgan yig‘ilishida aholi vakillari qurilish boshlanishiga qarshi ekani haqida ovoz berib, bayonnoma imzolashgan.

Natijada, 2019 yil 4 mart kuni Urganch shahar hokimligi tadbirkorga yer ajratish haqidagi 1653k-sonli qarorini «aholining keskin noroziligini keltirib chiqargani» sababi bilan bekor qilib, yerni davlat ixtiyoriga qaytargan. Bu haqda yangi 389q-sonli qaror ham chiqqan.

Ammo tadbirkor Rohatjon Rahimova bu qarordan norozi bo‘lib, sudga shikoyat arizasini bergan. 2020 yil 24 sentyabr kuni Urganch shahar ma'muriy sudi bu arizani qanoatlantirib, Urganch shahar hokimining 389q-qarorini bekor qilib, tadbirkor foydasiga yangi qaror chiqargan. Sud tafsilotlari bizga ma'lum emas.

Shundan so‘ng tadbirkor bir necha marta bu joyda qurilishni boshlashga urinib ko‘rgan. Ammo yana aholining keskin noroziligi va faol qarshiligiga uchragan. Hatto bir vaziyatda huquq-tartibot idoralari xodimlari aralashuvi bilan ziddiyat chegaradan chiqib ketishining oldi olingan.

Holat yuzasidan tadbirkor Rohatjon Rahimovadan izoh olishning iloji bo‘lmadi. U aholining murojaati yuzasidan bog‘langanimizni eshitgach, vaqti bo‘lganida o‘zi qo‘ng‘iroq qilishini aytdi. Keyinchalik qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ydi.

So‘nggi paytlarda ko‘p qavatli uylarning kirish-chiqish joylari, bolalar maydonchalari, dam olish hududlari, ko‘kalamzorlashtirilgan «yashil orollar» – bo‘sh turgan joy deb talqin qilinib, turli qurilish obektlari uchun ajratilmoqda. Afsuski, ko‘p qavatli uylar orasida har xil obektlar qurilib, kundan kunga torayib, «nafas olgani havo qolmayapti». Bunday yerlarni qurilish uchun ajratish jarayonida aholining fikri jiddiy o‘rganilmayapti, hisobga olinmayapti. Natijada ko‘plab ziddiyatlar, noroziliklar kelib chiqmoqda. Biz o‘rgangan voqea ham bunga yaqqol misoldir.

Qayd etish joizki, O‘zbekistonda aholi yashash joylarida qurilish ishlarini olib borish Shaharsozlik kodeksi bilan tartibga solinadi. Uning 4-moddasi 7-qismiga ko‘ra, agar shaharsozlik faoliyati jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga zid bo‘lsa, bunday faoliyat tugatilishi kerak deyilgan. Bu moddaga kengroq sharh beradigan bo‘lsak, har qanday qurilish ishlari loyihalashtirilishi va boshlanishidan oldin, shu hududdagi fuqarolar, korxona va tashkilotlarning manfaatlariga zid emasligi tekshirilishi, ularning roziligi olinishi shartdir. Bu qonun quruvchining, tadbirkorning faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotganini bildirmaydi. Balki uning manfaatlaridan ham yuqori turuvchi xalq manfaati borligi, u davlat himoyasida ekanini anglatadi.

Afsuski, amalda hokimlik tomonidan barcha qarorlar qabul qilinib, quruvchi ekskavator bilan kelganida aholi yerning qurilish uchun ajratilganidan xabar topmoqda.

Yana bir narsa hayron qoldiradi. Har bir hokimlik huzurida yer uchastkalarini egalik qilish, foydalanish va ijaraga berish masalalarini ko‘rib chiquvchi doimiy komissiya faoliyat yuritadi. Uning tarkibida barcha muhim sohalar, jumladan arxitektura, kommunal xo‘jaligi mutaxassislari ham bo‘ladi. Shunday ekan, nima uchun ushbu joy tadbirkorga ajratib berilishi o‘z vaqtida to‘xtatib qolinmagan? Aholining kirish-chiqish joyi yopilishi, kommunikatsiya vositalariga zarar yetishi mumkinligini komissiya a'zolari muhokama qilishmaganmi?

Hozirgi vaqtda fuqarolarning sud qaroridan norozi bo‘lib, Bosh prokuratura, Oliy sudga yozgan xatlari «muammo bilan Urganch shahar hokimligi shug‘ullanishi lozimligi, bu vaziyatda sud qarori ustidan aynan hokimlik apellyatsiya berishi mumkinligi» ko‘rsatilgan mazmundagi javoblar bilan qaytib kelmoqda.

Ushbu mojaro yuzasidan to‘planib qolgan savollarni, xususan, bu ziddiyat qanday hal qilinishi rejalashtirilgani, aholining talabiga qanday munosabat bo‘lishi, fuqarolarning manfaati huquqiy tomondan qanday himoya qilinishi haqidagi savollar Urganch shahar hokimligiga berildi. Ammo, hozircha hokimlik tomonidan hech qanday javob bo‘lmadi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid