Jahon | 10:56 / 20.10.2018
22077
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya bilan raketalar bo‘yicha bitimdan chiqib ketishi mumkin

Foto: globallookpress.com

Amerika Qo‘shma Shtatlarida O‘rta va kichik masofadagi raketalar bo‘yicha bitimdan (O‘KMRB) voz kechish taklif qilinmoqda. Bunday xatti-harakatlar haqida prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton gapiryapti, deb yozadi The Guardian.

Foto: Alex Wong/Getty Images

Gazeta ma'lumotiga ko‘ra, yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, sababi Davlat departamenti va Pentagonning bir qator xodimlari bu tashabbusga qarshi chiqishmoqda. Dushanba kuniga rejalashtirilgan muhokamalarni kechiktirish haqida qaror qabul qilindi.

Ta'kidlanishicha, Bolton 2010 yilda AQSh va Rossiya o‘rtasida tuzilgan strategik hujumkor qurollarni qisqartirish hamda cheklash bo‘yicha shartnomani uzaytirishni ham bloklab qo‘yishni xohlamoqda.

Shartnomaga ko‘ra, davlatlar yadroviy jangovar kallaklar, qit'alararo ballistik raketalar va boshqa strategik qurollarni kamaytirishlari kerak.

O‘rta va kichik masofadagi raketalar bo‘yicha bitim (O‘KMRB) tomonlarga harakatlar masofasi 500 dan 5,5 ming kilometrgacha bo‘lgan, yerda joylashuvchi ballistik raketalar va qanotli raketalarga egalik qilishga ruxsat bermaydi. Hujjat 1987 yilda imzolangan. Rossiya va AQSh muntazam ravishda bir-birini uning shartlarini buzganlikda ayblab keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kreml Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashishini taxmin qilgandi.

Mavzuga oid