Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Barnoyevning ukasi, prokuror va energetik. Uchta viloyatdagi 8 tumanda yangi hokimlar ish boshladi
Bugun Buxoro viloyatida 3ta, Samarqand viloyatida 2ta va Namangan viloyatida 3ta tumanda yangi hokimlar tayinlandi.
Tuman hokimligidan ketganlarning ikki nafari boshqa tuman hokimligiga, biri Xalq qabulxonasi mudirligiga o‘tgan, ikki nafari boshqa ishga o‘tayotgani ma’lum qilingan, yana uch nafari tanqidga uchrab, lavozimdan olingan.
Buxoro (Romitan, Qorako‘l)
Umidjon Barnoyev Buxoro viloyatining Romitan tumaniga yangi rahbar etib tayinlandi. U 2020 yil kuzidan buyon Buxoro tumani hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
U mutaxassisligiga ko‘ra muhandis-mexanik, huquqshunos hisoblanadi (1996 yilda hozirgi Buxoro muhandislik-texnologiya institutini, 2000 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan).
- Ma’lumot uchun, u Buxoro viloyatining sobiq hokimi, bosh vazirning sobiq o‘rinbosari, 2020 yil yozida koronavirusdan vafot etgan O‘ktam Barnoyevning ukasi hisoblanadi.
O‘z navbatida, Romitan tumaniga 2019 yildan buyon hokimlik qilib kelgan Xurshid Tohirov viloyatning boshqa bir tumani - Qorako‘lga rahbar bo‘ldi.
U mutaxassisligiga ko‘ra moliyachi (2001 yilda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini, 2007 yilda Toshkent Moliya institutini bitirgan).
- Qorako‘l tumaniga 2020 yil fevralidan buyon rahbarlik qilib kelgan Sherali Salomov mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagani uchun lavozimdan olingan. U viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimiga o‘tishi mumkin.
Jamshid Sharopov Shofirkon tumanining yangi rahbari sifatida ish boshladi.
Mutaxassisligiga ko‘ra iqtisodchi bo‘lgan (2005 yilda Buxoro davlat universitetini, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bitirgan) Sharopov 2020 yildan buyon Markaziy bank Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i edi.
Tumanning avvalgi hokimi Shukrullo Hakimov tanqidga uchrab ishdan olingan, uning keyingi faoliyati haqida ma’lumot yo‘q.
Samarqand (Bulung‘ur, Oqdaryo)
Bulung‘ur tumanidagi sessiyada deputatlar Samandar Ostonov nomzodini tumani hokimi lavozimiga tasdiqladi.
Samandar Ostonov bungacha Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Tumanga 2017 yil avgustidan buyon hokimlik qilib kelgan Bahodir Bahromov boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan. Bahromov muqaddam Samarqand shahar IIB boshlig‘i bo‘lgan.
Oqdaryo tumanida esa Sherzod Qudratov nomzodi hokimlikka tasdiqlandi.
Qudratov bungacha Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlayotgandi.
Tumanning avvalgi rahbari Najmiddin Sulaymonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z arizasiga asosan lavozimdan ozod etilgan. Muqaddam Xalq bankida, viloyat hokimligida va Payariq va Past Darg‘om tumanlarida hokimning iqtisod masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan Sulaymonov 2020 yil aprelidan buyon Oqdaryoga hokim edi.
Hozircha Bahromov va Sulaymonovning keyingi faoliyati haqida ma’lumot berilmadi.
NAMANGAN (Kosonsoy, Norin, Uchqo‘rg‘on)
Dilmurod Qodirov Kosonsoy tumaniga rahbar bo‘ldi.
Mutaxassisligi olim-agronom bo‘lgan (1993 yili Andijon qishloq xo‘jaligi institutini tamomlagan) Qodirov 2017 yil mayidan buyon viloyatning boshqa tumani - Norin hokimi edi.
Kosonsoyga 2019 yildan buyon hokimlik qilib kelgan Bahodir Yusupov prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri lavozimiga tayinlangan.
Norin tumaniga esa Jo‘rabek Nurmatov yangi rahbar bo‘ldi.
Mutaxassisligiga ko‘ra hisobchi-auditor bo‘lgan (2003 yil Andijon qishloq xo‘jalik institutini tamomlagan) Nurmatov 2020 yildan buyon Norin tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Shuningdek, Jahongir Rizzayev Uchqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlandi.
Mutaxassisligi muhandis-energetik bo‘lgan Rizzayev (2008 yili Namangan muhandislik pedagogika institutini tamomlagan) 2018 yil may oyidan buyon «Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori lavozimida ishlayotgandi.
Tumanga 2017 yil oktyabridan buyon rahbarlik qilib kelgan Azimjon Vahobov faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun tuman hokimi lavozimidan ozod etildi. Uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot yo‘q.