O‘zbekiston | 10:12 / 22.12.2021
9422
2 daqiqa o‘qiladi

Norin tumani hokimi Kosonsoy tumaniga rahbar etib tayinlandi

Bugun, 22 dekabr kuni xalq deputatlari Kosonsoy tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Namangan viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, sessiyada viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi va tumanning sobiq hokimi Bahodir Yusupov O‘zbekiston prezidentining Namangan viloyatidagi xalq qabulxonasi mudiri lavozimiga tayinlangani munosabati bilan tuman hokimligiga yangi rahbar nomzodini ilgari surdi.
 
Sessiyada tumanning yangi hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi.

Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tomonidan taqdim etilgan Dilmurod Qodirov nomzodi Kosonsoy tuman deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Bugungi kunga qadar Norin tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Dilmurod Qodirov tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan dasturini tuman kengashida taqdimot qildi.

Xalq deputatlari tuman kengashi tomonidan Dilmurod Qodirov tuman hokimi etib tasdiqlandi, deyiladi xabarda.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Dilmurod Qodirov 1972 yil 26 aprel kuni Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1993 yili Andijon qishloq xo‘jaligi institutini tamomlagan. Mutaxassisligi olim-agronom.

U 2017 yil 17 maydan buyon Norin tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

2021 yil avgust oyida Prezident farmoni bilan «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan.

Avvalroq, Kosonsoy tumani hokimi Bahodir Yusupov prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri lavozimiga tayinlangani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid