Nurmat Otabekov: Hozirgacha Covid-19 bilan kasallanishdan to‘liq saqlaydigan va uni davolab yuboradigan dori vositasi yaratilmagan
Maxsus brifing chog‘ida bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Covid-19’dan uy sharoitida davolanish uchun tavsiya etilgan preparatlar haqida ma'lumot bergandi. Bu ma'lumotlar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
«Koronavirusdan uyda davolanish ham bevosita hududiy poliklinikalar kuzatuvi ostida, shifokorlar nazorati ostida amalga oshiriladi. Zinhor biror-bir davolash chorasini tibbiyot xodimlarining maslahatisiz qilish kerak emas.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan uy sharoitida davolanish bo‘yicha tartib ishlab chiqilgan. Ushbu tartibga muvofiq, bir necha preparatlar, xususan azitromitsin, «Plakvenil» (gidroksixloroxin), lopinavir/ritonavir, remdesivir, umifenovir va favipiravir kabi dorilar tavsiya etiladi.
Bu dorilarning barchasi profilaktika maqsadida, kasallik yuqishining oldini olish uchun ham ishlatilishi mumkinligi aytilyapti. Lekin har qanday holatda ham siz bu kabi dorilarni o‘zingiz emas, tibbiyot xodimlarining tavsiyasiga asosan olishingiz va qabul qilishingiz kerak bo‘ladi.
Sizning eng asosiy vazifangiz – immunitetingizni barqaror ushlab turish uchun imkoniyatlarni ishga solish», degandi epidemiolog AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda.
Bosh davlat sanitariya inspektorining bu so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi va ularning aksariyatida mazkur dorilarning profilaktika maqsadida qo‘llanmasligi bildirildi.
Xususan, shifokor Azizbek Boltayev o‘z sahifalarida quyidagi fikrlarni yozib qoldirgan:
«Bosh davlat sanitariya inspektori, professor Nurmat Otabekov ergoferonni profilaktika maqsadida qabul qilishga qarshi chiqdi. Bu uchun rahmat! Lekin bu gap bilan cheklanmasdan u kishi azitromitsin, plakvenil va bir qator virusga qarshi dorilarni profilaktika maqsadida shifokor tavsiyasiga asosan ichish mumkin, deb xato fikr berib o‘tdilar. Gap shundaki, Otabekov o‘z nutqi davomida tilga olgan Covid-19 bo‘yicha milliy davo qo‘llanmasida biror-bir dorini profilaktik maqsadda ichish tavsiya etilmagan, deb aniq yozib qo‘yilgan.
Bunday tavsiyalarni OAV orqali aytganda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki halqimizning dorixonaga yugurib kerak-kerakmas dorilarni xarid qilib ichishga moyilligi bor».
Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish uchun Nurmat Otabekov bilan bog‘landi.
«Albatta men bunday mazmundagi fikrlarga qo‘shilaman. Brifing paytida dorilarning nomlarini aytish, istasak-istamasak ushbu dorilarni targ‘ib qilishga o‘xshab ketadi. Men epidemiologman, davolovchi shifokor emasman. Shuning uchun xam shifokorlar tavsiyasiga asosan degan fikrni qayta-qayta aytdim.
Zinhor birorta dori vositasini targ‘ib qilish niyatida bo‘lmaganman. Aksincha, aynan shu kabi brifinglar paytida davolash sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning fikrlarini e'tirof etdim, xolos.
Milliy qo‘llanmada profilaktika maqsadida dori vositalarini qabul qilib yurish tavsiya etilmaganidan xabardorman. Umuman olganda, hozirgi kungacha Covid-19 bilan kasallanishdan to‘liq saqlaydigan va uni to‘liq davolab yuboradigan dori vositasining yaratilmaganligini albatta yaxshi bilaman.
Shunday ekan, har kim o‘zini mazkur kasallikni yuqtirib olishdan doimo ehtiyot qilishi kerak. Qanday qilib, kasallikdan saqlanish mumkinligi haqida esa hammamiz yaxshi bilamiz», dedi epidemiolog o‘z izohida.
Eslatib o‘tamiz, bemorlarni uyda davolashga o‘tilishidan oldin SSV shtabi a'zosi Habibulla Oqilov Covid-19’dan davolashda antibakterial preparatlardan azitromitsin, virusga qarshi lopinavir/ritonavir, gidroksixloroxin va «Avigan» (favipiravir), qon suyultirish uchun geparin, «Kleksan» kabi dorilar ko‘proq ishlatilayotganini aytgan edi.
«Oksigenoterapiya (kislorod bilan davolash) xam yaxshi samara ko‘rsatyapti. Og‘ir turlarda simptomatik davo o‘tkaziladi, ya'ni sun'iy nafas olish apparatiga ulanadi», degandi Oqilov.
Mavzuga oid
18:52 / 19.09.2024
Koronavirusning yangi shtammi O‘zbekistonda aniqlanmadi - SSV
16:06 / 07.06.2024
"Saraton va boshqa jiddiy kasalliklar bog‘chadagi sifatsiz taomlanishdan kelib chiqmoqda" - mutaxassis bilan suhbat
14:59 / 05.06.2024
“Bolalarga chirigan kartoshka yedirishmoqda” – Nurmat Otabekov
18:11 / 13.12.2023