09:26 / 21.04.2021
12120

«Qiynoqlar – tizim bilan bog‘liq». Huquq faoli muammo yechimi uchun xususiy sektorlarga yo‘l berishni taklif qildi

O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Kun.uz'ga bergan intervyusida qiynoqlar va ularga barham berishning yechimlari, jazoni ijro etish muassasalariga tashkil etilayotgan monitoringlarning parda ortidagi jihatlari, mahkumlar huquqlari himoyasini ta’minlash bilan bog‘liq muammolar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Keyingi paytlarda yana matbuotda ichki ishlar tizimidagi va boshqa muassasalarda inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq bir qator ma’lumotlar sizib chiqa boshladi. Buni Kun.uz ham joylardagi muxbirlari orqali keng yoritib kelmoqda. Siz rahbarlik qilayotgan jamiyatga fuqarolar qaysi turdagi huquqbuzarliklardan ko‘proq shikoyat qilishyapti?

– Jamiyatimizga so‘nggi paytlarda huquqni muhofaza qilish idoralari, ayniqsa, ichki ishlar idoralari xodimlarining fuqarolarga nisbatan qo‘pol, shafqatsiz muomalada bo‘lishi bo‘yicha shikoyatlar ko‘paygan. Siz buni juda to‘g‘ri aytdingiz. Mana, o‘tgan kuni Kun.uz’da Quvada ichki ishlar xodimi ishtirokida sodir bo‘lgan voqea xususida bir necha seriyadagi maqolalarni o‘qidik. Biz bu holatni ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilyapmiz.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerak, 4–5 yil oldin odamlarda qanaqadir umid paydo bo‘lib, qandaydir ko‘tarilish bo‘lgan bo‘lsa, hozir ushbu kayfiyat ozgina turg‘unlashdi. Vaziyatga, so‘z erkinligiga odamlar ko‘nikdi va turg‘unlik jarayonida siz aytgan faktlar yuzaga chiqaveradi. Sal oldinroq Chiroqchi va Andijonda, yaqindagina Quvada bo‘lgani kabi voqealar bundan keyin ham chiqishda davom etadi. Faqat qiynoq degani, mening shaxsiy nuqtayi nazarimga ko‘ra, bu – yara. Yaraning tagida madda bor. Bizning jamiyatimizni shunday isloh qilish kerakki, o‘sha yaralar chiqmasligi kerak. Ya’ni kasallikning manbasiga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak.

– Aytmoqchisizki, biz hozir yara bilan band bo‘lib qolyapmiz...

– Albatta, hozirgi holatimizda qaysidir kasallikni davolamoqchi bo‘lsak, birinchi navbatda qonni o‘zgartirishimiz kerak. Qonni o‘zgartirish nimadan iborat?

Jamiyatimiz juda katta yuklama bilan yashayapti. Masalan, tergov organi ham, IIO ham, xalqning o‘zi ham. Chunki bizda hali tizimlar liberallashgani yo‘q. Aytaylik, men ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pdan buyon aytib kelyapman: kelinglar, tergov tizimini ozgina liberallashtiraylik. Butun dunyo, ya’ni rivojlangan mamlakatlar qilgan ishni qilaylik. Xususiy sektorlarga yo‘l beraylik. Xususiy detektivlar tizimini joriy qilaylik. Shu kabi liberallashtirish yo‘lidan bormasangiz, shunaqangi bir jamiyatni erkinlashtirish, tizimni erkinlashtirish yo‘lidan bormaydigan bo‘lsangiz, bunday qo‘lbola mexanizmlar bilan boshqarish, yuqoridan buyruqlar bilan boshqarish samara bermaydi.

Men doim bitta misolni keltiraman. Aytaylik, g‘alla va paxtaga nisbatan davlat xaridlarining bekor qilinishi mamlakatimizda majburiy mehnat holatlarini ancha kamaytirdi. Xuddi shu kabi muammolarni avtomatik ravishda hal qilish kerak. Siz qiynoq haqida, beshafqat muomala turlari haqida gapirdingizmi, demak, bu illatlarga qarshi ana shunday tizimli, muqobil bo‘lgan yo‘llar bilan kurashish kerak. Faqat prezidentning yoki xalqaro tashkilotlarning chaqirig‘i bilan bu masalalarni yengib bo‘lmaydi.

– Avvalgi uchrashuvimizda mikrofonsiz kechgan suhbatimiz chog‘ida ko‘pchilik qamoqxonalardan shikoyat qiladi, ammo aslida O‘zbekistonda qiynoqlar, kuch ishlatishlar qamoqqacha bo‘lgan jarayonda, tergov-surishtiruv jarayonida ko‘proq kuzatiladi, degan edingiz. Keling, bugun shu haqda ochiqroq gaplashsak. Bu muammoning yechimini siz nimalarda ko‘rasiz?

– Yaqin o‘tmishda qamoqxonaning yomon sharoitlaridan yoki mahkumlarga nisbatan yomon muomala tufayli jazoni ijro etuvchi muassasalardan yuzlab jasadlar chiqqaniga ko‘nikkan edik. Ayniqsa, diniy oqimga mansublikda ayblangan mahkumlar orasida. Lekin bu narsa keyingi paytda sezilarli kamaydi.

Respublika komissiyasi tarkibida qamoqxonalarga kirib chiqyapmiz, ularni monitoring qilyapmiz. Qamoqxonalar avvalgi vaqtlarga qaraganda o‘zgargan, yaxshilangan va sekin-sekin takomillashib boradi. Chunki bu qamoqxona – mamlakat hayotining yuzi, mamlakat hayotining ko‘rsatkichi. Avvalgi intervyuda ham aytganman, O‘zbekiston qamoqxonasini Finlandiya yo Norvegiya qamoqxonasiga solishtirmoqchi emasman. Bu ayni damda imkonsiz. Lekin ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos bir o‘zgarishlar bor, buni e’tirof etish kerak.

Qiynoqlar masalasi tizim bilan bog‘liq. Tizim bugungi kunda juda katta bosimda. Muammo tergov, jinoyat-qidiruv bo‘limlari – hammasida ish ko‘lami nihoyatda kattaligi, bu yerdagi xodimlar bosim bilan ishlayotganiga borib taqaladi. Chunki mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy sharoit, pandemiya bilan bog‘liq iqtisodiy inqiroz jarayonlari jinoyatchilik, huquqbuzarlik ko‘rsatkichlari ortishiga olib kelmoqda.

IIV yoki Milliy gvardiya siyosiy-profilaktik tadbirlarni olib boradigan idora bo‘lsa, bularning xodimlarida malakasizlikdan, ma’lum darajada mas’uliyatsizlikdan tashqari umuman kadr yetishmovchiligi ham bor. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarimda aytib keldim, kelinglar, butun dunyo, rivojlangan mamlakatlar qilgan ishni qilaylik. Xususiy sektorlarga yo‘l beraylik. O‘ziga xos raqobat bo‘lsin.

Masalan, xususiy izquvarlar deymiz, rivojlangan mamlakatlar deymiz. Nega biz xususiy sektor imkoniyatlaridan foydalanmasligimiz kerak? Masalan, agar bugun siz detektivlarga erkinlik berib, ularga talablar qo‘yadigan bo‘lsangiz, juda ko‘p mutaxassislar kelib chiqadi. Juda ko‘p odamlar ishsiz yuribdi, ular ham ish bilan ta’minlanadi, bu tergov organiga ham ma’lum darajada yordam bo‘ladi.

Yuklamalar kamayishi va avtomatik mexanizmga tushishi kerak. Hozirgidek birov birovni urib, keyin uning ortidan izoh berib, qaysidir xodimning xatosini tekislab yashab bo‘lmaydi.

– Tergov instituti agar xususiylashtirilsa, qiynoqlar va boshqa muammolarga chek qo‘yilishiga o‘zingiz ishonasizmi?

– Endi qiynoqlar hamma jamiyatlarda bo‘ladi. Bu kabi unsurlar aytganimdek, yara, lekin minimallashtirish yo‘lidan borish kerak. Men faqat detektiv tizimini joriy qilishni aytayotganim yo‘q, butun tizimga liberal siyosatni kiritish kerak. Tergov organini alohida mustaqil departamentga aylantirish yoki Adliya vazirligiga o‘tkazish bo‘yicha necha yildan beri gaplar yuradi.

Qamoqxonalarni xususiylashtirish nima uchun muhim? Insoniyat tarixidagi quldorlik tizimi nega bekor bo‘lgan? Chunki insoniyat odamlarni qul qilib ishlatishdan ko‘ra, ular bilan kelishib, ularni ongli ravishda ishlatish foydali ekanini tushunib yetgan. Xuddi shunday biz hozir jamiyatni liberallashtirish yo‘lidan borishimiz kerak.

Qamoqxonalar xususiylashib, xo‘jalik hisobiga o‘tadigan bo‘lsa, birinchidan, davlatga tushadigan bosim kamayadi, ikkinchidan, qiynoqlar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Chunki birorta xususiy korxona sizni yoki meni qamab o‘tirgan bo‘lsa, mehnatimizdan foydalanib, kelishib ishlatayotgan bo‘lsa, uni qiynashga nima hojat? Xuddi shunday jamiyatni isloh qilishda uni liberallashtirish yo‘lidan borish kerak deb o‘ylayman.

– Ombudsman tomonidan tashkil etilayotgan monitoringlarda ichki jarayon qiziq. Ularning ayrimlarida bizning muxbirlar ham qatnashdi. Lekin hammasida ham qatnashayotganimiz yo‘q. Shu jarayonda komissiya borganda jazoni ijro etish muassasalaridagi holatlar oldindan sahnalashtirilib ko‘rsatilmayaptimi?

– Gapingizni tushundim. Agar shunday bo‘lganda men bu komissiyadan chiqib ketgan bo‘lardim. Haqiqatan bu yerda qandaydir darajada shaffoflik bor, lekin muammolar ham bor. Ya’ni tanlangan qamoqxonalarga borish muammosi. Masalan, men bugun jamoatchilikni juda ham qiziqtirgan, huquqni muhofaza qilish idoralari [sobiq] xodimlari o‘tirgan, o‘sha [sobiq] bosh prokurorlar o‘tirgan, kerak bo‘lsa, xavfsizlik idorasi [sobiq] rahbarlari o‘tirgan qamoqxonalardagi sharoitni, ularga munosabatni ko‘rishni xohlagan bo‘lardim.

Komissiyaga bir necha marta murojaat qilib kelyapmiz. Bo‘ladi, bo‘ladi, mana shunchasi bo‘lyapti-ku, deydi. Lekin siz aytgandek bu yerda inssenirovka yo‘q, chunki monitoring tadbirlariga borganimiz uchun davlat bizga hech qanday pul to‘lamaydi, muayyan manfaatdorlik yo‘q. Agar qandaydir «sahnalashtirish» holatlarini sezganimda, men komissiya tarkibidan chiqib ketgan bo‘lardim. Shundoq ham ishimiz ko‘p.

Tovoqsoydagi yoki Chirchiqdagi, viloyatlardagi katta koloniyalarga bordik. Endi sharoitlar har xil. Qamoqxona boshlig‘ining tadbirkorligidan boshlab, qamoqxona boshlig‘ining qosh-qovog‘igacha bog‘liq mahbuslarga munosabat, aytaylik, juda qo‘pol odam o‘sha qamoqxonaga boshliq bo‘lgan bo‘lsa, xudo urdi.

– Ohangarondagi manzil koloniyada mahkumning telefonidan diniy mazmundagi material topilgani uchun u qiynoqqa solingani haqida xabarlar tarqaldi, lekin IIV buni rad edi. Birlamchi tibbiyot tekshiruvi chog‘ida mahkumning tanasida hech qanday jarohat alomatlari aniqlanmagani asos qilib keltirildi. Qamoqxonalardagi tibbiyot punktlari IIV tasarrufida ekani, uning chizgan chizig‘idan chiqmasligi, bu ular berayotgan xulosalarning shubhaga olinishiga olib kelmaydimi? Qanchalik xolis bu tibbiyot xulosalari?

– Endi IIV o‘zidagi kamchilikni qanchalik yashirishga harakat qilmasin, uni hayotning o‘zi ko‘rsataveradi. Deylik, men bir nodavlat tashkiloti rahbariman. Menga juda ko‘p qamoqxonalardan qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Ochiq turdagi manzil koloniyalardan qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi va o‘zlarining ta’qibga olinayotgani, telefonidan har xil mazmundagi narsalar topilgani uchun javobgarlikka tortilgani haqida ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Men ular bilan uzoq gaplashaman, surishtiraman, haqiqatan shunday voqealar bo‘lganini bilaman.

Albatta, IIV mana shu tizimning mas’uli sifatida bu holatni yashirishga harakat qiladi. Aytaylik, keldi, men telefonimda qandaydir ma’ruza eshitib o‘tirganim uchun bir shapaloq urib ketdi. Shifokor boradi. Qarasa, hech narsa yo‘q. Endi uni isbotlashning iloji yo‘q. Chunki kamera qo‘yilmagan. Bu – bir.

Ikkinchidan, biz o‘sha koloniyalarga safarimizda o‘rgandik va koloniya ma’muriyatiga savol berdik. Shifokor, uning bir unvoni bor. Sizga bo‘ysunadigan odam. U qiynoq holatini qanday qilib jamoatchilikka yetkazib beradi? Yoki yuqoriga yetkazib beradi? Sizning qo‘lingiz ostida, sizga bo‘ysunadigan odam. Shuning uchun Ombudsman bilan birgalikda komissiya Vazirlar Mahkamasiga tibbiyot tizimini to‘g‘ridan to‘g‘ri Sog‘liqni saqlash vazirligiga bo‘ysundirishni so‘rab murojaatlar tayyorlagan.

Endi bu bilan ham muammo hal bo‘lib qolmaydi. Chunki qamoqxonalarning tibbiyot bo‘limlariga berilayotgan maoshlar oilaviy poliklinikalar, ochiqdagi tibbiyot punktlarinikidan ham kam. Shunga qaramay ular juda qat’iy tartibda ishlashadi. Tashqaridagi kabi u yoqdan bu yoqdan keladigan mijoz yo‘q yoki qo‘l haqi tashlab ketadigan odam yo‘q. Mahkumdan nimasidan oladi? Shuning uchun u yerda ham o‘ziga xos muammolar yuzaga kelgan.

Ramazon oyi hozir. Qamoqxonalarda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi biz ro‘zalarga ruxsat berdik deb iddao qilyapti. Ro‘zaga, ibodatga ma’lum darajada ruxsat bergandan keyin mahkumlar telefonini kavlaydi. Biri ma’ruza eshitadi, boshqasi diniy adabiyotlarni o‘qir. Yuqorida aytganimdek, qosh-qovog‘i sal mundayroq qamoqxona boshlig‘i qattiqqo‘llik bilan muomala qiladigan bo‘lsa, albatta, buni IIV, ularning rahbariyati boshqalari xaspo‘shlashga harakat qiladi. Lekin bu bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Yuqorida aytganimdek, tizimni o‘zgartirmagunimizcha IIV holatlarni yashirib, bu narsalar sodir bo‘laveradi. Muammo kamaymaydi, demoqchiman.

– Mahkumlarning ro‘za tutishi, boshqa diniy ibodatlarni ado etishiga rostdan ham erkinliklar yaratilganmi? Mahkumlar bilan hech xoli suhbatlashib ko‘rdingizmi? Ular buni tasdiqlashdimi?

– O‘tgan yil Tovoqsoydagi koloniyaga bordik. Boshlig‘i o‘zi harbiy, lekin dinga muhabbati bor ekan, shuning uchun mahkumlarga bu borada qandaydir sharoit yaratgan. Boshqa jazoni ijro etish muassasalarida, masalan, ayollar koloniyasida Karimova degan komendant bor ekan. U menga farqi yo‘q deb aytyapti. Men yo‘riqnoma bo‘yicha nima bo‘lsa shuni bajaraman, deyapti.

Tovoqsoydagi boshliq aytadiki, men hamma sharoitlarni yaratganman, mayli, endi sal bo‘lsa ham sharoit qilib berilgan deydi. Men formalilarga ko‘pam ishonmayman, shuning uchun tekshirib ko‘rsam maylimi desam marhamat dedi. Keyin bir necha ro‘zadorni olib keldi. O‘zim taniganlar bilan gaplashdim. Rostdan ro‘za tutishyapti, namozlarini o‘qishadi. Lekin o‘sha turmaning tartibiga amal qilgan holda.

Ya’ni mahbus hali og‘iz ochilmasdan soat 6da kechki ovqatga bordi. Kechki ovqatini yemasdan amallaganicha cho‘ntagiga solib xonasiga olib keladi. Yotadigan joyida kun botayotganda og‘zini ochib, oshxonadan olib kelgan ovqatini yeydi yoki saharlikka biror nimalarini olib qo‘yadi. Endi albatta bu qandaydir qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi, ammo qonunlar nuqtayi nazaridan mahkumlarga e’tiqod uchun to‘liq imkoniyat yaratilishi mumkin emas. Buni ham to‘g‘ri tushunaman, chunki biz dunyoviy, konstitutsiyaviy davlatmiz, shuning uchun bunday mamlakatda qonunlar, tartiblar ustuvor bo‘lishi kerak.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Top