Monitoring tashrifida tergov hibsxonasidagi mahbuslarning yashash tarzi, ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam olish sharoitlari va sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish holati o‘rganildi. Bu haqda monitoringda qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Dastlab, kuzatuvchilar muassasada mahbuslarning oila a'zolari bilan qisqa va uzoq muddatli uchrashuv, telefon so‘zlashuv uchun mo‘ljallangan xonalarni ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, mahbuslarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam masalasi yuzasidan hibsxonaning ichki tibbiy bo‘linmasi shifokori dori-darmon, uskunalardan kamchilik va muammolar yo‘qligini, qoniqarli darajada sharoitlar borligini aytdi.

Lekin, shifokorning aytishicha, hibsxonada kadrlar masalasida muammo bor.

«Belgilangan 47 shtat o‘rindan 5 ta shifokor vakant o‘rnimiz mavjud. Oylik maoshimiz past bo‘lgani sababli, shifokorlar bu muassasada ishlashdan bosh tortishmoqda», – deydi bo‘linma shifokori.

U o‘tgan yili hibsxonada saqlanayotgan va koronavirusga chalingan mahbuslarni 1-tergov hibsxonasi shifokorlari davolagan bo‘lsa-da, ularga ustama pullari berilmaganini ma'lum qildi.

Tergov harakatlarini o‘tkazish va advokat bilan muloqot qilish uchun mo‘ljallangan xonalarni ko‘zdan kechirish jarayonida, bu toifadagi xonalar videokuzatuv vositalari bilan jihozlangani va advokatlar istalgan vaqtda advokatlik so‘rovnomasi bilan tergov jarayonlarida tasvirga olingan videomateriallarni talab qilib olishi mumkinligi aytildi.

Bu yerda erkak va ayollar alohida 4 kishilik xonalarda saqlanadi va ular bir kunda bir mahal sayr uchun hovliga olib chiqib turiladi.

Mas'ullarning aytishicha, xohlovchilar bo‘lsa, o‘zlarining xonasida ibodat qilishlari mumkin.