16:32 / 19.03.2022
33513

“Soxta xizmat guvohnomasini asosan YPX xodimlariga ko‘rsatardim” - Toshkentda Bosh prokuraturaning soxta xodimi qo‘lga olindi

Soxta prokuror poytaxtning Bektemir tumanida yo‘l harakati qoidalarini mensimay harakatlanayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

1982 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan fuqaro Bosh prokuraturaning soxta xizmat guvohnomasi bilan turli joylarda firibgarlik holatlarini sodir etib kelayotgani haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumot kelib tushgan. Toshkent shahar IIBB va DXXning Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus tadbirda soxta xodim qo‘lga olingan.

Soxta prokuror poytaxtning Bektemir tumani Husayn Boyqaro va Bektemir ko‘chalari kesishmasida svetoforning qizil chirog‘iga bo‘ysunmasdan, yo‘lida davom etadi. Ushbu qoidabuzarlik sababli soxta xodim boshqaruvidagi qora rangli Malibu avtomobili YPX xodimlari tomonidan to‘xtatiladi.

Foto: IIBB axborot xizmati

“Qizil chiroqda harakatlanib kelayotgan haydovchini to‘xtatganimda, u menga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘ldi. Avtoulovning oldi yon oynalari qoraytirilgani uchun elektron planshet orqali tekshirib ko‘rdim va buning uchun ruxsatnoma chiqmadi. Avtoulov ishonchnomasi boshqarilayotgani aniqlandi. Haydovchi o‘zini Bosh prokuratura xodimiman, deb tanishtirdi. Xizmat guvohnomasini ko‘rsatdi, “polkovnik”ligini va xizmatga shoshayotganini aytdi. Tegishli me’yoriy hujjatlar mavjud bo‘lmagani uchun mashina vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yildi”, deydi qoidabuzarlik holati bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan YPX xodimi.

Tezkor tadbir davomida qo‘lgan olingan shaxsning yonidan u Bosh prokuraturaning Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i, adliya katta maslahatchisi ekani qayd etilgan soxta xizmat guvohnomasi topilgan. Qonunbuzar ushbu guvohnomani 2021 yilning iyun oyida Umar ismli tanishi O‘zbekiston bosh prokurori imzosi va muhrini soxtalashtirib, yasab berganini ma’lum qilgan.

Foto: Sevimli Tv 

“Umar ismli shaxs bilan tanishib qoldim. U Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida hujjatlar bilan shug‘ullanishini aytib qoldi. Men undan organ xodimlariga tegishli bo‘lgan hujjatni tayyorlash qo‘lidan kelish-kelmasligini so‘radim. Unga telefon raqamimni qoldirgandim, menga qo‘ng‘iroq qilib, prokuraturaning hujjatini yasab berish imkoniyati borligini aytdi. Men suratga tushib, unga berdim. Uch kundan keyin menga “Bosh prokuratura xodimi” degan soxta hujjat tayyorlab berdi. U hujjatni asosan YPX xodimlariga ko‘rsatib keldim. Qilgan ishimdan qattiq pushaymonman”, deydi qonunbuzar.

Toshkent shahar IIBB Ekspert-kriminalistika markazining texnik-kriminalistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu xizmat guvohnomasi purkovchi printer – reprografik usulda tayyorlangani, mazkur usul himoyalangan poligrafik mahsulotlar tayyorlash usuliga to‘g‘ri kelmasligi aniqlangan.

Foto: Sevimli Tv 

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan soxta xodimga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi hamda 3-qismi bilan, ya’ni soxtalashtiruvchining o‘zi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan rasmiy hujjatlarni tayyorlash va qalbakilashtirish jinoyati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat kodeksining ushbu moddasiga ko‘ra, besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlanishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Sirdaryoda ham soxta prokuror qo‘lga olingandi. U qator firibgarlik jinoyatlari uchun sud tomonidan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Bundan tashqari, Samarqand va Andijonda soxta IIB xodimi, Sirdaryoda prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining soxta xodimi, Buxoro Milliy gvardiyaning soxta xodimi, Samarqandda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining soxta xodimi, soxta o‘t o‘chiruvchilar va IIB xodimi, Toshkent viloyatida soxta «GAI» xodimi, Sirdaryoda soxta prokuror, Toshkentda soxta Milliy gvardiya mayori, Qashqadaryoda Milliy gvardiyaning soxta xodimi, Surxondaryoda o‘zini «Ichki ishlar organi mayori» deb tanishtirib yurgan soxta xodim qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Top