O‘zbekiston | 11:54 / 22.07.2023
46760
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada 11 yoshli qizchaning murdasi topildi. U avval zo‘rlanib, so‘ngra o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin

Bosh prokuraturaning xabar berishicha, 17 yashar yigit ushbu jinoyatda gumonlanib qo‘lga olingan.

20 iyul kuni Farg‘ona shahrining Yangi asr ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino yonidan 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilgan. Bu haqda bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97- (Qasddan odam o‘ldirish), 118- (Nomusga tegish) va 119- (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov davomida ushbu jinoyat sodir etishda gumonlayotgan shaxs (2006 y.t.) aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan. Voqea sodir bo‘lgan kuni gumonlanuvchining yonida bo‘lgan ikki nafar sherikning ushbu jinoyatga aloqadorligi ham tekshirilmoqda.

“Sodir etilgan qilmish jinsiy jinoyatlar toifasiga tegishli bo‘lgani sabab boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

 

Avvalroq Yangihayot tumanida 12 yoshli qiz 29 yashar erkak tomonidan zo‘rlab o‘ldirilgan, sud qotilni o‘ta xavfli retsidivist deb topib, umrbod ozodlikdan mahrum qilgandi.

Chilonzor tumanidagi 230-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasining 15 yoshli o‘g‘li 4 nafar qizga tegajog‘lik qilishda gumonlanib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, biroq jabrlanuvchilarning yaqinlari tergov ishlari sust borayotgani, gumonlanuvchi hamon ochiqda qolayotganidan arz qilishgandi.

Sariosiyoda 4-sinf o‘quvchisi zo‘rlangani, holat bo‘yicha prokuror va IIB mas’ulining javobi bir-biriga to‘g‘ri kelmayotgani haqida yozgandik.

Yangibozor tumanida voyaga yetmagan qizning nomusiga tajovuz qilganlar ma’lum bo‘lsa-da, qizning ota-onasi tergov cho‘zilayotgani, shu tariqa ish bosti-bosti qilinib, zo‘ravonlar jazosiz qolishidan xavotirda ekanini aytishgandi.

Past Darg‘omda murdasi topilgan o‘quvchi qiz o‘limidan oldin zo‘rlangani aytilgan, biroq prokuratura buni inkor etgandi.

Termizda maktab o‘quvchisining nomusiga tegilgani bosti-bosti qilingan, IIBda bu kabi jinoyatlarni yashirish holatlari ko‘payayotgani muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid