O‘zbekiston | 17:05 / 31.10.2023
35431
2 daqiqa o‘qiladi

Abduqodir Toshqulov ham prezident administratsiyasidan ketdi

Amalda prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimi tugatildi.

Abduqodir Toshqulov prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ketdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Abduqodir Toshqulov 2010 yildan Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan, 2017 yil sentabrida Termiz davlat universitetiga rektorlikka o‘tgan, 2018 yilda senatorga aylangan.

2021 yil yanvaridan esa oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga rahbarlik qila boshlagandi. 2022 yil dekabridagi ma’muriy islohotlar doirasida prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil avgustida prezident administratsiyasidagi islohotlar vaqtida prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Odil Abdurahmonov prezident administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari lavozimiga o‘tkazilgandi.

Odil Abdurahmonov oktyabr oyi oxirida oliy ta’lim vaziri bo‘lishi xabar qilindi.

Oxirgi oylarda u rahbar bo‘lib turgan Ijtimoiy rivojlanish departamentida 30 oktyabr kuni ikki o‘rinbosar ish boshladi - Asilbek Xudoyorov va Gayane Umerova.

Bundan oldinroq Laziz To‘ychiyev ham prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzuga oid