O‘zbekiston | 21:28 / 25.08.2025
8119
4 daqiqa o‘qiladi

Stadionlarni xususiylashtirish taqiqlandi

Prezident qarori bilan, davlatga qarashli stadionlar va futbol maydonlarining foydalanish maqsadini o‘zgartirish va sotish taqiqlandi. 1 oktyabrdan “Har bir mahallaga futbol maydoni” dasturi boshlanadi: davlatga qarashli futbol maydoni mavjud bo‘lmagan mahallalarda yer uchastkalari futbol maydoni qurish uchun auksionga chiqariladi.

Foto: e-auksion.uz

O‘zbekistonda davlat mulki obekti bo‘lgan futbol stadionlari va maydonlarining foydalanish maqsadlarini o‘zgartirish va sotuvga chiqarish taqiqlandi.

Ushbu taqiq davlat rahbarining 21 avgust kungi qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, Kadastr agentligining axborot tizimlariga davlat mulkidagi futbol stadion va maydonlarining foydalanish maqsadlari o‘zgartirilishi hamda sotuvga chiqarilishi taqiqlanishi haqida tegishli o‘zgarishlar kiritiladi.

2025 yil oxirigacha davlat mulkidagi futbol stadionlari va maydonlari xatlovdan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Xatlov natijalari bo‘yicha, futbol stadionlari va maydonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 2026 yil iyuligacha “Milliy futbol elektron platformasi”ga kiritilishi zarur.

Egasi noma’lum stadion va futbol maydonlarining yer uchastkalari va bino-inshootlarini ham xatlovdan o‘tkazib, ularga bo‘lgan huquqlarni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish topshirig‘i ham berildi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil boshida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Paxtakor” klubini stadioniga qo‘shib sotuvga qo‘ygan, jamoatchilik e’tirozlaridan keyin sotuv jarayoni to‘xtatilgan edi. O‘shanda tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev klub va stadionni sotib olib rivojlantirmoqchi bo‘lgani, lekin buning uchun 100 dollar ham to‘lamoqchi emasligini aytgandi. “Tekinga bersa olaman, pulga bersa olmayman”, degandi u.

Har bir mahallada futbol maydoni

Prezident qaroriga asosan, 2025 yil 1 oktyabrdan e’tiboran “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi boshlanadi.

Dastur doirasida:

  • mahallalardagi bo‘sh turgan davlat mulki obektlari (yer uchastkalari) ularning bir qismida futbol maydoni barpo etish va kamida 10 yil mobaynida uning foydalanish maqsadini o‘zgartirmaslik sharti bilan onlayn auksionga chiqariladi;
  • auksion g‘oliblariga xarid qilingan yer uchastkasining qolgan qismidan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish va tasarruf etish huquqi beriladi;
  • auksionga chiqarilgan yer uchastkalar 3 oy davomida sotilmagan taqdirda, ularning boshlang‘ich bahosi bosqichma-bosqich 10 foizdan, lekin ko‘pi bilan 50 foizgacha pasaytirilgan holda va sotib olish to‘lovlarini uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan savdolarga chiqariladi.

2025 yil noyabr oyi oxirigacha davlatga tegishli futbol maydonlari va stadionlari bo‘lmagan mahallalarda bo‘sh turgan yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazilishi kerak.

Xatlov natijalari bo‘yicha auksionga chiqariladigan yer uchastkalari ro‘yxati shakllantiriladi.

Hokimlar 2025 yil dekabr oyida mahallalarda futbol maydonlarini barpo etish bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlashlari lozim.

Ushbu qarordan boshqa yangiliklar:

Mavzuga oid