O‘zbekiston | 17:45 / 02.11.2021
13109
5 daqiqa o‘qiladi

AES qurilishi borasida O‘zbekiston jamoatchiligi va qo‘shnilarimiz fikri o‘rganiladi – Abdulaziz Komilov

Foto: Kun.uz / arxiv

Bugungi kunda O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasi bir qancha yo‘nalishlarda sinchiklab o‘rganilmoqda. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rus nashrlariga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Komilov AES qurilishi faqat iqtisodiy loyiha ekanini, hech qachon siyosatga aloqasi bo‘lmasligini ta'kidladi.

«Ushbu loyiha har qanday siyosatdan tashqari va faqat iqtisodiy xarakter kasb etadi. Shu sababli loyihani aniq iqtisodiy rejasi, maqsadga muvofiqligi tasdiqlanishi kerak. Bu ayniqsa, O‘zbekistonda alternativ energiya manbalari rivojlanayotgan vaqtda muhim.

Masalan, bizning davlatimiz quyosh va shamol energiyasi, gidroenergetika va boshqalarni rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar paketi takliflariga ega», degan vazir.

Shuningdek, Komilov MAGATE normalariga muvofiq xavfsizlik masalalarini unutmaslikni va jamoatchilik fikri hisobga olinishini bildirdi.

«Bunday yuqori texnologik va yirik loyiha jamoatchilik nazaridan chetda qolmasligi va shaffof bo‘lishi kerak. Shu sababli, biz bu borada nafaqat O‘zbekiston jamoatchiligining fikrlarini, balki davlatimiz bilan umumiy chegaralarga ega bo‘lgan qo‘shni mamlakatlar aholisi fikrini ham o‘rganamiz.

Shu tariqa, biz bu masalani o‘rganishda davom etamiz. Bu borada ishlar albatta ketyapti. Lekin, bularning hammasi qo‘yilgan savollarning javoblariga bog‘liq. Shundan kelib chiqib, bu loyiha amalga oshiriladimi yoki yo‘qmi, hal qiluvchi qaror qabul qilinadi», dedi O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari.

O‘zbekiston va Rossiya atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni 2017 yil dekabrida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolanganidan keyin boshlagan edi.

Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 19 iyuldagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi («O‘zAtom» agentligi) tashkil etildi.

2018 yilning 7 sentabr kuni o‘sha vaqtda Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya loyihasi bo‘yicha O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzoladi.

Loyiha SSER-1200 rusumdagi reaktorlarga ega ikkita energoblok qurilishini o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 13 oktyabrdagi 3969-son qarori asosida imzolangan bitim kuchga kirgan.

2018 yili Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat prezidentlari O‘zbekistondagi ilk AES qurilishiga start bergandi.

O‘zbekistondagi AESning birinchi energobloki 2028 yil oxiriga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Hozircha AES qayerda qurilishi aniq emas. Dastlab Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l atrofi AES qurilishi uchun salohiyatli maydon sifatida ko‘rilayotgani aytilgan bo‘lsa, keyinchalik inshoot Jizzax viloyatida barpo etilishi xabar qilingandi.

AES barpo etilgach O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyaning umumiy quvvati 2,4 gigavattgacha yetishi mumkin.

Qurilishi 11 mlrd dollarga baholangan ilk AESni barpo etish ishlari 2020 yilda boshlanishi aytilgan bo‘lsa-da, ayni paytda bu ish kechikmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, tomonlar shartnoma shartlarini kelishishda til topisha olmayapti.

2020 yilning dekabrida Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Vladimir Tyurdenev AES qurilishi bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi shartnoma deyarli tayyor holatga keltirilgani, faqat texnik jihatlari qolganini aytgan, biroq «O‘zAtom» elchining gaplarini rad etib, hali kelishuvga erishilmagani, shartnomani muhokama qilishda O‘zbekiston milliy manfaatlarini inobatga olgan holda muzokara pozitsiyalari ishlab chiqilgani va himoya qilib kelinayotganini ma'lum qilgandi.

Keyinroq, Markaziy Osiyoda O‘zbekiston tomonidan birinchi marotaba barpo etilishi kutilayotgan atom elektr stansiyasi qurilishiga qo‘shni qozog‘istonliklar qarshi chiqayotgani xabar qilindi. Ular Qozog‘iston chegarasidan 50 km uzoqlikda qurilishi nazarda tutilgan atom energetikasiga oid loyiha qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda qilinishi kerakligini aytgan.

Mavzuga oid