O‘zbekiston | 19:55 / 27.04.2024
29615
13 daqiqa o‘qiladi

Investorga berilgan bog‘lar, Jo‘rayevlar va Karimovlar oilasida sudlar - hafta dayjesti

Davlat xarajatlari inflatsiyani, tashqi qarzlar esa dollar kursini oshiryapti. Pul o‘tkazmalarida Rossiyaning ulushi qisqargan. Garajida 30 ta avtomobili bor Qashqadaryo hokimligi yana 4 ta elektromobilga buyurtma berdi – viloyat aholisining salkam yarmi esa ichimlik suvisiz yashayapti. O‘tgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Pul o‘tkazmalarida Rossiyaning ulushi qisqarmoqda

O‘zbekistonda uy xo‘jaliklarining Rossiyadan pul o‘tkazmalariga bog‘liqligi kamayishda davom etyapti. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovning ma’lum qilishicha, yilning 1-choragida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari tarkibida Rossiyaning ulushi sezilarli qisqarib, 68 foizgacha tushgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2022 yil yakunlariga ko‘ra 87 foiz bo‘lgan, 2023 yilda esa 78 foizgacha kamaygan.

Jahon banki ekspertlariga ko‘ra, bunday tendensiya Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari sonining kamayishi, rublning so‘mga nisbatan qadrsizlanishi va Rossiyada inflatsiya tezlashishi bilan bog‘liq.

Bu tendensiya bilan birga, pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi ham oshyapti. 1-chorakda xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga 2,5 mlrd dollar pul jo‘natilgan, bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foizga ko‘p. Ma’lumot uchun, 2023 yil davomida xorijdan pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi 11,4 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Iqtisodiy tendensiyalar

Dushanba kuni AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi ilk marta 12700 so‘mdan oshdi. Yil boshidan hisoblaganda so‘m dollarga nisbatan 2,6 foizga qadrsizlandi. Bu borada izoh bergan Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi oylarda dollar kursining nisbatan tezroq oshgani talab va taklif muvozanati bilan bog‘liq. Xususan, birinchi chorakda xorijiy valutaga bo‘lgan talab 17 foizga oshgan. Va bu talabning hammasi ham import bilan bog‘liq emas. “Masalan, tashqi qarzlar bo‘yicha to‘lovlarimiz o‘tgan chorakka nisbatan 34 mln dollarga o‘sdi”, dedi Mamarizo Nurmurodov. Ma’lumot uchun, 2024 yilgi davlat budjeti qonuniga ko‘ra, bu yil davlat qarzlarini so‘ndirish xarajatlari salkam 70 foizga oshadi. Qisqasini aytganda, dollar kursining oshishiga tashqi qarzlar ham ta’sir ko‘rsatyapti.

25 aprel kungi boshqaruv yig‘ilishida Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Nisbatan qattiq pul-kredit siyosatining davom etishi avvalo inflyatsion kutilmalar bilan bog‘liq. 1 apreldan qator tovar va xizmatlarga QQS imtiyozi bekor qilingani, 1 maydan belgilanayotgan energoresurslar tariflari kutilganidan yuqoriroq ekani sabab Markaziy bank 2024 yil uchun inflatsiya prognozini 8–9 foizdan 9–11 foizgacha oshirdi.

Regulyatorning kutilmalariga ko‘ra, bu o‘zgarishlarning iqtisodiyotdagi narxlarga ta’siri bir martalik xarakterga ega bo‘ladi va o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiyaning pasayuvchi trendiga sezilarli ta’sir qilmaydi. Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognoz ham biroz pasaytirildi. Unga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston YaIM o‘sishi 5,2–5,7 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilyapti. Yil boshidagi prognoz 5,5–6 foiz edi. Markaziy bank o‘z bayonotida yana bir bor tarkibiy islohotlar zaruratini eslatib o‘tdi.

Davlat tashkilotlarining iPhone va elektromobil xaridlari

Markaziy bank raisi payshanba kungi matbuot anjumanida budjet defitsiti haqidagi savolga ham javob berdi. U Markaziy bankda davlat xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha hech qanaqa instrument yo‘qligini aytarkan, regulyator bu boradagi xavotirlarini hukumatga kiritib borishini ta’kidladi. “Davlat xarajatlarining yuqori darajada oshishi inflatsiyaga ham ta’sir qiladi”, dedi Mamarizo Nurmurodov. Boshqacha aytganda, davlat haddan tashqari ko‘p xarajat qilib yuborsa, bu narx-navo oshishiga olib keladi.

Hukumat oxirgi 4 yildan buyon ruxsat berilganidan ko‘proq xarajat qilayotgani haqida avvalgi dayjestlarimizda aytib o‘tgandik. Shunisi ma’lumki, 2024 yilning birinchi choragida ham xarajatlar qisqarmagan, davlat budjeti taqchilligi butun 2024 yil uchun belgilangan qizil chegaradan 2 barobarga oshib ketib, salkam 20 trln so‘mga yetgan.

Shunday taqchillik sharoitida davlat tashkilotlarining qimmatbaho xaridlari bu hafta ham jamoatchilik e’tiborini tortdi. Ma’lum bo‘lishicha, hozir qimmatbaho telefonlar xaridi urf bo‘lgan. Masalan, Samarqand viloyati prokuraturasi bir necha oy oldin 1 terabayt xotiraga ega iPhone 14 Pro Max telefonlaridan 22 dona sotib olish uchun 425 mln so‘m xarajat qilgan. Prokuraturaga bunchalik qimmat smartfonlar nega kerak ekani ma’lum emas.

Bu holat ma’lum bo‘lgach, jurnalistlar surishtiruv o‘tkazib, yana o‘ndan ortiq davlat tashkilotlari iPhone va Samsung'ning eng qimmat modellaridan sotib olganini aniqladi. Boshqa bir surishtiruvda esa  ko‘pdan ko‘p davlat idoralari 380 mln so‘mdan 630 mln so‘mgacha bo‘lgan narxlardagi elektromobillarni xarid qilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Qo‘sha-qo‘sha elektromobil olayotgan tashkilotlar qatorida, masalan, Qashqadaryo viloyati hokimligi ham bor. Hokimlik avtoparkida 30 dan ortiq xizmat avtomobillari bo‘lishiga qaramay, yana 1 mlrd 780 mln so‘m sarflab, to‘rtta BYD Song Plus avtomobiliga buyurtma bergan. Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, “O‘zsuvta’minot” kompaniyasi shu hafta bergan ma’lumotga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatining 41 foiz, ya’ni salkam yarim aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Viloyat bu borada respublikada birinchi o‘rinda turadi.

Toshkentda yana ikkita bog‘ investorga berildi

Hafta davomida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan yana biri ham davlat budjeti bilan bog‘liq. Ma’lum bo‘lishicha, bog‘larni ta’mirlashga va saqlab turishga budjetda pul yo‘q degan vaj bilan, Toshkent shahri markazidagi “Do‘stlik” va Abdulla Qodiriy bog‘lari ham investorga berilgan. Bu bog‘larni 49 yilga ijaraga olgan investor begona emas – Chilonzordagi G‘afur G‘ulom bog‘ini Dream Park'ga aylantirgan BMP Smart Decision.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, har ikkala bog‘ uzog‘i bilan 3 yil ichida rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshiriladi. “Do‘stlik” bog‘iga o‘nga yaqin attraksionlar o‘rnatish reja qilingan. Abdulla Qodiriy bog‘ida esa attraksionlar bo‘lmasligi, lekin bir nechta restoran qurilishi aytilyapti. Shahar hokimligi qoshidagi jamoatchilik kengashi raisi Furqat Mahmudxo‘jayev Kun.uz savoliga javoban bog‘larning nomi o‘zgarishsiz qolishini tasdiqlay olmadi, lekin buning uchun harakat qilishga va’da berdi.

Ta’kidlash kerak, oxirgi yillarda har ikkala bog‘ hududining ayrim qismlari sotilib ketgan, bu yerlarda allaqachon binolar ham qurib bo‘lingan. Parklar xususiy qo‘llarga o‘tgani ma’lum bo‘lgach, ko‘plab faollar bunga qarshi ekanini bildirdi. Jamoatchilik vakillari bog‘larni xalqqa qaytarishni, kerak bo‘lsa respublikadagi barcha bog‘larni milliy bog‘lar deb e’lon qilib, ularning taqdirini hokimlar qo‘lida qoldirmaslikni so‘rayapti. “Do‘stlik” bog‘ida shovqin-suronli attraksionlar va boshqa qurilishlar bo‘lishiga qarshi chiqayotgan aholi vakillari petitsiya tayyorlab, imzo to‘plashni boshlab yuborgan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

AQSh O‘zbekistonni intellektual mulk huquqi xavf ostida bo‘lgan davlatlar qora ro‘yxatidan chiqardi. Bu bilan Qo‘shma Shtatlar hukumati O‘zbekistonda intellektual mulk huquqini himoyalash bo‘yicha qilingan ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etdi. Ta’kidlash kerak, bu turdagi huquqlar dunyo iqtisodiyotining drayver sohalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda esa hozircha asosan xonandalar bilan bog‘liq holatlar ko‘zga tashlanyapti. Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, san’atkor-shoira Mahliyo Ahrorova xonanda Avazbek Olimovdan 540 mln so‘m undirishni so‘rab sudga ariza kiritgan.

Sudga murojaat qilgan yana bir san’atkor – Botir Qodirov. U otalikni belgilash yuzasidan da’vo arizasi kiritgan. Botir Qotirov marhum san’atkor Sherali Jo‘rayev o‘zining otasi ekani, u nikohsiz farzand emasligi, onasining sha’niga zid gaplar bo‘lgani uchun ham sudga berishga majbur bo‘lganini aytdi. “Ukalarimdan hech narsani istamayman, menga puli ham, merosi ham kerak emas”, dedi u. Bundan oldin Zohirshoh Jo‘rayev otasidan qolgan merosga ko‘z tikilayotganini da’vo qilgandi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov esa Botir, Shohjahon va Zohirshohni “uch tirrancha” deb atab, ularni “buyuk san’atkorni loyga chaplash”da aybladi. Ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi Uchtepa tumanida 2 may kuni bo‘lib o‘tadi.

Yakkasaroy tuman sudida esa “Karimovlar ishi” davom etyapti. Birinchi prezident Islom Karimovning birinchi nikohidan bo‘lgan o‘g‘li Pyotr Karimov o‘tgan yili vorislik da’vosi bilan Tatyana Karimovani sudga bergan edi. Iyun oyida boshlangan sud jarayoni ko‘p o‘tmay noma’lum muddatga qoldirilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, sud ishi yopiq tarzda davom etyapti. Jarayon davomida sud tomonidan ekspertiza tayinlangan.

“3-4 yildan keyin gaz-svet bo‘yicha hech qanday muammo bo‘lmaydi”. Bu haqda energetika vazirining matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev dushanba kungi matbuot anjumanida aytib o‘tdi. “Oldimizda yana kamida 3-4 yillik ish turibdi. 3-4 yildan keyin – 2027-2030 yillargacha nasib qilsa elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishda hech qanday muammolar bo‘lmaydi deb va’da bera olamiz”, – dedi u. Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu yil qishgacha qayerda, qaysi metan-shoxobcha ishlayotganini ko‘rsatadigan mobil ilova ishga tushadi. Ilovaga respublika bo‘ylab “Hududgaz”dan gaz oladigan 1329 ta shoxobchaning barchasi ulanishi aytilyapti.

1997 yildan beri ilk marta O‘zbekistonga Britaniya tashqi ishlar vaziri keldi. Avvalroq qirollik bosh vaziri lavozimida ham ishlagan Devid Kemeronning Toshkentga tashrifi uning Markaziy Osiyodagi beshta respublika va Mo‘g‘ulistonni o‘z ichiga olgan turnesining bir qismi bo‘ldi. Toshkentda O‘zbekiston va Britaniya o‘rtasida Keng qamrovli sherikchilik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi; infratuzilma, iqtisodiyot va ta’lim sohalarida hamkorlik qilishga kelishib olindi. Kemeron Senat raisi Tanzila Norboyeva, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bilan uchrashdi. Ma’lumot uchun, davlat rahbari hafta boshida qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqandi.

Gaz qazib olish ko‘rsatkichlari pasayishda davom etmoqda. Rasmiy statistikaga ko‘ra, birinchi chorakda gaz qazib olish hajmi 11,6 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,9 foizga qisqargan. Gaz importi esa qiymat hisobida 2,4 barobarga oshib, uch oyda 360,2 mln dollarga yetgan. Shuningdek, yanvar-mart oylarida neft qazib olish 8,4 foizga, benzin ishlab chiqarish 6,5 foizga kamaygan. Dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 2,5 foizga ko‘paygan bo‘lsa, elektr energiyasi ishlab chiqarish 0,8 foizga oshgan.

O‘zbekistonda yangi xususiylashtirish dasturi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, NKMK, OKMK va boshqa bir qator yirik davlat korxonalari xorijiy va/yoki mahalliy fond bozorlarida IPO/SPO o‘tkazadi. “O‘zavtosanoat” tarkibidagi o‘nlab korxonalar, issiqlik elektr stansiyalari, Toshkent metallurgiya zavodi, Silk Avia aviakompaniyasi va Humo to‘lov tizimi xususiylashtiriladi. Hafta davomida, shuningdek, Paynet kompaniyasi xususiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi – Davaktiv bu borada ham rasmiy ma’lumot bermagan.

Mavzuga oid