O‘zbekiston | 17:21 / 20.12.2019
16878
2 daqiqa o‘qiladi

YeOIIga kirishga hech kim bizni majburlay olmaydi – Ilhom Ne'matov

Foto: KUN.UZ

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov Kun.uz'ga bergan intervyusida O‘zbekistonning Yevroosiyo ittifoqiga a'zo bo‘lishi haqidagi savolga javob qaytardi. U Qirg‘iziston tomonidan O‘zbekistonga qarashli So‘x eksklaviga olib boradigan yo‘lning ochilganidan ikki kun o‘tib yopib qo‘yilgani O‘zbekistonning YeOIIga a'zo bo‘lishi uchun qilinayotgan navbatdagi bosim emasligini ta'kidladi.

«O‘tgan safar ham aytganman, yana qaytarib aytaman. Yevroosiyo ittifoqiga kirishga bizni hech kim majburlay olmaydi. Chunki O‘zbekiston – nihoyatda salohiyatli, nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda katta obro‘ga ega bo‘lgan davlat. Manfaatlarimizga javob bersagina kiramiz. Hozirgi kunda ekspertlar tomonidan bu masalaning ijobiy tomoni, salbiy tomoni o‘rganilyapti. O‘rganish natijasi taroziga qo‘yilgandan keyin, ijobiy tomoni tarozi pallasini bosib ketsa, biz [ittifoqqa] kiramiz, salbiy tomoni bosib ketsa, demak, uni o‘ylab ko‘ramiz.

Lekin O‘zbekistonning iqtisodi tobora kengayib bormoqda, o‘sib bormoqda. Buning uchun nima kerak? Bozor kerak, maydon kerak. Asosiy maydon qayerda? Qozog‘istonda va Rossiyada. Shundan kelib chiqqan holda iqtisodiy manfaatimizga javob berishini o‘ylab bu tashkilot bilan yaqin hamkorlik qilishimiz kerak», deydi Ilhom Ne'matov.

Avvalroq Ilhom Ne'matov YeOII masalasida O‘zbekiston birinchi navbatda milliy manfaatlarga tayanishini ta'kidlagan, O‘zbekistondagi 4ta partiya YeOIIga a'zolikni yoqlashini tasdiqlagan, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilgandan keyin patent to‘lovi bekor bo‘lishini aytgan edi.

O‘zbekistonlik va xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning YeOIIga a'zo bo‘lishiga e'tiroz bildirishgan.

Mavzuga oid