19:10 / 05.01.2019
19544

Kattaqo‘rg‘onda bir oilaning 4 a'zosi is gazidan vafot etdi

2 yanvarga o‘tar kechasi Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani Zarqo‘rg‘on mahallasida yashagan to‘rt kishidan iborat oila is gazidan zaharlanib vafot etdi.

UZ24 xabarida aytilishicha, oila boshlig‘i suyultirilgan gazda ishlaydigan, Eronda ishlab chiqarilgan isitish qurilmasi sotib olgan va uni yoqib qo‘yib uxlagan. Oqibatda o‘zi, xotini va 15 yoshli qizi, 13 yoshli o‘g‘li vafot etgan. 20 yoshli o‘g‘li alohida xonada yotgani uchun tirik qolgan.

Kattaqo‘rg‘ondagi Eronda ishlab chiqarilgan pechkalar bilan savdo qiluvchi do‘kon hozirda yopib qo‘yilgan.

Bu 2019 yilda O‘zbekistonda is gazidan zaharlanish oqibatidagi ilk o‘lim holatlari bo‘lmoqda (OAVga ma'lum bo‘lgani). 

2018 yilning avgustida «O‘ztransgaz» AJ ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2018 yilning 4 oyida (yanvar-aprel oylarida) is gazidan zaharlanish oqibatida 54 kishi jabrlangani, 58 kishi vafot etgani aytilgandi (2017 yil davomida O‘zbekiston bo‘ylab 81ta is gazidan zaharlanish holatlari qayd etilgan va 83 kishi halok bo‘lib, 110 kishi jabrlangan). Ammo 2018 yilning oktyabriga kelib, yil ko‘rsatkichlari kamayib qoldi. Joriy yilning 10 oyida is gazi bilan bog‘liq 32 holatda 53 kishi jarohatlangani, 35 kishi vafot etgani ma'lum qilindi.

Qayd etish kerakki, Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘tgan yilning noyabr oyida ikki marta is gazidan zaharlanish oqibatida o‘lim holatlari kuzatilgandi. Avvaliga 7 noyabr kuni Kattako‘rpa qishlog‘ida er-xotin zaharlanib vafot etgan, 11 noyabr kuni «Kumushqirg‘oq» mahallasida bir kishi is gazidan zaharlanish oqibatida hayotdan ko‘z yumgandi. 

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi oxirida Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi bir xonadonda besh nafar qiz bir kechada is gazidan zaharlanib, vafot etgandi.

O‘tgan yilning oktabr oyi oxirida Toshkentning Chilonzor tumanida bir oilaning to‘rt farzandi is gazidan zaharlanib vafot etgan edi. Bu fojiadan keyin zudlik bilan hukumat komissiyasi tuzildi. Uning oldiga shaxsiy uylarda isitish pechlari va isitish tizimlarini tekshirish va nazorat qilish vazifasi yuklatildi. Komissiyaga Ochilboy Ramatov bosh qilib tayinlandi.

Mavzuga oid
Top