Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda joriy yilda is gazidan 35 kishi vafot etgan
2018 yilning o‘tgan 10 oyida gaz asbob-uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish hamda chaqnash va yong‘in natijasida gaz-havo aralashmasi bilan bog‘liq 21ta holatda 51 kishi jarohatlangan va 15 kishi vafot etgan. Bu haqda O‘zAda e'lon qilingan «Baxtsiz hodisalar ortishiga nima sabab bo‘lmoqda?» sarlavhali maqolada keltiriladi.
Maishiy gaz ballonlar bilan bog‘liq 10ta holatda 10 kishi jabrlangan, 7 kishi vafot etgan. Is gazi bilan bog‘liq 32 holatda 53 kishi jarohatlangan, 35 kishi vafot etgan. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida bo‘lib, is gazidan 11 kishi vafot etgan.
31 oktabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi yangi qurilgan uylarning birida bir oilaning to‘rt farzandi bir kechada to‘satdan vafot etdi. Bu fojiaga is gazi sababchi ekani ma'lum bo‘ldi.
Mazkur voqeadan so‘ng O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya oldiga shaxsiy uylarda isitish pechlari va isitish tizimlarini tekshirish va nazorat qilish vazifasi yuklatildi.
1 noyabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tumanida is gazidan zaharlanish oqibatida uch kishi halok bo‘ldi.
Shu kuni Vazirlar Mahkamasining «Aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini o‘rganish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etildi. Aholi turar-joylaridagi isitish qozonlari va pechlaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya etilishi holatini tizimli o‘rganish hamda mavjud muammo va nosozliklarning bartaraf etilishini ta'minlash bo‘yicha hududiy komissiyalar tashkil etildi.
«O‘ztransgaz» AJ, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi, «O‘zdavneftgazinspeksiya» davlat inspeksiyasiga Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda aholi xonadonlarining ichki gaz tarmoqlari hamda gazda ishlovchi qurilma va uskunalarning texnik taftishdan o‘tkazilishini va ularga profilaktika xizmati ko‘rsatilishini ta'minlash vazifalari topshirildi.
Endi ko‘p kvartirali uylarda gaz plitalari (boshqa gaz priborlari mavjud bo‘lmaganda) ikki yilda bir marta, turar joylardagi gaz plitalari, isitish, suv isitish priborlari bir yilda bir marta texnik taftishdan o‘tkaziladi, har yili isitish mavsumidan oldin ularga profilaktik xizmatlar ko‘rsatiladi. Turar joylardagi dudburonlar va ventilyatsiya kanallari har yili isitish mavsumidan oldin tekshirilib, ularning sozligi tegishli dalolatnomalar bilan qayd etiladi.
Qarorda davlat soliq qo‘mitasiga qo‘lbola yasalgan nostandart isitish moslamalarini ishlab chiqarish hamda ularning bozorlar va turli savdo shoxobchalarida sotilishining oldini olish bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rish vazifasi topshirildi.
Mavzuga oid
16:36 / 20.12.2024
Qarshida bir oilaning to‘rt a’zosi is gazidan zaharlangan - ekspertiza
16:25 / 20.12.2024
Chorvoqda bir oilaning uch a’zosi gazdan zaharlanib vafot etdi
17:32 / 19.12.2024
Qarshidagi fojianing gaz yoki is gazi bilan bog‘liqligi ehtimoldan yiroq - “Hududgazta’minot”
12:07 / 19.12.2024