Jamiyat | 12:57 / 25.07.2020
27222
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari agentligining hududiy boshqarmasi boshlig‘i 38 yoshida vafot etdi

Davlat xizmatlari agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Zafarjon Akramov vafot etgan. Bu haqda agentlikning axborot xizmati tomonidan ma'lum qilindi.

«Zafarjon Akramov haqida faqat iliq fikrlar qoldi. Ko‘p yillar malakali huquqshunos sifatida xalq xizmatida bo‘lgan, prokuratura idoralarida faoliyat yuritgan Zafarjon Akramov 2018 yilning mart oyidan Davlat xizmatlari agentligi sohasiga kirib keldi.

Davlat xizmatlari agentligi jamoasi agentlikning Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Akramov Zafarjon Chori o‘g‘lining bevaqt vafoti munosabati bilan uning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi», deyiladi agentlik xabarida.

Hozircha o‘limi sababi ma'lum qilinmagan.

Kun.uz manbasining ma'lum qilishicha, marhum 38 yoshda, 2 nafar farzandning otasi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 15 iyul kuni Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasining 61 yoshli mas'ul xodimi koronavirusdan vafot etgan edi. Bu agentlik tizimida koronavirus bilan bog‘liq ilk o‘lim holati bo‘lgandi.

Avvalroq 13-14 iyul kunlari Toshkent shahar IIBB xodimi, 36 yoshli mayor A'loxon Shamahmudov va IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i, 48 yoshli podpolkovnik Shavkat Nafasov koronavirusdan vafot etgani xabar qilingandi. SSV bu o‘lim holatlarini 15 iyul kuni tasdiqlagan.

Shuningdek, 16 iyul kuni IIV Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev 12 iyul kuni 42 yoshida vafot etgani, uning o‘limiga koronavirusdan kasallangani sabab bo‘lgani haqida xabar berdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi shu kuni o‘lim holatini tasdiqladi.

Mavzuga oid