Jahon | 20:58 / 24.07.2021
16812
4 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston 100 ming nafar afg‘on qochqinlarini qabul qilishga tayyor

Mamlakat favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Imomali Ibrohimzodaning aytishicha, Tojikiston 100 mingga yaqin afg‘on qochqinini qabul qilishga tayyor.

Foto: Andrey Solomonov

Uning so‘zlariga ko‘ra, qochqinlar Afg‘oniston bilan chegara yaqinida joylashgan Tojikiston Mudofaa vazirligining dala-o‘quv maydonlariga joylashtirilishi mumkin. Zaruratga qarab undan ham ko‘proq afg‘onistonliklarga yordam berilishi ko‘zda tutilgan.

“Xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda afg‘on qochqinlarini qabul qilish bo‘yicha mavjud imkoniyatimizni o‘rganyapmiz”, deya Imomali Ibrohimzodadan iqtibos keltirmoqda OAV.

Tojikiston favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, tez orada Kushoniyon va Xorug‘da qochqinlar uchun mo‘ljallangan chodirlar, ko‘rpa-to‘shaklar, gigiyena vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanadigan ikkita omborxona tashkil etiladi. Bundan tashqari, mamlakatda qochqinlar uchun maxsus lagerlar barpo etilmoqda.

Imomali Ibrohimzodaning ta'kidlashicha, iyul oyida Tojikiston toliblar hujumidan qochib mamlakat hududiga o‘tgan mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarolarini qabul qilgan. Qochqinlarga vaqtinchalik uy-joy, tibbiy yordam, kuniga uchta issiq ovqat, choyshab va oshxona anjomlari berilgan. Mulozim so‘ngra afg‘onistonliklar Kobul va Mozori-Sharifga o‘n bitta charter reyslari bilan qaytarib yuborilganini ma'lum qildi.

Avvalroq Tojikistonning Xatlon viloyati hududida afg‘on qochqinlari uchun vaqtinchalik baza barpo etilishi, buning uchun viloyatning Jayhun tumani hududidan maxsus joy va hududiy budjetdan kerakli summa ham ajratilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishi ortidan toliblar mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda. Aksariyat to‘qnashuvlarda afg‘on hukumat qo‘shinlari «Tolibon»ga mag‘lub bo‘lmoqda va jon saqlash qolish uchun hududdagi tinch aholi bilan birgalikda qo‘shni davlatlar hududiga chekinishga majbur bo‘lmoqda.

Afg‘oniston bilan eng katta chegara chizig‘iga ega bo‘lgan Tojikiston hududiga qariyb bir oydan beri afg‘on qochqinlarining o‘tishi davom etmoqda. Ma'lum qilinishicha, tojik chegarachilari insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga amal qilib, afg‘on harbiylariga o‘z hududiga o‘tishga ruxsat berib kelishyapti. Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlash uchun 20 ming harbiy xizmatchini safarbar qilgan.

Afg‘on qochqinlari Tojikistondan tashqari O‘zbekiston, Pokiston hududiga ham qochib o‘tishgan. 16 iyul kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada Pokiston bosh vaziri Imron Xon ayni paytda 3 milliondan ortiq afg‘on qochqinlari Pokistonda jon saqlayotganini ma'lum qilgan.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 5,7 million qochqin «Tolibon» qulaganidan keyin mamlakatga qaytib kelgan, 2,7 million qochqin esa Pokiston va Eron kabi davlatlarda qolmoqda. 4 million ichki muhojir hamon o‘z uylaridan uzoqda.

Bloomberg agentligi prezident Jo Bayden ma'muriyati Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistondan Amerika qurolli kuchlari bilan hamkorlik qilgan 9 ming nafar afg‘onistonlikni o‘z hududlarida vaqtincha joylashtirishni so‘rab murojaat qilgani to‘g‘risida xabar bergandi.

Mavzuga oid