Iqtisodiyot | 16:42 / 07.12.2021
34437
13 daqiqa o‘qiladi

Kvotalash niqobi ostida...

Hukumat qarori bilan tovarlar importiga tarif kvotalari joriy etiladigan bo‘ldi. Iqtisodchilar Mirkomil Xolboyev, Otabek Bakirov va Behzod Hoshimov bu qarorning salbiy oqibatlaridan ogohlantirdi.

Foto: Sindicato Dos Bancarios

Iqtisodchilarning fikricha, bu – proteksionizm tomon tashlangan navbatdagi qadamdir va undan eng ko‘p kambag‘al qatlam zarar ko‘radi. Yangi tartibda tanlab olinganlargina qo‘llab-quvvatlanishi, natijada import yanada monopollashishi mumkin.

Savdoni erkinlashtirmoqchimizmi yoki teskarisi?

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tushuntirishicha, savdoni cheklash usullarini shartli ravishda uchga bo‘lish mumkin: boj bo‘lgan, boj bo‘lmagan va yashirin usullar. Ba'zi hollarda ular bir vaqtda qo‘llanadi.

Ko‘pchilikka ma'lum bojli cheklovlar – mamlakatga olib kirilayotgan tovarlar uchun boj stavkalarini belgilashni nazarda tutadi. Boj bo‘lmagan usullarga esa miqdoriy cheklash (kvota)ni misol qilib keltirish mumkin.

Foto: Mirkomil Xolboyev / Facebook 

“Miqdoriy cheklashning bojlardan asosiy farqi shundaki, mamlakatga olib kirilayotgan tovarlar uchun yillik (oylik yoki kvartallik) miqdoriy cheklovlar o‘rnatiladi. Masalan, mamlakatga joriy yilda 100 tonna shakar olib kirish mumkin kabi. Import miqdori belgilangan darajaga yetgandan keyin bu mahsulot importi butunlay to‘xtatiladi. Masalan, shakar importi 100 tonnaga yetsa, mamlakatga boshqa shakar import qilish imkonsiz bo‘lib qoladi.

Ammo hozirgi kunda kvotalarning yolg‘iz o‘zi kamdan kam hollarda qo‘llaniladi. Ya'ni ular aksariyat hollarda bojlar bilan birga keladi. Masalan (tasavvuriy misol), shakar importining 100 tonnasi uchun 10 foizli import boji amal qiladi. 100 tonnadan oshgan har bir kg shakar importi esa aytaylik 100 foizlik bojga tortiladi.

Xuddi shunga o‘xshash misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin. Masalan, Janubiy Koreya yoki Yaponiya ichki guruch ishlab chiqaruvchilarini saqlab qolish maqsadida kvotali bojlardan foydalanadi. Ularda guruch importining taxminan (Koreyada) 400 ming tonnasi (umumiy iste'molning taxminan 25 foiz) 5 foizli bojlar bilan import qilinadi, hamda bu miqdor bir nechta hamkor davlatlarga bo‘lib berilgan. Import hajmi 400 ming tonnaga yetgandan keyin har bir kg import qilingan guruch 500 foizdan yuqoriroq darajada bojlarga tortiladi (qaysiki, import qilish deyarli ilojsiz bo‘lib qoladi)”, – deya yozadi iqtisodchi.

Mirkomil Xolboyev hukumatning 2 dekabrdagi qarori bilan tarif kvotalarini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangani yuzasidan bir nechta savollar va xavotirlarini bayon qiladi.

Birinchidan, nizom menga judayam mujmal ko‘rindi, ya'ni nizomga ko‘ra, import tovarlarining belgilangan miqdori uchun belgilangandan pastroq darajadagi bojlar qo‘llanilsa, belgilangan miqdordan oshib ketgan miqdor uchun amaldagi bojlar qo‘llaniladi (nizomdagi ko‘rinishidan iloji boricha osonlashtirishga harakat qildim). Bir qarashda savdomiz erkinlashayotgandek ko‘rinadi, ya'ni qanchadir miqdor uchun amaldagidan pastroq, o‘sha miqdordan oshgan import uchun esa amaldagi bojlar qo‘llanilishi aslida savdoning erkinlashishi-ku, lekin unda bu nizomning ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorga qanday aloqasi bor? Ya'ni agar biz ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun bu nizomni qabul qilayotgan bo‘lsak, unda nizomning yuqoridagi ko‘rinishi mantiqsizroq bo‘lib qolgan bo‘ladi-ku. Menimcha, belgilangan kvotadan oshgan miqdor uchun amaldagi emas, balki yangi belgilangan boj rejimi amal qilishi belgilanadi.

Ikkinchidan, bu nizom ikki jihatiga ko‘ra judayam xavfli. Nizomda keltirilishicha, bir vazirlik (Investitsiyalar va tashqi savdo) belgilangan kvota miqdorini import qiluvchilarga bo‘lib beradi. Boshqacha aytganda, hukumat kimga import qilish huquqini berishni o‘zi hal qiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan nafaqat biz kabi, balki istalgan davlatda korrupsiyaning yanada avj olishga sabab bo‘ladi (ya'ni qaysidir sabablarga ko‘ra hukumat “A” importyorga “B” importyorga nisbatan ko‘proq kvota beradi hamda buning sababini hech kimga tushuntirib bermaydi).

Boshqacha aytganda, hozirgi shakldagi kvota nafaqat ichki bozorni monopollashtiradi, balki import qilish huquqini ham hukumat bo‘lib berishi natijasida import ham monopoliyaga aylanadi.

Bundan tashqari, davlat qaysi davlatlardan import qilishni ham o‘zi belgilaydi, bu ham iste'molchilar uchun zarar bo‘lishi mumkin. Masalan, hukumat qaysidir siyosiy ambitsiyalariga ko‘ra qimmatroq bo‘lsa-da bir davlatga kvota berishni, boshqa aslida arzonroq bo‘lgan davlatga nisbatan afzalroq deb bilishi mumkin.

Uchinchidan, ichki ishlab chiqaruvchilar yuqorida nomi keltirilgan vazirliklarga o‘z takliflarini kiritishi mumkin ekan. Bu esa ichki bozorda yirik ta'sirga ega ba'zi ishlab chiqaruvchilarning vazirliklarga bosim o‘tkazishi yoki noqonuniy yo‘llar bilan ularga ta'sir qilish orqali o‘zlari ishlab chiqarayotgan tovarlarga import kvotalarini o‘rnatishga erishishi mumkin.

Bu esa o‘zi shundoq ham iste'molchilarga uzoq vaqtdan buyon og‘riq berib kelayotgan ba'zi sohalar uchun savdoning yana uzoq vaqt erkinlashmasdan qolishiga olib kelishi mumkin.

Xulosa shuki, bojli kvotalar import to‘siqlarini hozirgi darajadan oshirmagan taqdirda ham, davlatning bozorga aralashuvi keskin oshishi iste'molchilar uchun yomon natijalarga olib kelishi mumkin.

O‘ylashimcha, hukumat aynan ba'zi xalqaro tashkilotlarga qo‘shilishi arafasida shuncha vaqtdan buyon himoya qilib kelgan ichki ishlab chiqaruvchilarini himoya qilishda davom etish maqsadida bunday usul orqali savdoni cheklashga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Nima bo‘lganda ham, katta ehtimol bilan, bu nizom iste'molchilarning farovonligi oshishiga emas, balki pasayishiga xizmat qiladi.

Savdoni haqiqatan ham erkinlashtirmoqchi bo‘lgan hukumat uni turli yangi usullar bilan cheklash hamda murakkablashtirishga emas, balki uni erkinlashtirish va soddalashtirishga harakat qiladi. Afsuski, bizda bunday tendensiyasini hozircha ko‘rayotganim yo‘q”, – deya xulosa qiladi iqtisodchi Mirkomil Xolboyev.

“Kvotalash – tor doiradagi manfaatdorlarni yanada qo‘llash vositasi”

Otabek Bakirov / Foto: Kun.uz

Iqtisodchi Otabek Bakirov hamkasbining yuqoridagi fikrlarini davom ettirib, ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadi ortida aslida ichkaridagi bir guruh favoritlarni qo‘llash yotganini taxmin qiladi.

“Qurbaqa qaynayotgan suvga tashlansa, birdan sakrab chiqib ketadi. Lekin qurbaqa sovuq suvga solinib, sekin-asta suv harorati ko‘tarilib borilsa, u pisha boshlayotganini sezmay ham qoladi.

Shu ma'noda 2020 yildan faollashtirilgan proteksionizmni tiklash siyosati ham, xuddi qurbaqani sovuq suvda asta-sekin qaynatish singaridir.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash niqobi ostida mamlakatni xorijiy tovarlardan yopish va ichkarida shakllangan bir guruh favoritlarga davlat xaridlari bo‘yicha hajmlarni qo‘shqo‘llab topshirishdan boshlangan harakat bu bilan kifoyalanmasligi aniq edi.

Endi ular navbatdagi bosqichga – kvotalash orqali tor doiradagi manfaatdorlarni yanada qo‘llash va import bo‘yicha ham sadoqatli tanlanganlar guruhini ajratib olishga urinib ko‘rishadi. Axir, ular 90-yillar va 2000-yillarda kvotalash qanday mazali bo‘lganini juda yaxshi eslaydilar. Ayniqsa, bu vosita hukumat qo‘lida bo‘lsami?” – deya munosabat bildirdi Bakirov.

“Savdoni cheklash – kambag‘al qatlam uchun ayniqsa og‘riqli”

Behzod Hoshimov / Foto: Kun.uz

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Bakirovning fikrlarini davom ettirar ekan, import kvotalari shundoq ham eng katta bojlarga ega O‘zbekiston uchun qimmatga tushishiga urg‘u beradi.

“O‘zi hozir ham avtarkik, eng katta bojlar va savdoga bo‘lgan to‘siqlar mavjud mamlakatlardan birimiz.

Deyarli 30 yildan beri JSTga kira olmadik, dunyo bozoridan keskin uzilgan va “mahalliy bozorni muhofazalash” bilan shug‘ullanib kelmoqdamiz. Shuncha paytdan beri bu savdo falsafasi o‘zini na bizda, na bir boshqa joyda oqlagan.

Savdoga to‘siqlar albatta yomon, ular qisqa muddatda daromadlarimizni qisqartiradi. Oddiy aytsak, hamma tovarlar qimmatlashadi (boj qo‘yilmagan tovarlar ham). Real daromadlarni tushirishning yo‘llaridan. Buning ustiga, bu chora regressiv – puli kamroq insonlar daromadining ko‘proq qismini tovarlarga ishlatishadi, shuning uchun bojlar aynan kambag‘alroq qatlam uchun eng og‘riqli.

Lekin savdoga bo‘lgan to‘siqlar va savdo siyosatidagi shunday miopik harakatlar uzoq muddatda ham O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun katta zarar. Dunyo biz o‘ylagandan ancha bog‘liqroq, biz dunyodagi ishlab chiqarish zanjirlariga kira olsak, ilg‘or texnologiyalar va kapitalni bizdan rivojlangan mamlakatlardan olib kira olamiz, buning natijasida samaradorlik ham oshar edi va natijada daromadlar. Lekin o‘zimizning oyog‘imizni shunday chopaversak, sarmoyalar kirishi amrimahol.

Masalan, tariximizdagi eng ko‘p to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar kiritilgan yili 2019 yilda, bizga kirgan chet el investitsiyalari Gruziya kirgan investitsiyalardan ham kamroq edi. Vaholanki, Gruziya bizdan o‘n barobar kichik va mamlakatning salmoqli qismi okkupatsiya ostida”, – deya ta'kidladi u.

Behzod Hoshimov urushlarda bir-biriga dushman davlatlar savdoni cheklashga urinsa, O‘zbekiston o‘zi uchun o‘zi savdoni cheklayotganiga urg‘u beradi.

“Oxirgi eslatma – odatda urushlarda, bir-biriga dushman tomonlar savdoni cheklashga urinishadi. Masalan, AQSh fuqaroviy urushida, shimolliklar janub shtatlari portlarini blokada qilishining sababi – savdoni cheklash edi. Eng muhimi, Fransiyadan keladigan kemalar janub portiga kiritilmasligi edi.

Xuddi shunday, Kuvayt urushidan keyin Iroq savdosini BMT mandatiga ko‘ra cheklashgan. Ya'ni odatda, savdoga cheklovlar shunchalik yomon narsaki, urush paytida bir-biriga dushman bo‘lgan mamlakatlar savdoga cheklovni urushning bir turi va vositasidek qo‘llaydilar.

Shartli G‘arbiy sanksiyalar, masalan Eron yoki Shimoliy Koreyaga qo‘llangan sanksiyalar, G‘arbda ishlab chiqarilgan tovarlar o‘sha sanksiya ostidagi mamlakatlarga kirishini taqiqlaydi. Ya'ni sanksiya ostidagi mamlakatlar uchun importni cheklash – jazo vositasi. Ya'ni Shimoliy Koreya generallari Fransiya konyagini baribir qora bozorda sotib olishadi, lekin Fransiya bu cheklovni qilishi, fransuz tovarlari uchun narxni, ya'ni de-fakto bojni oshirish vositasi xolos.

Aytmoqchi bo‘lganim, importni cheklash bu shunchalar yomonki, odatda jazo tariqasida qo‘llanadi, biz savdoni cheklash qanchalar zarar ekanini anglashimiz kerak”, – deya tushuntiradi iqtisodchi Behzod Hoshimov.

Ma'lumot uchun, 2 dekabr kuni qabul qilingan import kvotalariga oid yangi tartib 2022 yil 3 martdan kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi oxirida O‘zbekiston va Rossiya bosh vazirlari O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan munosabatlarini muhokama qilgan edi. Oktyabr oxirida esa O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umrzoqov Moskva Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi kengashi raisi Mixail Myasnikovich bilan uchrashgandi.

Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish O‘zbekiston hukumatining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan strategiyasiga kiritilishi kutilmoqda. O‘zbekiston a'zo bo‘lib kirish uchun arizani 1994 yilda bergan.

Tegishli ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi shu yil oxirigacha o‘tkazilishi belgilangan.

Markaziy bank bildirgan pozitsiyaga ko‘ra, JSTga a'zo bo‘lish inflatsiyani pasaytirishga yordam beradi.

Mavzuga oid