O‘zbekiston | 07:41 / 06.12.2021
4118
4 daqiqa o‘qiladi

Import qilinadigan tovarlarga tarif kvotalari joriy etiladi

Foto: Dreamstime

Vazirlar Mahkamasining 2 dekabrdagi qarori bilan, import qilinadigan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat prezidentning «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Tarif kvotasi – ayrim turdagi tovarlarni bojxona hududiga olib kirishning muayyan davri mobaynida belgilangan miqdorda import qilinadigan tovarlarga nisbatan import bojxona bojlaridan kam stavkalardan foydalanishni nazarda tutuvchi tartibga solish chora-tadbirlari, belgilangan miqdordan ko‘p holatlarda import bojxona bojlarining amaldagi stavkalari qo‘llanilishi.

Nizomda belgilanishicha, O‘zbekistonga tarif kvotasi doirasida belgilangan hajmda olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tegishli import bojining pasaytirilgan yoki amaldagi stavkalari qo‘llanishi mumkin.

Tarif kvotalarining hajmi, amal qilish muddati va import bojxona boji stavkasini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Tarif kvotalari hajmlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining qaroriga muvofiq import qiluvchilar o‘rtasida taqsimlanadi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib belgilangan hollar bundan mustasno.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda iste'mol hajmlarini, ishlab chiqarish quvvatlarini va ichki bozor narxlarining o‘zgarishini inobatga olgan holda tarif kvotalarini joriy qilish bo‘yicha bir yilda kamida bir marta Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Xo‘jalik yurituvchi sub'yekt tarif kvotalarini qo‘llash uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga ariza bilan murojaat qilishi lozim. Ariza ko‘rib chiqilgani uchun yig‘im undirilmaydi.

Vazirlar Mahkamasi taqdim etilgan takliflar asosida tarif kvotalari hajmlarini belgilash yoki belgilamaslik, ularning muddatlari va boj stavkasi to‘g‘risida yakuniy xulosani qabul qiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tarif kvotasini joriy qilish to‘g‘risida OAVda va o‘zining rasmiy saytida berilgan e'longa muvofiq tarif kvotasi hajmlarini taqsimlash bo‘yicha 10 ish kunida rezidentlardan arizalar qabul qiladi.

Tarif kvotasini belgilash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish jarayonida quyidagi shartlarga rioya etilishi lozim:

  • tarif kvotasini muayyan davr uchun belgilash (tarif kvotasini mamlakatlar o‘rtasida taqsimlash masalasini ko‘rib chiqish natijalaridan qat'i nazar);
  • barcha manfaatdor mamlakatlarni ularga ajratilgan tarif kvotasi hajmi yuzasidan xabardor qilish (tarif kvotasini mamlakatlar o‘rtasida taqsimlash haqida qaror qabul qilingan taqdirda);
  • tarif kvotasini belgilash, uning amal qilish muddati va miqdori, shu jumladan, tarif kvotasi hajmi, mamlakat yoki rezidentlar yoxud import qiluvchilar bo‘yicha hajmlarni taqsimlash (mamlakatlar o‘rtasida tarif kvotasi hajmini taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda);
  • tarif kvotasi hajmi doirasida olib kiriladigan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladigan import bojxona bojlari stavkalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni e'lon qilish.

Mavzuga oid