O‘zbekiston | 20:00 / 03.01.2022
6297
4 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda “snos”lar uchun mulkdorlarga 1 trilliondan ortiq pul to‘landi

2021 yil davomida O‘zbekistonda davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan 3 mingdan ortiq mulkdorga jami 1 trillion 37 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya mablag‘lari to‘langan.

Foto: Kun.uz

Bu haqda Moliya vazirligi Kun.uz so‘roviga muvofiq taqdim qilgan ma’lumotda aytiladi.

Ma’lum qilinishicha, prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng mahalliy hokimliklar tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan hamda to‘lanmagan, qo‘shimcha aniqlangan 692 ta obekt bo‘yicha qarzdorliklar mavjud.

“Mahalliy hokimliklar tomonidan qarzdorliklarni bartaraf qilish maqsadida 338,5 mlrd so‘m yetkazilgan zararlar qoplangan bo‘lib, o‘rganishda aniqlangan qo‘shimcha qarzdorliklar hisobiga to‘liq bartaraf qilinmagan.

2021 yil davomida davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 592 ta mulkdorga 286,4 mlrd so‘m hamda hududiy jamg‘armalar hisobidan 2637 ta mulkdorga 750,7 mlrd so‘m – jami 3229 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga 1 037,1 mlrd so‘m miqdorda kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berilgan”, – deyiladi Moliya vazirligi Kun.uz'ga taqdim qilgan rasmiy ma’lumotda.

2021 yil avgust oyida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazgan prezident Shavkat Mirziyoyev ularni qiynayotgan bir qancha muammolar – xususan, infrastruktura, soliqlar, sohaga doir qonunlar hamda mulk daxlsizligi masalalariga to‘xtalgan edi. Shuningdek, davlat rahbari barcha viloyat hokimlarini qarzdorliklarni tugatish bo‘yicha ogohlantirgandi.

“Bugungi kunda mahalliy hokimliklar bino va inshootlarning buzilishi bo‘yicha 349 nafar tadbirkordan 123 milliard so‘m qarzdor. Barcha viloyat hokimlarini ogohlantiraman: 1 sentyabrga qadar tadbirkorlar bilan barcha hisob-kitoblar yakuniga yetkazilishi, bir so‘m ham qarzdorlik qolmasligi shart”,degandi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan so‘ng budjetdan qo‘shimcha 123 milliard so‘m ajratilgan va tadbirkorlarga to‘lab berilgan. Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 2021 yil 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, o‘sha majlisda parlament deputatlari “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunni ma’qullagan. Bu qonunda budjetdan 2021 yildagi “snos”lar keltirgan zararni qoplash maqsadida yana 50 milliard so‘m mablag‘ so‘ralgan.

Lekin, o‘sha majlisda Moliya vazirligi mas’ullari deputat Rasul Kusherbayevning ham, keyinroq Kun.uz nashrining ham 2022 yilga hukumat “snoslar” bo‘yicha qancha qarzdorlik bilan o‘tayotgani haqidagi savollarini ochiq qoldirdi.

Shuningdek, Qonunchilik palatasining o‘sha kundagi majlisida 2022 yilda davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan to‘lanadigan kompensatsiyalar uchun budjetdan 500 milliard so‘m ajratilayotgani aytib o‘tildi.

Jahon odil sudlov loyihasi xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan yuritiladigan reytingda (2021 yil hisobotida) O‘zbekiston mulklarni sud qarorisiz va adolatli tovon pulisiz musodara qilish bo‘yicha eng yomon natijalardan birini qayd etib kelmoqda.

Mavzuga oid