16:34 / 30.07.2022
20546

Prokuratura “O‘ztransgaz” ustidan tekshiruv o‘tkazgani tasdiqlandi

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti may oyida “O‘ztransgaz” mansabdorlari ustidan jinoiy ish ochishga qaror qilgan, biroq bu qaror Bosh prokuratura tomonidan bekor qilinib, ish tergovga qadar tekshiruvga qaytarilgan.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘ztransgaz” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qaror nusxasi tarqaldi. Shu yil 12 may kuni imzolangan hujjatga Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘tkazgan tekshiruvlar asos bo‘lgan.

Holatga Bosh prokuratura tomonidan izoh berildi. Unga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganilganida, tergovga qadar tekshiruv harakatlari “to‘laqonli o‘tkazilmasdan”, qaror “barvaqt qabul qilingani” aniqlangan.

“Shu sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qaror 16 may kuni bekor qilinib, qo‘shimcha ravishda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borish uchun yuborilgan”, – deyiladi mahkama xabarida.

Bayonotda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish va jinoyat ishi ochishga asos bo‘lgan holatlar yuzasidan munosabat bildirilmagan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga nima sabab bo‘lgan?

Internetda tarqalgan, “O‘ztransgaz” mansabdorlari ustidan jinoyat ishi ochish haqidagi qarorni Departamentning surishtiruv bo‘limi bosh surishtiruvchisi U.Hoshimov qabul qilgan, uning bu qarorini bo‘lim boshlig‘i Sh.Rahmatov ma’qullagan.

Bundan tashqari, bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev jinoyat ishi qo‘zg‘atishga rozilik berib, qarorga imzo qo‘ygan.

Foto: "Muxbir Daliyev" Telegram-kanali

Qarordan ma’lum bo‘lishicha, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va Soliq qo‘mitasi tomonidan “O‘ztransgaz” AJ faoliyati bo‘yicha soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, 100 foiz “O‘ztransgaz” AJ ta’sischiligida tashkil etilgan “Transgaztexnikabutlash” MChJga ko‘rsatgan xizmatlari va bajargan ishlari uchun “Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunining 24- va 35-moddalari talablariga rioya qilmagan holda, asossiz ravishda 2017 yilning yanvar–avgust oylarida 3,1 mlrd so‘m va 2018 yilning fevral–aprel oylarida 4,2 mlrd sum, jami 7,4 mlrd so‘m ortiqcha mukofot pullari to‘lab berilgan.

Shuningdek, “O‘ztransgaz” va Buyuk Britaniyaning Virjiniya orollari (ofshor hudud)da ro‘yxatdan o‘tgan “AVARD INVEST LP” kompaniyasi o‘rtasida 2019 yilning 5 noyabr kuni qiymati 280 mln dollarlik (tabiiy gaz olingan kundagi Markaziy bank kursi bo‘yicha 2,6 trln so‘m) 2 mlrd kub metr tabiiy gaz oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomaga muvofiq, “Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd” kompaniyasi tomonidan “O‘ztransgaz” AJga 280 mln dollarlik 2 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan.

Biroq, “O‘ztransgaz” tomonidan mazkur 2 mlrd kub metr tabiiy gaz “AVARD INVEST LP” kompaniyasiga yetkazib berilmagan va “Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd” kompaniyasidan olingan tabiiy gaz hozirga qadar (2022 yilning 12 may holati bo‘yicha) realizatsiya qilinmagan.

Belgilangan miqdordagi gazni yetkazib bergan “Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd” kompaniyasiga to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani oqibatida jami 637,4 mlrd so‘m qo‘shimcha to‘lovlar amalga oshirilishi lozim bo‘lib, davlat manfaatlariga jiddiy tarzda ziyon yetkazilgan.

Bundan tashqari, “O‘ztransgaz” AJ mansabdorlari tomonidan ish faoliyatida “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonining ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlarda 2020 yilning 1 iyul holatiga buxgalteriya hisobotlari bo‘yicha jami 4,9 trln so‘mlik tabiiy gazning iste’molchilarga sarflangani bilan bog‘liq tasdiqlovchi hujjatlar (kvitansiya va boshqalar) mavjud emasligi yoki hisobi yuritilmagani hamda tabiiy gaz hajmlari bo‘yicha undirish uchun egasi aniqlanmagan qarzdorlikning vujudga kelishiga yo‘l qo‘yilgani oqibatida bu miqdordagi tabiiy gaz maqsadsiz sarflangani aniqlangan.

Surishtiruvchi, yuqoridagilarga asosan, “O‘ztransgaz” mansabdorlari 4,9 trln so‘mni rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilgan bo‘lishi mumkinligi, 7,4 mlrd so‘m mablag‘ ortiqcha mukofot pullari sifatida to‘lab berilib, o‘zlashtirilgan bo‘lishi mumkinligi hamda O‘zbekiston Respublikasiga naf keltirmasligi ayon bo‘lgan bitimni tuzib, respublika manfaatlariga 637,4 mlrd so‘m zarar yetkazilgan bo‘lishi mumkinligidan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish) va 175-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi zararga sabab bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof bitimlar tuzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga qaror qilgan.

Avvalroq, “O‘ztransgaz” axborot xizmati yuqoridagi xabarga munosabat bildirib, hozirda tashkilot tuzilmasida ishlayotgan hech bir mansabdor shaxs biror jinoiy ish doirasida tergovga jalb qilinmaganini ma’lum qilgandi.

So‘nggi 6 yilda 6 ta rahbar almashgan tashkilot

2016 yil dekabr oyida Shukurullo Mahmudov o‘rniga “O‘ztransgaz” rahbarligiga bosh vazir o‘rinbosari Ergash Shoismatov keladi. 2017 yil avgustida uning o‘rnida Alisher Mustafoyev ish boshlaydi.

2018 yilning 5 iyunida Sharifjon Tursunov kompaniya rahbari etib tayinlandi, biroq besh oylik faoliyatdan so‘ng, 23 noyabr kuni u ham lavozimini tark etib, dekabr oyidan Bahodir Eshmuratov “O‘ztransgaz”ga rahbarlik qila boshladi.

2019 yilning 23 iyul kunidan esa “O‘ztransgaz” AJ boshqaruv raisi sifatida Ulug‘bek Sayidov ish boshlaydi. 2021 yildan avgust oyida bu lavozimga Behzod Normatov keladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, “O‘ztransgaz” AJ 2021 yilni 2,5 trln so‘m zarar bilan yakunlagan. 2020 yilda esa kompaniyaning ko‘rgan zarari 3,6 trln so‘mni tashkil qilgan.

Top