O‘zbekiston | 19:32 / 04.08.2022
5004
2 daqiqa o‘qiladi

Moratoriyga qaramasdan Jizzaxda bir necha tup daraxt kesib tashlandi

Moratoriy e’lon qilinganiga qaramasdan joylarda daraxt kesish hanuz davom etmoqda.

Foto: Videodan kadr

Kun.uz manbasining xabar berishicha, Jizzax viloyati Do‘stlik tumani markazida, Savdogarbank binosi yonida joylashgan daraxtlar kesib tashlanmoqda.

Avvalroq Sirdaryo viloyati Guliston tumanida ariq bo‘yida o‘sib turgan 170 tup tol daraxti, Qashqadaryoda 10 tup tut daraxti noqonuniy tarzda kesib tashlangandi.

Shuningdek, Qarshi davlat universiteti hududida 38 tup daraxt noqonuniy kesilgan. Andijonda tug‘uruqxona oldidagi 12 tup qimmatbaho daraxt kesib tashlangan. Bundan tashqari, Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Chinobod ko‘chalari kesishmasida ekilgan eldor qarag‘aylari kechki payt noma’lum shaxslar tomonidan kesib ketilgan. Andijon va Toshkentdagi holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan, O‘zbekiston hududida daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan, tartibni buzganlik uchun jarimalar 5 barobarga oshirilgan, yetkazilgan zarar 2 barobar qilib undirilishi belgilangan edi. Farmonda noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib jo‘natganlarga pul to‘lanishi ham ko‘zda tutilgan. Shunga qaramasdan, joylarda hamon noqonuniy daraxt kesish holatlari to‘xtamayapti.

Mavzuga oid