O‘zbekiston | 16:33 / 07.12.2022
29911
3 daqiqa o‘qiladi

“Ittifoq emas, import shartnomasi orqali” - energetika vaziri qo‘shnilardan gaz importi haqida

Bosh vazir o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston qo‘shni davlatlardan energoresurslarni “allaqanday alyans yoki ittifoq” doirasida emas, import shartnomalari orqali sotib olish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazayotganini aytdi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov / Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Energetika vazirligi sohaga doir qator savollarga vazir Jo‘rabek Mirzamahmudovning videojavoblarini Kun.uz'ga taqdim etdi.

“O‘zbekiston-Qozog‘iston-Rossiya gaz ittifoqini tashkil etish va xalqni bunga ixtiyoriy rozi qilish maqsadida energiya sohasida sun’iy taqchillik yaratilayotgani rostmi?” degan savolga javoban Mirzamahmudovning aytishicha, shu kunlarda kuzatilayotgan uzilishlar tashqi faktorlarga bog‘liq emas.

“Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, bu [energota’minotdagi uzilishlar – tahr.] qandaydir tashqi faktorlarga bog‘liq bo‘lmagan holat. Bu ichki iste’molning oshishi, iqtisodiyotimizning oshishi, aholi soni, farovonligi va daromadining oshishi oqibatida energoresurslarga bo‘lgan talab-ehtiyoji keskin oshib boryapti. Eng avvalo shuni aytish kerakki, yetarli hajmlarda shu ehtiyojni qondira olmayotganimiz bu bizning aybimiz”, – dedi u.

Energetika vazirining so‘zlariga ko‘ra, talabning ortib borayotgani energiya resurslarini import qilishni taqozo etmoqda.

“Ma’lum hajmda import qilishga ham ehtiyoj tug‘ilyapti. Shu ehtiyojni qondirish, masalani yechish maqsadida hozirgi kunda biz allaqanday alyans, ittifoq emas, qo‘shni davlatlardan o‘z ehtiyojimiz uchun zarur bo‘lgan tabiiy gaz va elektr energiyasini import qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Bunda milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, o‘zimizning tarmoqlarni qandaydir birovga berib yuborish yoki boshqa orqali emas, oldi-sotdi tijoriy shartnomalar asosida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti”, – dedi Mirzamahmudov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Moskvaga tashrifi vaqtida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning gaz ittifoqi g‘oyasi haqida gapirgan edi. To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, Putin O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokida gaz ittifoqi tashkil etishni taklif qilgan va bu masalada O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qilishini aytgan.

Oradan ikki kun o‘tib, Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar, rasmiy relizga ko‘ra, “Markaziy Osiyo mintaqasidagi amaliy hamkorlik masalalari” bo‘yicha fikr almashgan.

Qozog‘iston tomoni bu hozircha taklif ekani va u ko‘rib chiqilishini aytmoqda. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak esa O‘zbekiston bu ittifoq g‘oyasiga go‘yoki “qiziqish bildirgani”ni iddao qilgan. O‘zbekistonlik faollar Putinning bu g‘oyasini Markaziy Osiyo davlatlari energetik mustaqilligi navbatdagi jiddiy tahdid deb ko‘rmoqda.

Mavzuga oid