Poytaxt tumaniga ilk bor: O‘zbekistondagi ayol hokimlar haqida
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumaniga Nilufar Allaberganova hokim etib tayinlandi. Mazkur tayinlovdan so‘ng ayni paytda O‘zbekistonning tuman-shaharlarini boshqarayotgan ayol hokimlar soni 5 nafarga yetdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 20 yanvarda Senatning birinchi yalpi majlisidagi nutqida tuman hokimligiga nomzod ayollarni qidirayotgani haqida gapirgandi.
Ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i fevral va mart oylarida O‘zbekistondagi qator hududlarda ayol hokimlar paydo bo‘la boshladi.
Xususan, 18 fevralda Dilfuza Uralova Sirdaryoning Boyovut tumaniga hokim bo‘ldi. U hokimlikkacha maktabda o‘qituvchi, direktor o‘rinbosari, direktor, tuman va viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat olib borgandi.
29 fevralda Buxoroning Olot tumaniga asl kasbi vrach-terapevt bo‘lgan Nargiza Ne’matova tayinlandi. Ne’matova hokim bo‘lgunicha Olot tumani markaziy kasalxonasi kardiolog vrachi, tuman markaziy kasalxonasi tug‘uruqqa tayyorlash bo‘limi mudiri, terapevt vrachi, bosh vrachi lavozimlarida ishlagan. 2004 yildan esa Olot tumani hokimi o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan.
4 mart kuni respublikadagi 3 ta viloyat tumanlarida ayol hokimlar ish boshladi.
Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib, mehnat faoliyatini maktab yo‘riqchiligidan boshlagan Gavhar Alimova tayinlandi. U hokim bo‘lgunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish kompleksi mutaxassisi, avvalgi «Mahalla» xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2018 yildan 2020 yilgacha Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Samarqand viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritgan.
Andijon viloyatining Bo‘ston tumaniga Sadbarxon Mamitova rahbar bo‘ldi. U turli yillarda Jalaquduq tumanida turli lavozimlarda mehnat qilgan, 2007-2008 yillarda tuman hokimi o‘rinbosari — tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi v.v.b bo‘lgan, 2019 yildan «Yuksalish» umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘limi rahbari sifatida ishlab kelgan.
Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri hokimi lavozimini Maqsuda Mustafoyeva egalladi. U bungacha viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi etib Zulayho Mahkamova tayinlandi. Mutaxassisligi o‘qituvchi-pedagog Mahkamova turli yillarda Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari — tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Fermer va dehqon xo‘jaliklari uyushmasi Yangiqo‘rg‘on tumani vakilligi, Fermerlar uyushmasi Yangiqo‘rg‘on tumani fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish markazi direktori, Namangan viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi raisi, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari — viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ham faoliyat yuritgan.
2021 yil yozida Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitova vafot etdi, uning o‘rniga yana ayol kishi – Sanobar Nosirova tumanning yangi rahbariga aylandi.
To‘raqo‘rg‘on hokimi Zulayho Mahkamova 2022 yil martida Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Keyinchalik qo‘mita tugatilgach, Mahkamova bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlashda davom etmoqda. Maqsuda Mustafoyeva esa qator mojarolar ortidan 2022 yil fevralida Qarshi tumani hokimligini tark etdi. Keyinroq u tumandagi maktablardan biriga direktor bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Nilufar Allaberganova Yakkasaroyga hokim bo‘lgunga qadar shu tumanning prokurori edi. U 1995 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tugatgan. Turli yillarda Yashnobod, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek tumanlarida prokuror o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Allaberganova Toshkent shahrida hokim lavozimini egallagan ilk ayol hisoblanadi. Qayd etish joiz, u 2020 yilda Yakkasaroyda noqonuniy kesilgan daraxtlar ishi bo‘yicha «o‘z xizmat vazifasini lozim darajada bajarmay, tumanda qonunlar ijrosi ustidan yetarli prokuror nazoratini o‘rnatmagani uchun» hayfsan jazosini olgandi.
Mavzuga oid
12:06 / 16.11.2024
“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda
16:21 / 11.11.2024
Toshkent shahri havosini eng yomon deb ko‘rsatgan stansiya buzilib qoldi
14:14 / 24.10.2024
Poytaxt drenaj tizimini yaxshilash uchun 6 mlrd so‘m ajratildi
12:30 / 15.10.2024