O‘zbekiston | 07:42 / 01.11.2023
14884
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari tuman hokimligiga qaytarildi

Botir Tog‘ayev Nishon tumani hokimi lavozimida ish boshladi. U avgust oyida Qamashi tumani hokimligidan vazir o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilgandi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi

Xalq deputatlari Nishon tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Sessiyada deputatlar Botir Normahmadovich Tog‘ayevni Nishon tumani hokimi lavozimiga tasdiqladi.

Botir Tog‘ayev 1976 yilda Kitob tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat agrar universiteti va O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

2020 yil oktyabridan Qamashi tumani hokimi bo‘lib ishlagan. 2023 yil avgustida Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Shu tariqa, u vazir lavozimida bir necha oy ishlagach, yana Qashqadaryo viloyatidagi tuman hokimligiga tushirildi.

Nishon tumanining oldingi hokimi Muxtor Hayitmurodov Muborak tumani hokimi etib tayinlangan.

Shu tariqa, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘zgarishi ortidan vazir o‘rinbosarlari tarkibida ham o‘zgarishlar bo‘ldi. O‘tgan hafta Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rniga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri lavozimida ishlab kelgan Ibrohim Abdurahmonov tayinlangan edi.

Ko‘p o‘tmay Azim Nazarov, Akmal Qosimov va Bunyod Oxunov yangi vazirning yangi o‘rinbosarlari etib tayinlandi.

Mavzuga oid