Odamlarni qo‘rqitgan “Emka” – SSSRda amaldor sharafiga nomlangan NKVD mashinasi tarixi
Stalin davrida odamlar uchun eng qo‘rqinchli holat – charmdan ust-bosh kiyib olgan NKVD xodimlari va ular foydalanadigan mashinaga duch kelish edi. O‘sha paytlarda nohaq qamalayotganlarni NKVD xodimlari qora mashina bilan kelib olib ketardi. Shu sababli NKVDchilar va ularning “Emka” deb ataladigan mashinasi hammaning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solardi.
1937 yilda SSSRda misli ko‘rilmagan qatag‘onlar boshlanadi. Yuqori amaldagi ayrim rahbarlardan tortib, olis hududlarda o‘z ishini bajarib yurgan oddiy odamlargacha rahm qilinmaydi.
Istalgan odamni hibsga olish, so‘ng sud yoki maxsus belgilangan “Troyka” hukmi bilan qamoqqa jo‘natish uchun kimningdir g‘arazli chaquvi yetarli edi.
O‘sha paytda NKVD xodimlari odamlarni qamoqqa olish uchun xalq tilida “Emka” deb ataluvchi mashinada borishardi. Shu sababli bu mashina ko‘rinishidanoq hammani qo‘rquvga solardi.
Shahar va qishloq joylarida odamlarning ko‘zi “Emka”ga tushar ekan, “Yana qaysi bechoraning boshiga ko‘rgulik tushgan bo‘lsa? Kimni olib ketish uchun borishayotgan bo‘lsa?” deb o‘ylashardi.
Xo‘sh, Stalin davrida barchani qo‘rquvga solgan bu mashina tarixi qanday? Uni nega “Emka” deb atashgan? Quyida zulm saltanatining asosiy jazo organi bo‘lgan NKVDga xizmat qilgan qo‘rqinchli mashina tarixi haqida so‘z yuritamiz.
“Emka” tarixi va Molotov
“Emka” – rus tilida M harfining erkalovchi qisqartmasi bo‘lib, u 1930-40 yillarda SSSRda ishlab chiqarilgan M-1 mashinasining norasmiy nomi edi.
Mashinaga bunday nom berilishiga asl familiyasi Skryabin bo‘lgan Vyacheslav Molotov sababchi bo‘lgan.
1930-yillarda SSSRda Stalindan keyin ikkinchi muhim shaxs Molotov edi va u hukumat rahbari (Sovnarkom raisi) sifatida barcha sohalar kabi avtomobilsozlik sanoatiga ham mas’ul bo‘lgan.
O‘sha paytda ko‘plab shaharlar, korxonalar va boshqa turli obektlar Stalin va Lenin nomlari bilan birga Molotov nomi bilan ham atalardi.
Jumladan, “Emka” ishlab chiqarilgan Gorkiy shahridagi (Hozirgi Nijniy Novgorod) avtomobil zavodiga ham Molotov nomi qo‘yilgan.
M-1 mashinalarining tarixi 1929 yilga borib taqaladi. O‘sha yili SSSR va AQSh o‘rtasida sanoat korxonalarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolanadi.
Ana shu kelishuv asosida 1932 yilda Ford Motor Company sovetlarga o‘zining eng ommabop modellaridan biri Ford Model B 40A Fordor Sedan (qisqacha nomi Ford B) mashinasini ishlab chiqarishga ruxsat beradi.
Shundan so‘ng Gorkiyda Ford B avtomobillarini ishlab chiqaruvchi yangi zavod quriladi va unga Molotov nomi beriladi.
- Ma’lumot uchun, agar SSSR tarixini sinchiklab o‘rgansangiz, bu davlatda juda ko‘plab avtomobillar xorijiy kompaniyalardan o‘zlashtirib ishlab chiqarilganini ko‘rish mumkin. Ford B mashinasining M-1 degan nomda ishlab chiqarilgani ham bunga isbot bo‘la oladi. Bundan tashqari, sovetlar 1970 yildan boshlab Italiyaning Fiat kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishadi. Natijada italiyaliklarga tegishli bo‘lgan bir qator modellar SSSRda “Jiguli” nomi ostida ishlab chiqariladi. Boshqa holatlarda General Motors’ning Opel markasi “Moskvich” nomi ostida, urush davrida amerikaliklar Lend liz dasturi bo‘yicha SSSRga yordam tariqasida jo‘natgan Studebaker US6 hamda «Villis» mashinalari GAZ nomi ostida ruxsat olinmasdan ishlab chiqarilganini ko‘rish mumkin. Sovetlar hatto “Zaparojyets” mashinasini ham g‘arbliklardan o‘g‘irlashgan.
1933 yilda Gorkiydagi avtozavodga Andrey Lipgart bosh konstruktor etib tayinlanadi. Lipgard Ford Motor Company’ning Germaniyadagi zavodiga boradi va u yerda Ford B mashinalari qanday tayyorlanayotganini o‘rganadi.
Germaniyada Ford B mashinalari Ford Rheinland nomi ostida ishlab chiqarilgan. O‘shanda Lipgart ehtiyot qismlar yetkazib berish bo‘yicha nemislar bilan shartnoma imzolash arafasida turganida mamlakat tepasiga Hitler keladi va Germaniya va SSSR o‘rtasidagi munosabatlar biroz soviydi.
Natijada Lipgart nemislar bilan bitim imzolamaydi va Gorkiydagi zavodga ehtiyot qismlar avvaliga okean ortidan keltiriladi. Keyinroq SSSRning o‘zida ishlab chiqariladi.
Keyinchalik, SSSR Hitler boshchiligidagi Germaniya bilan do‘stona aloqalar o‘rnatgan kezda (Molotov-Ribbentrop paktini eslang) nemislar ehtiyot qismlar berishga rozi bo‘lishadi.
Biroq bu paytda sovetlar Gorkiydagi zavodda M-1 mashinalari uchun Ford dvigatellaridan andoza olingan o‘z dvigatellarini ishlab chiqara boshlagan edi.
Sovet konstruktorlari Ford kompaniyasiga tegishli mashinani ishlab chiqara boshlagach unga nom qo‘yish masalasi muhokama qilinadi. Mashinaga ham Molotov nomini berishga qaror qilishadi.
Shu tariqa mashinaga “Molotovskiy pervyy” so‘zlarining qisqartmasi bo‘lgan “M-1” deb nom qo‘yiladi. Xalq esa mashinani “Emka” deb atay boshlaydi.
1936 yil 16 mart kuni Gorkiydagi zavoddan seriyali tarzda 5 o‘rinli sedan ishlab chiqarila boshlanadi. Ko‘p o‘tmay M-1 mashinasining 2 o‘rinli pikap va 5 o‘rinli faeton ko‘rinishidagi modellari ham chiqariladi.
M-1 mashinasining birinchi nusxasi Moskvaga yuboriladi. Uni Stalinga ko‘rsatish kerak edi. Gorkiydagi avtozavod bosh muhandisi Andrey Lipgartning keyinchalik eslashicha, Stalin mashinani ko‘rar ekan “Hammaga shunday mashina nasib etsin” deydi.
Ilk ishlab chiqarilgan mashinalar Moskvadagi turli davlat tashkilotlariga yuboriladi. Keyin viloyatlarga va ittifoqdosh respublikalardagi amaldorlarga jo‘natiladi.
SSSR bo‘ylab mahalliy partiya qo‘mitalarining yuqori lavozimli rahbarlari, harbiylar, NKVD tashkilotlari, turli yirik korxonalar rahbarlari, madaniyat va san’at vakillari ham “Emka”lardan oladi.
O‘sha paytlarda “Emka” mashinalari ochiq savdoga chiqarilmasdi. Davlat tashkilotlaridan ortgan mashinalar lotereya orqali tarqatiladi.
O‘sha paytda 10 ming dona mashina lotoreyada o‘ynalgan va yutgan odamlarga tarqatilgan. 1937 yilda “Emka” Parijdagi butunjahon ko‘rgazmasida namoyish etiladi.
GAZ korxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1936 yilning so‘ngigacha avtozavod 2 524 dona GAZ M-1 mashinasini ishlab chiqaradi. 1938 yil oxirigacha 41 650 dona mashina tayyorlanadi.
1936 yildan 1942 yilgacha esa qariyb 63 ming dona, umumiy hisobda esa 80 ming donadan oshiq “Emka” mashinasi ishlab chiqarilgan. Urush paytida “Emka” ishlab chiqarish keskin kamayadi va mashinalar asosan frontga jo‘natiladi.
O‘zbek adabiyotidagi “Emka”lar
1937 yilda Stalin qatag‘onlari yangi to‘lqinda avjiga chiqadi va mamlakat bo‘ylab odamlarni “Xalq dushmani” sifatida hibsga ola boshlashadi.
O‘sha paytlarda NKVD xodimlarining asosiy texnikasi “Emka” bo‘lgan va hibsga olinganlar shu mashinada olib ketilgan. Holat shu darajaga yetadiki, odamlar “Emka”ni uzoqdan ko‘rsa qo‘rqib yashirinadigan bo‘lib qoladi.
Stalin davrida qatag‘onga uchragan va tirik qolgan o‘zbek adiblari keyinchalik o‘sha davrlar haqida yozgan asarlarida “Emka” mashinasi haqida ko‘p marta eslab o‘tishgan.
Jumladan, taniqli adib Said Ahmad 1950 yilda o‘zining hibsga olinishini shunday eslagandi:
“1950 yil 10 may kuni otpuskadan qaytdim. 1 May ko‘chasida qahvaxona bo‘lardi. Mamarasul Boboyev bilan Vahob Ro‘zimatov hazillashishdi. “Otpuskaga ketayotganingizda “yuvmasdan” qochib qoluvdingiz, aqalli endi tushlikda bizni mehmon qilarsiz”. Uchovlashib qahvaxonaga yo‘l oldik. Yo‘lkada hazil-hazul qilib ketayotganimizda ko‘cha chetiga qora “Emka” mashinasi kelib to‘xtadi. Ikki kishi ikki tomonimdan kelib, sekin qo‘limdan ushladi.
— Bu yoqqa yuring,— dedi bittasi pichirlab. Hujjatini ko‘rsatdi.
Ilgarilab borayotgan hamrohlarimga faqat bitta gap aytdim.
— Men ketdim…
Vahob Ro‘zimatov:
— Mehmon qilishdan qochdingiz-a! — degancha qolaverdi.
Mashinaga o‘tqazdilar. Shofyor yonida tag‘in bir odam o‘tirgan ekan. (Keyinchalik bilsam, Mansurov degan mayor ekan.)
U paytlarda xalq o‘rtasida qo‘rquv, ishonchsizlik avj olgandi. Uch kishi bir joyga to‘planib, latifa aytishga qo‘rqar edi. Latifadan ham «siyosiy xato» izlashar edi. Uch kishidan bittasi «sotsa» tamom! (Aksiga olib, men latifa aytmasam turolmayman…) Xullas, qora mashinada uyimga olib kelishdi. Obisk qilib hamma yoqni tit-pit qilib yuborishdi. 1935 yilda rus tilida chop etilgan “O‘zbek adabiyoti” degan almanaxni topishdi. To‘plamda Abdulla Qodiriyning “Obid ketmon” qissasidan parcha bor ekan. “Uyida taqiqlangan adabiyotni saqlagani uchun» degan aybnomani shilq etkazib bo‘ynimga ilishdiyu, qamoqqa olib ketishdi”.
Molotovning ishdan haydalishi va mashina nomining o‘zgarishi
1953 yilda Stalin vafot etadi va uning yonida yurgan Vyacheslav Molotovning mavqei pasayib ketadi. Ko‘p o‘tmay rahbarlik Nikita Xrushchyovga o‘tadi.
Stalin vafot etgandan so‘ng taxt uchun kechgan pinhoniy kurashda Molotov Xrushchyovga qarshi bo‘lgandi. Shu sababli Xrushchyovning ko‘ziga yomon ko‘rinib qolgan Molotov 1957 yilda barcha lavozimlardan ozod etiladi.
Asta-sekinlik bilan Molotov nomi barcha joylardan olib tashlanadi. Biroq shunda ham Gorkiydagi avtozavodda ishlab chiqarilgan turli mashinalarni M harfi bilan atashda davom etishadi.
Oxir-oqibat 1962 yilda Molotov partiyadan haydaladi, 1963 yilda nafaqaga chiqariladi. Shundan so‘ng Gorkiydagi avtozavod o‘zi chiqarayotgan mashinalardan M harfini olib tashlaydi va ular faqat GAZ (Gorkiy avtomobil zavodi) yozuvi bilan chiqarila boshlanadi.
Molotov birgina nafaqaga chiqish bilan qutulmaydi. Ko‘p o‘tmay unga hukumat tomonidan berilgan barcha imtiyozlar bekor qilinadi. Hukumat a’zolariga beriladigan dalahovli tortib olinadi.
Shundan so‘ng Molotov hech narsasiz qolib, davlat tomonidan beriladigan arzimagan pensiya hisobidan yashashga majbur bo‘ladi.
Urush tugagach, “Emka” mashinasini ishlab chiqarish to‘xtatiladi. 1946 yildan boshlab sovet konstruktorlari (Nemis asirlari orasida bo‘lgan avto muhandislar ham deyilgan) GAZ-M-20 modelini chiqarishadi.
Garchi 1947 yilda “Emka”larni ishlab chiqarish to‘xtatilgan bo‘lsa-da odamlar bu mashinalardan 1960 yillargacha foydalanishda davom etishadi.
“Emka” pikapi, vezdoxodi va taksi
M-1 mashinasining texnik tavsifi va modifikatsiyalari quyidacha edi: uzunligi – 4 625 mm, eni – 1 770 mm; balandligi – 1 780 mm; og‘irligi – 1 370 kg, yuk ko‘tarish quvvati – 500 kg, yoqilg‘i sig‘imi – 60 litr, uzatish qutisi – uch bosqichli, mexanika; maksimal tezligi – soatiga 105 km; dvigatel quvvati – 50 ot kuchi. Mashina 100 km masofaga 14,5-15 litr yoqilg‘i sarflagan.
SSSRda “Emka” ishlab chiqarila boshlangandan so‘ng turli maqsadlarda ishlatish uchun uning bir nechta modifikatsiyalari ishlab chiqariladi.
Jumladan:
“GAZ M-1-taksi”. Bu mashina 1937 yildan 1941 yilgacha ishlab chiqarilgan. 1941 yilda urush boshlangach bu modifikatsiyani tayyorlashni to‘xtatishadi va avtozavod bor e’tiborini harbiylar uchun mashina ishlab chiqarishga qaratadi.
M-1 taksi oddiy Emkalardan kuzovning rangi va old oyna ramkasi ustidagi maxsus darcha o‘rnatilgani bilan farq qilardi. Emka-taksi 1936 yildan 1947 yilgacha SSSRda asosiy taksi mashinasi bo‘lgan.
GAZ-415 (Emka-pikap). Yuk tashishga mo‘ljallangan bu mashina 1939 yildan 1941 yilgacha ishlab chiqarilgan. Uning yuk ko‘tarish quvvati 500 kg bo‘lgan va pikapdan 8 ming donadan oshiq tayyorlangan.
Emka-pikaplarni ham urush boshlanib qolgani uchun ishlab chiqarishdan olib tashlashgan.
GAZ-11-73 (M-11). Bu mashina ham 1937 yildan 1941 yilgacha tayyorlangan. Urush paytida ularni ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Nemislar yengila boshlagach 1945 yildan boshlab 1948 yilgacha yana tayyorlashgan.
Sedan ko‘rinishida ishlab chiqarilgan bu modelda radiatorni o‘rab turgan panjara ilk marta nikeldan tayyorlangan. Yana 6-silindrli dvigatel o‘rnatilgan.
GAZ-61-73. Bu mashina 1941 va 1945 yillarda ishlab chiqarilgan. U dunyodagi ilk to‘rtta g‘ildiragi ham birday tortuvchi (4x4) avtomobil hisoblanadi (har holda ruslar shunday deb yozishadi).
GAZ-61-73 mashinalaridan bor-yo‘g‘i 200 dona ishlab chiqarilgan va ular frontning qiyin uchastkalarida foydalanish uchun yuborilgan.
BA-20. Bu mashina 1936 yildan 1942 yilgacha ishlab chiqarilgan. U boshqalardan o‘q o‘tmaydigan zirhli qilib tayyorlangani bilan ajralib turardi.
BA-20 mashinalaridan jami 2 ming donadan oshiqroq tayyorlangan va ular 1960-yillargacha xizmat qilgan.
Bundan tashqari, SSSRda turli yillarda kam sonda Emkaning turli modellari ishlab chiqarilgan. Ular orasida vezdexodlardan poyga mashinalarigacha bo‘lgan.
Bu modellarning turlicha tarixi bor. Masalan, 1938 yildan 1940 yilgacha GAZ M-1 V8 modeli Amerikadan keltirilgan Ford dvigatellari bilan ishlab chiqarilgan. Bu mashinalar asosan NKVD xodimlariga berilgan.
1941 yilda urush boshlangach M-1 V8 mashinalardagi dvigatellar yechib olinadi va ular T-60 tanklariga o‘rnatiladi. GAZ M-1 V8 larga esa keyinchalik SSSRning o‘zida tayyorlangan dvigatellar qo‘yiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
08:58 / 12.12.2024
Kun.uz surishtiruvidan so‘ng: “Halal Auto Leasing” firibgarlik sxemasiga nisbatan tergov boshlandi
14:37 / 08.12.2024
KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
12:13 / 07.12.2024