O‘zbekiston | 18:07 / 24.11.2024
23342
3 daqiqa o‘qiladi

IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi

Kun.uz manbasiga ko‘ra, DXXdagi kabi IIV tizimidagi iste’folar ham o‘tgan oyda Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd bilan bog‘liq hisoblanadi.

Doniyor Toshxo‘jayev / Foto: Kun.uz

Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Xalimjonovich Adhamov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu buyruqqa ko‘ra, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev ham lavozimidan ham ozod etilgan.

Ayni paytda, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining buyrug‘i bilan, boshqarmaning Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Sobirov Timur Akramovich lavozimidan ozod etilgan. Bu haqda IIBB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ahrorjon Adhamov

Avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov lavozimidan olinib, mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov DXX raisligiga tayinlangan edi. Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Shuhrat Xolmuhammedov mudofaa vaziri lavozimida ish boshlagan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, DXXdagi kabi IIV tizimidagi iste’folar ham o‘tgan oyda Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd bilan bog‘liq hisoblanadi.

  • Ahrorjon Adhamov va Timur Sobirov egallab turgan lavozimlariga qachon tayinlangani ma’lum emas. Ichki ishlar vazirligi 2019 yil iyun oyida Ahrorjon Adhamov Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlanganini xabar qilgan. U shuningdek, Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida ham ishlagan.
  • Polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev 2019 yil iyuniga qadar Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2019 yil yanvar–iyun oylarida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 2019 yil iyunida IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i etib tayinlangan. 2020 yil yanvar oyida Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga o‘tkazilib, bu lavozimda 2022 yil fevraligacha ishlagan. Toshxo‘jayev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida 2023 yil avgustdan buyon ishlab kelayotgan edi.

Mavzuga oid