O‘zbekiston | 09:00
2408
18 daqiqa o‘qiladi

Qamoqdagi sudyalar, Solovyovning “sayrashi” va DXX nigohidagi 4 ta tahdid - hafta dayjesti

O‘zbekiston Bayraktar dronlarini namoyish etdi, DXX raisi va mudofaa vaziri hisobot berdi. Prezident xorijdagi reydlarda vatandoshlarning huquqlari buzilayotgani haqida gapirdi. Toshkentda 4 nafar sudya qamoqqa olindi. Temiryo‘l chiptalari narxi oshyapti – 3 oy oldin vazir tannarx pasayishini aytgandi. Yakunlangan haftaning asosiy xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Or-nomus masalasi

Imperialistik illyuziya og‘ushidagi Rossiya Ukrainaga bosqin boshlaganidan beri 3 ta ittifoqchisidan ayrildi: Armaniston KXShTdan de-fakto chiqib ketdi, Suriya va Venesuelada esa rejimlar ag‘darildi. Hozir Eronda ham notinchlik hukm surayotgani, Donald Tramp endi Kubani bo‘ysundirish uchun qisman blokada boshlaganini inobatga olsak, Kreml ittifoqchilaridan birin-ketin ayrilishda davom etishi ehtimoldan xoli emas.

Propagandachi Vladimir Solovyovning yakshanba kungi chinqirig‘i ayni shu kontekst bilan bog‘liq. Uning gaplaridan geosiyosiy mag‘lubiyat alamiga chidolmayotgan g‘arib-u notavon zo‘ravonning: “Uzoq yurtlarda yo‘qotadiganimizni yo‘qotib bo‘ldik, endi hech bo‘lmasa qo‘shnilarimizga xo‘jayinlik qilishni eplashimiz kerak” degan ojizona nolishini uqish mumkin:

“Biz uchun eng asosiysi – o‘zimizga yaqin xorij mamlakatlari. Armanistondagi voqealar biz uchun Venesueladagi voqealardan ko‘ra ancha og‘riqli. Armanistondan ayrilish – biz uchun ulkan muammo. Bizning Osiyo, O‘rta Osiyo, ular Markaziy Osiyo deb ataydigan mintaqadagi muammolar – Rossiya uchun ulkan muammo bo‘lishi mumkin. [...] Agar milliy xavfsizligimiz uchun Ukraina hududida MHA boshlashimiz kerak bo‘lgan bo‘lsa, nega aynan shu mantiqdan kelib chiqib, ta’sir doiramizning boshqa nuqtalarida ham MHA boshlay olmas ekanmiz?”

Bunga javoban Armaniston rus elchisini chaqirib, norozilik notasini tutqazgan bo‘lsa, Markaziy Osiyodagi siyosatchilardan jiddiy harakat bo‘lmadi. Jamoatchilikning keskin reaksiyasiga doimgidek sanoqli deputatlar qo‘shildi xolos. Xususan, deputat Bobur Bekmurodov “sarhadlar – or-nomus masalasi” ekanini aytib, Solovyovning familiyasi rus tilidagi “solovey” – bulbul so‘zidan olinganini so‘z o‘yiniga aylantirdi:

“Solovyovning gaplariga tupurdim. Uning imperiyachilik ambitsiyalariga tupurdim. Biz unga mana bu o‘zbekcha iboraning ma’nosini o‘rganishni tavsiya qilamiz: o‘zingni bulbuling bilan o‘yna”.

Yana bir deputat Alisher Qodirov rossiyalik propagandachining “ismini aytishga xazar qilishi”ni ta’kidlab, uning “bepusht chiqishi” “chorasizlik va majruhlikdan” dalolat berishini aytdi.

“Rus propagandasining mashhur ishtirokchisi... Ismini ham aytishga xazar qilaman. Hurmatli fraksiyadoshlar, biz jamiyatimizga bir narsani tushuntirishimiz kerak: vahimaga o‘rin yo‘q, sovuqqon qabul qilishimiz kerak. [...] O‘zbekiston ham yer chizib o‘tiradigan davlat emas. O‘zbekiston ham o‘zining hamkorlari bilan, strategik sheriklari bilan, butun mintaqadagi birlik-birdamlik bilan, ichki mustahkamlik bilan doimo o‘z manfaatlarini himoya qila oladigan davlat”, – dedi Qodirov.

Bir necha oy oldin rossiyalik bir millatchi o‘zbek muhojiriga qarata “sen ruslarning qulisan” deya haqoratlaganida, Tashqi ishlar vazirligi o‘sha nusxaning kimligini aniqlab, O‘zbekistonga kirishiga taqiq qo‘ymagan edi. 2024 yilda katta piar bilan qabul qilingan persona-non-grata qonunini amalda ishlatishga vazirlik bu safar ham shoshilmayapti. Vaholanki, qonunda aniq-tiniq yozib qo‘yilgan: chet el fuqarosining O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetiga va hududiy yaxlitligiga zid bo‘lgan, davlatlararo adovat keltirib chiqaruvchi ommaviy chiqishlari uni nomaqbul shaxs deb topish uchun asos bo‘ladi.

Rossiya TIV so‘zchisi Mariya Zaxarova bu safar ham Solovyovning gaplari go‘yoki uning “shaxsiy fikri” ekaniga ishontirishga urindi, lekin xuddi Zaxar Prilepin va boshqalar bilan bo‘lgani kabi, adovat qo‘zg‘ovchi chiqishlarga nisbatan bir og‘iz ham tanqidiy munosabat bildirgani yo‘q.

Ushbu kontekstda qator faollar Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi demografik va iqtisodiy tengsizlik qisqarib borayotganiga e’tibor qaratdi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning yozishicha, Markaziy Osiyo 2067 yilga borib aholi soni bo‘yicha ham, iqtisodiyotining hajmi bo‘yicha ham Rossiyadan o‘zib ketadi. Shundan keyin o‘rtadagi farq mintaqamiz foydasiga kattalashib boraveradi. Bunga erishish uchun esa, avvalo mintaqaviy totuvlik va iqtisodiy o‘sish barqaror davom etishi lozim.

Toshkentning 4 sudyasi hibsga olindi

Jurnalist ishi: Bobomurod Abdullayev ekspertiza ishi bilan yaqindan  tanishishi mumkin

Haftaning ikkinchi eng shov-shuvli voqeasi – Toshkentda 4 nafar sudyaning qamoqqa olinishi bo‘ldi. Gap – Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarib yuborgan sudyalar haqida boryapti. Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Abidov va Muhtarama Turg‘unova, shuningdek, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Murodjon Mirzajonovga nisbatan jinoyat ishi ochilgan va ularning to‘rtalasiga ham qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Rasmiy bayonotda aytilishicha, sud raisining o‘rinbosari Murodjon Mirzajonov apellyatsiya instansiyasida Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarib yuborish uchun qo‘l ostidagi sudyalarga bosim o‘tkazgan. Sudyalar esa uning topshirig‘i noqonuniy ekanini bila turib, odil sudlovni amalga oshirishda mustaqil bo‘lishiga qaramay, javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga amal qilmasdan, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan noqonuniy va adolatsiz ajrim chiqargan.

Ayblov isbotlansa, to‘rt nafar sudya 10 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov bilan Bosh prokuratura shug‘ullanyapti. Qayd etish lozim, sudyalarning chiqargan hukmi uchun sudlanishi – o‘ta noyob hodisa. Va bu hodisa yangi savollarni o‘rtaga chiqaradi: modomiki, ular noqonuniy va adolatsiz hukmda ayblanayotgan ekan, ularning avvalgi chiqargan hukmlari ham adolatli ekani shubha ostida qolmaydimi?

Bu masalani 2 yil oldin deputat Odiljon Tojiyev ko‘tarib chiqqan edi. U o‘shanda prokuror va sud raisi pora bilan qo‘lga tushganiga munosabat bildirib, bunday holatlarda ular ko‘rgan avvalgi ishlarni ham qayta ko‘rib chiqishni qonunchilikka kiritishni taklif qilgandi. “Chunki bu kabi noloyiq shaxslarning harakatlari oqibatida qanchadan-qancha fuqarolar nohaq ayblanib, nohaq sudlanib ketgan bo‘lishi mumkin”, – degandi deputat.

O‘zbekiston xavfsizligi: prezident, DXX raisi va mudofaa vazirining chiqishlari

Foto: Prezident matbuot xizmati

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi yangi harbiy poligonga borib, mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirdi. Shu kuni davlat rahbari raisligida Xavfsizlik kengashining yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda prezident zamonaviy urushlarning tabiati tubdan o‘zgarganini ta’kidlab, 8 yil oldin qabul qilingan mudofaa doktrinasi va 1997 yilda qabul qilingan milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini aytdi. Ma’lum qilinishicha, yangi mudofaa doktrinasida harbiy bloklarga qo‘shilmaslik prinsipi saqlanib qoladi.

Shavkat Mirziyoyev nutqi davomida harbiy sohadagi oyliklar oshirilishini e’lon qildi. 1 apreldan boshlab shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning maoshi 10 foizga ko‘tariladi. Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 barobarga oshiriladi. Hududiy mudofaa bo‘limlaridagi noharbiy xizmatchilarning oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga ko‘paytiriladi. Shuningdek, 30 yildan ortiq stajga ega harbiylarning pensiya ta’minotini yaxshilash, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda muddatli harbiy xizmatning nufuzini ko‘tarish choralari ham belgilandi. Yoshlar tilida “1 yillik armiya” deyiladigan xizmatga borib kelganlar oliygohga kirish uchun repetitorga borsa, chet tili va fan sertifikatini olish xarajatlarini davlat qoplab beradi. Ular kontraktga o‘qishga kirgan taqdirda, foizsiz ta’lim kreditini olishi mumkin. O‘qishga kirishni istamagan yoki imtihondan yiqilganlar esa, ishga kirishda davlat qo‘lloviga ega bo‘ladi: davlat ishida ishlashni tanlasa, test ballariga 10 foizlik imtiyoz beriladi; xususiy sektorda ishlamoqchi bo‘lsa, kasb o‘rganish va sertifikat olish xarajatlarini davlat to‘lab beradi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu kuni DXX va Mudofaa vazirligi rahbarlarining hisobotlari uzoq yillar ichida ilk marta rasmiy reportajdan joy oldi. DXX raisi Bahodir Qurbonovning aytishicha, hozirda davlat chegarasining 42 foizi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan, chegaralarda Bayraktar droniga ega yangi maxsus bo‘linma navbatchilik qilmoqda. General o‘z nutqida O‘zbekiston uchun to‘rtta asosiy tahdidni sanab o‘tdi: bular – terrorchilik hurujlari, davlat chegarasi orqali narkotik va qurol-yarog‘larning noqonuniy olib o‘tilishi, giyohvand moddalar aylanmasi va korrupsiya tahdidlaridir.

“O‘tgan yili O‘zbekistonda va xorijda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 11 ta teraktning oldi olindi. Ularga aloqador 11 nafar markaziy osiyolik shaxsning destruktiv faoliyatiga chek qo‘yildi. Bugungi kunda virtual makon, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar aholi orasida destruktiv g‘oyalarni tarqatuvchi asosiy manbaga aylanib, diniy vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, – dedi Bahodir Qurbonov.

Shuhrat Xolmuhamedov / Foto: Prezident matbuot xizmati

Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov yangi texnikalarni qo‘llashdagi yutuqlar haqida gapirib, FPV-dronlarga alohida to‘xtaldi.

“Uchuvchisiz komplekslar mutaxassislarini tayyorlash markazi tashkil etilib, 340 nafar mutaxassis o‘qitildi va sinovdan o‘tkazildi. Aytishim joizki, askarlarimiz qisqa muddatda eng qiyin bo‘lgan FPV-dronlarni boshqarish, nishonlarga aniq zarba berish ko‘nikmalarini to‘liq o‘zlashtirishdi. Bugungi kunda barcha FPV-dron operatorlari jangovar vazifani bajarishga tayyor», – dedi vazir.

“TIV nota berish bilangina cheklanib qolyapti”

Prezident huzuridagi yana bir yig‘ilishda Tashqi ishlar vazirligi faoliyati ko‘rib chiqildi. Unda prezident 2012 yilda qabul qilingan Tashqi siyosat konsepsiyasini o‘zgartirish zarurligini aytdi.

“Yangi konsepsiya mamlakatimizning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantig‘ini, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va o‘zaro bog‘liq holda aks ettirishi lozim”, dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida “xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan turli reydlarda” vatandoshlarning huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda “jiddiy norozilik uyg‘otayotgani”ga e’tibor qaratib, aksariyat holatlarda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolayotganini tanqid qildi.

“Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam ko‘rsatib, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart”, – dedi prezident. Davlat rahbariga ko‘ra, bundan buyon elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlar ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini o‘rganib, yechimi bo‘yicha ishlashi kerak.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mehnat muhojirlarining geografiyasi kengayib borayotganini aytarkan, ayniqsa Yevropa davlatlari bilan bu boradagi muzokaralarni kengaytirish va amaliy natijalarga erishish muhimligini aytdi. O‘tgan yili AQSh hukumati qishloq xo‘jaligi ishchilari uchun maxsus viza olishni soddalashtirgani munosabati bilan, Vashingtondagi elchimizga topshiriq berildi: u AQShdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokara o‘tkazishi lozim.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish boshlandi. Bu keng ko‘lamli tadqiqot – mustaqillik yillarida birinchi marta o‘tkazilyapti. Vatandoshlar census.stat.uz sayti orqali 31 yanvargacha onlayn tarzda o‘zi va oila a’zolarini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. 4–28 fevral kunlari esa maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlar uyma-uy yurib, aholini va qishloq xo‘jaligiga doir ma’lumotlarni yig‘adi. Ushbu yaxlit demografik tahlil natijalari istiqboldagi iqtisodiy-ijtimoiy rejalar uchun poydevor bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJning o‘tgan oyda tayinlangan raisi Abdug‘ani Sanginov / Foto: Prezident matbuot xizmati

“O‘zbekneftgaz” gaz qazib chiqarish hajmini oshirishi kerak – prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kungi yig‘ilishda mas’ullar oldiga shunday vazifani qo‘ydi. Bu yil kamida 25,4 mlrd kub metr gaz qazib chiqarish ko‘zda tutilgan. Neft-gaz sohasida o‘g‘rilik va korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish topshirig‘i ham berildi. “O‘zbekneftgaz” xabariga ko‘ra, gaz qazib chiqarish majburiyatlarini bajarmayotgan xususiy operatorlar o‘rniga, ochiq tenderlar asosida yangi investorlar jalb etiladi. Elektr energiyasi sohasida esa, ulgurji bozorga shu yil o‘tish reja qilingan. Chorshanba kuni prezidentga qilingan taqdimotda aytilishicha, yangi tizimda yirik korxonalar elektr energiyasini ulgurji bozorda, “soatbay” shakllangan narxlarda, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qila boshlaydi.

O‘zbekistondagi eng yangi banklardan biri – Yangi bank litsenziyasidan ayrildi. Markaziy bankka ko‘ra, bank ustav kapitalini belgilangan miqdorgacha oshirmagan va boshqa qoidabuzarliklarni sodir etgan. Regulyatorning qarori bilan, Yangi bank tugatiladigan bo‘ldi. Bankning 32 mingdan ortiq omonatchisidan aksariyati pullarini davlat kafolati ostida, to‘liq hajmda qaytarib oladi, omonati miqdori kafolat hajmidan yuqori bo‘lgan 373 nafar omonatchi esa undiruv jarayonini kutishiga to‘g‘ri keladi. Ma’lumot uchun, Yangi bank 2023 yilda ochilgan bo‘lib, ta’sischisi Singapurda joylashgan. Bank raisi Timofey Smirnov bir vaqtning o‘zida tadbirkor Baxtiyor Fozilovga qarashli “Sanoat Energetika Guruhi Enera” kompaniyasining ham rahbari hisoblanadi.

1 fevraldan poyezd chiptalari narxi yana ko‘tariladi. “O‘zbekiston temiryo‘llari” xabariga ko‘ra, kelasi oydan boshlab “Afrosiyob”, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” yo‘lovchi poyezdlarida chipta narxlari 15 foizga ko‘tariladi. Masalan, “Afrosiyob”da Toshkentdan Samarqandga borish uchun ekonom klassda 311 ming so‘m, Qarshigacha – 429 ming so‘m, Buxorogacha – 509 ming so‘m to‘lashga to‘g‘ri keladi. Eslatib o‘tamiz, 3 oy oldin transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston temiryo‘llari” va Uzbekistan Airways xizmatlarining tannarxi 20 foizga pasaytirilishini aytgan edi.

Sirdaryoning Xovos tumanida fermerlarning yerlari ommaviy ravishda olib qo‘yilyapti. O‘zLiDeP buni to‘xtatishga chaqirib, viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga murojaat qildi. Partiyaning ma’lum qilishicha, prokuratura, ichki ishlar, majburiy ijro, soliq va boshqa idoralardan iborat ishchi guruh fermerlarning uyiga borib, ijro hujjatlarisiz ularning shaxsiy mol-mulkini xatlayapti va yerdan voz kechish haqida ariza yozishga majburlayapti. Viloyat hokimligi esa yerlar noqonuniy olib qo‘yilayotganini rad etib chiqdi. Ma’lum qilinishicha, yer ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida 110 ta fermer xo‘jaligiga nisbatan sudga da’vo kiritilgan – ular yerdan samarasiz foydalanganlikda ayblanmoqda.

Bolaga ota ismini familiya sifatida berishga ruxsat etilishi mumkin. Tegishli qonun seshanba kuni Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi. Amaldagi tartibga ko‘ra, bolaga yo ota-onaning familiyasi, yoki bobosining ismi familiya sifatida berilishi mumkin. Adliya vaziri o‘rinbosari Nu’mon Muhammadiyevning aytishicha, bu tartib amaliyotda muammolarni keltirib chiqaryapti. Xususan, bolalar uyida ulg‘ayganlar yoki otalik huquqidan mahrum qilingan shaxslarning farzandi o‘z bolasiga otalik huquqidan mahrum qilingan otaning ismini familiya sifatida berishni xohlamayapti. Bu qonun kuchga kirgach esa, ular (va umuman barcha otalar) o‘z ismini farzandiga familiya qilib berishi mumkin bo‘ladi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Dastur boshlovchisi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Mavzuga oid