Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Poliklinikada 4 kishining o‘limi va bankning o‘g‘ri mansabdori - mahalliy dayjest
Urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida bosh reja bilan ishlashning yangi tizimi joriy qilinadi. Andijondagi poliklinikada fojia yuz berdi va 4 kishi vafot etdi. Farg‘onada bank mansabdori bankomatlardan katta miqdorda pul o‘g‘irladi. O‘simliklar karantini agentligida milliardlab so‘mlik korrupsion sxema fosh etildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Shaharsozlikda bosh reja va master-reja bilan ishlashning yangi tizimi joriy qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Bosh reja va master-reja bilan ishlashning yangi tizimi taklif etildi. Unga ko‘ra, birinchi bosqichda bosh reja bo‘yicha ma’lumotlar to‘liq jamlanadi va aktuallashtiriladi, ikkinchi bosqichda raqamlashtirish amalga oshiriladi, uchinchi bosqichda monitoring tizimi yo‘lga qo‘yiladi, to‘rtinchi bosqichda esa kompleks axborot-tahlil tizimi shakllantiriladi.
Shaharsozlik sohasidagi huquqbuzarliklar, noqonuniy va ruxsatsiz qurilishlar uchun moliyaviy sanksiyalarni kuchaytirish taklif qilindi.
Ulushli qurilishni moliyalashtirishning yangi tizimi – eskrou hisobvaraqlari mexanizmi ham muhokama qilindi. Bunda xaridorlar mablag‘i vakolatli bankdagi maxsus hisobvaraqda saqlanadi, qurilish ishlari belgilangan shartlar asosida bajarilgandan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi masalalariga ham e’tibor qaratildi. Respublikadagi 1991 yilgacha qurilgan 17 mingta uy o‘rniga zamonaviy, energiya tejamkor, infratuzilma bilan ta’minlangan ko‘p kvartirali uylar qurish mumkinligi ko‘rsatildi.
Andijondagi poliklinikada fojia: 4 kishi vafot etdi
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi markaziy poliklinikada inson o‘limiga sabab bo‘lgan fojia yuz berdi. Kun.uzʼga ma’lum bo‘lishicha, tozalash inshooti – chiqindi suvlar to‘planish sig‘imi nasos agregatorini tozalash vaqtida 57 yoshli santexnik N.I. gazdan zaharlangan. Uni qutqarishga harakat qilgan yana 3 kishi – qorovul, elektrik va chiqindi mashinasi haydovchisi ham zaharlanib, vafot etgan.
FVV matbuot xizmati Marhamatdagi holatda qutqaruvchilar 4 jasadni chiqarib olganini tasdiqladi.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, vakolatli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Farg‘onada bank mansabdori bankomatlardan katta miqdorda pul o‘g‘irladi
Milliy bankning Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan shaxs bankomatlardan 7 ta holatda 845 mln so‘m o‘g‘irlagani aniqlandi. U bankomat seyfini o‘zida bo‘lgan kalit yordamida ochib, himoya ipini kesgan hamda pulni olgach, ipni superkley yordamida yopishtirib qo‘ygan.
Shuningdek, u 2019-2024 yillar davomida 113 nafar mijozga tegishli bank kartalarini almashtirish jarayonida aslida mavjud bo‘lmagan 641 mln so‘m pul mablag‘ini hosil qilgan. So‘ngra bu pullarni boshqa plastik kartalarga mobil ilovalar orqali o‘tkazib, bankomatda naqdlashtirib olgan.
Sud hukmi bilan D.I. 8,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Undan bank foydasiga 1 mlrd 486 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.
O‘simliklar karantini agentligida milliardlab so‘mlik korrupsion sxema fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida import hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq korrupsion sxema fosh etildi. Tergov davomida milliardlab so‘mlik shubhali mablag‘ aylanmalari ham aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, agentlikning ayrim mas’ul xodimlari tadbirkorlik sub’yektlariga tovarlarni import qilish uchun rasmiylashtiriladigan hujjatlar bo‘yicha norasmiy «stavka»lar belgilagan.
Tahlillar davomida agentlik va uning quyi tashkilotlari hisobraqamlariga tushgan 91,7 milliard so‘mlik to‘lovlarning 14,9 milliard so‘mi 759 nafar fuqaroning plastik kartalari orqali amalga oshirilgani, ularning bir qismi agentlik xodimlari va ularning yaqin qarindoshlari ekani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berishga oid moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
19:51 / 10.06.2026
O‘zbekiston - turizm yetakchilaridan biri va odamlarni qopgan chiyabo‘ri - mahalliy dayjest
21:12 / 09.06.2026
Sudlarda korrupsiyaga qarshi yangi choralar va harbiy sohada yangi qo‘mondonlik - mahalliy dayjest
19:45 / 08.06.2026
Davlatga qaytgan neft zavodi va Toshkent viloyatida to‘plangan hokimlar - mahalliy dayjest
20:15 / 05.06.2026