Jamiyat | 09:29 / 25.06.2015
6358
3 daqiqa o‘qiladi

2015/2016-o‘quv yilida O‘zbekiston OTMlariga yangi talabalarning 67 foizi shartnoma asosida qabul qilinadi

2015 yil 23 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2015/2016 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.

Prezident qarorida ta'kidlanishicha, aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini hisobga olib ishlab chiqilgan xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining yangilangan klassifikatori tasdiqlanganligi munosabati bilan bakalavr tayyorlashning 7 ta yangi yo‘nalishlari joriy etilgan. Bu haqda xushnudbek.uz saytida xabar berilgan.

Shuningdek, qarorda oliy ta'lim muassasalariga talabalarni qabul qilish kvotasi belgilab berilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2015/2016 o‘quv yilida bakalavr ta'lim yo‘nalishiga 57 907 nafar talaba qabul qilinadi. Shularning 19 120 nafari davlat grantida va 38 787 nafari to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil oladi. Agar o‘tgan yilgi kvotalar bilan taqqoslansa, joriy yilgi kvotalar sonida o‘zgarish bo‘lmagan.

Joriy yilda oliy ta'lim muassasalariga 5 000 nafar magistr, shundan 1 548 nafari davlat granti, 3 452 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan. Magistratura kvotalarida ham o‘tgan yilgiga qaraganda o‘zgarish kuzatilmagan.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti (Qo‘ng‘irot bo‘limi)ning maxsus sirtqi bo‘limiga davlat granti bo‘yicha 65 nafar va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limiga to‘lov-kontrakt asosida 50 nafar talaba qabul qilinadi (o‘tgan yili 15ta davlat granti, 35ta shartnoma asosida edi).

Qaysi OTMlar nechta talaba qabul qilishi haqida saytimiz orqali tez orada batafsil ma'lumot beriladi.

Aytib o‘tish joizki, o‘tgan yili hujjat topshirgan abituriyentlar soni bo‘yicha rekord natija qayd etilgan edi. Ya'ni 540 ming nafardan ko‘proq abituriyent talabalik baxtiga musharraf bo‘lish uchun o‘z omadini sinab ko‘rishga ahd qilgandi. Bu bir o‘rin uchun o‘rtacha 9,4 kishi da'vogarlik qilgan deganidir.