Rogʻun toʻgʻonining tanasi dengiz sathidan 1 155 metr balandlik belgisiga yetkazilgan. Bu toʻgʻonning oʻz balandligi qariyb 190 metrga yetganini anglatadi. Loyihada uni 335 metrgacha koʻtarish nazarda tutilgan.

Qurilishda erishilgan ushbu bosqich suv omboridagi suv sathini dengiz sathidan 1 140 metr belgisigacha oshirish imkonini beradi.

GES qurilish davridayoq elektr ishlab chiqarmoqda

Rogʻun GESning oʻziga xos jihati - qurilish ishlari davom etayotgan boʻlsa-da, stansiya allaqachon elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda. Loyihada koʻzda tutilgan oltita turbinadan ikkitasi ishlayapti.

Suv omborining bosqichma-bosqich toʻldirilishi foydalanish mumkin boʻlgan suv hajmi va bosimini oshiradi. Bu esa qurilish yakunlanishidan oldin ham elektr ishlab chiqarishni koʻpaytirish imkonini beradi.

Vaxsh daryosi ikki tunnel orqali burilgan

Rogʻun tosh toʻkmadan barpo etilayotgan, gil oʻzakli toʻgʻondir. Uning poydevorida ish boshlash uchun Vaxsh daryosi oqimi ikkita yerosti tunneli orqali boshqa yoʻnalishga burilgan.

Gil oʻzakning asosi har biri 20–25 metr uzunlikdagi sakkizta blokka ajratilgan. Ular jami 180 metrlik qismni tashkil etadi. Ushbu bloklarni qurish uchun qariyb 290 ming kub metr valik bilan zichlangan beton ishlatilgan.

Toʻgʻon tanasiga joylashtirilishi rejalashtirilgan materiallar hajmining yarmidan koʻpi allaqachon yotqizilgan.

Shuningdek, poydevorni mustahkamlash va suv sizib oʻtishini cheklovchi sementatsiya toʻsigʻini yaratish uchun jami 500 ming metrdan ortiq burgʻilash ishlari bajarilgan. Bu ishlar togʻli sharoitda, katta hajmdagi materiallarni tashishga moʻljallangan maxsus ishlab chiqarish tizimi yordamida amalga oshirilmoqda.

Umumiy quvvat 3 600 megavattga yetadi

Barcha oltita turbina ishga tushgach, Rogʻun GESning oʻrnatilgan quvvati 3 600 megavattni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Loyiha haqidagi maʼlumotda stansiya Tojikistondagi hozirgi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini ikki baravar oshirish imkonini berishi qayd etilgan.