Dual taʼlimda kadrlar tayyorlashga oid farmonda korxonalarning ushbu jarayonda faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlash choralari belgilangan.

Unga koʻra, korxonalarning har bir talabaga toʻlagan ish haqi xarajatlarining yarmi oʻquv yili yakunida subsidiya shaklida qoplab beriladi.

Subsidiya qaysi sohalarga tegishli?

Mazkur tartib quyidagi taʼlim sohalarida dual shaklda tahsil olayotgan talabalar uchun amal qiladi:

muhandislik ishi;

ishlab chiqarish va ishlov berish;

arxitektura va qurilish;

qishloq xoʻjaligi.

Subsidiya talabaga toʻgʻridan-toʻgʻri berilmaydi. U korxonaning talabaga ish haqi toʻlash uchun qilgan xarajatlarining 50 foizini qoplashga yoʻnaltiriladi.

Korxonalar reytingiga qoʻshimcha ball beriladi

Dual taʼlim shakliga qabul qilingan talabalar soniga mutanosib ravishda korxonalarga «Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi» platformasida qoʻshimcha ballar beriladi.

Shu tariqa, korxonaning dual taʼlimdagi ishtiroki uning reytingini baholashda ham hisobga olinadi.

Amaliyot bazasi uchun jihozlarga boj - 1 foiz

Korxonalar oliy taʼlim muassasasi hududida dual taʼlim uchun amaliyot bazasini tashkil etish maqsadida olib keladigan jihozlar, uskunalar va laboratoriya jihozlariga bojxona boji stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.

Ushbu stavka 2030-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.

Oʻquv uskunalariga tezlashtirilgan amortizatsiya qoʻllanadi

Korxonalarga dual taʼlim dasturidagi amaliy mashgʻulotlar uchun xarid qilingan oʻquv uskunalari va jihozlariga nisbatan uch yil muddatga tezlashtirilgan amortizatsiya qoʻllash huquqi ham beriladi.

Belgilangan choralar korxonalarning talabalarga ish haqi toʻlash va amaliy taʼlim uchun moddiy baza yaratish xarajatlarini yengillashtirishga qaratilgan.