"Sport" telekanali jurnalisti Diyor Imomxo‘jayev "Futbol sharhi" ko‘rsatuvida PFL direktori Farhod Magometov tomonidan Oliy liga g‘olibi "Paxtakor" jamoasiga mavsumning oxirgi turi uchrashuvidan keyin, "paxtakorchilar" mavsum chempionligiga erishgani aniq bo‘lgach, ularga tegishli Kubokni topshirish uchun alohida bayramona marosim o‘tkazilmaganiga e'tibor qaratdi.
"Maktabda o‘qib yurgan vaqtlarim futbol turniri o‘tkazilar va chempion jamoani jismoniy tarbiya ustozimiz Zokir aka xuddi shunday ko‘rinishda taqdirlardilar. Bu kadrlar biz uchun de-javyu. Maktab yillaridagi futbolni sog‘indi odam. Maktab yillarini yodga solgani uchun PFLga minnatdorchilik bildiramiz", - deydi Diyor Imomxo‘jayev ushbu g‘aribgina holat bo‘yicha fikr bildira turib.
Futbol muxlislaridan biri bu ko‘rsatuv namoyishidan keyin holatga quyidagicha munosabat bildirgan.
Bunaqa taqdimot marosimlariga xatto "Oskar" mukofotini topshirish rejissyorlari ham tikka turib qarsak chaladi))) pic.twitter.com/eOHCYJWsBp
— Navqiron (@Navqiron) 23 noyabrya 2015Yuqoridagi suratda "Bunyodkor" futbolchilari Akmal Shorahmedov hamda Javlon Ibrohimov 2014 yilgi O‘zbekiston Superkubogi g‘oliblari uchun berilgan sovrinni ushlab turishibdi. Fondagi manzara esa final o‘yini holatiga umuman mos tushmaydi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston PFL sovrinlarni g‘oliblarga topshirishda doimiy ravishda shunday yo‘l tutib keladi. Xususan, shu yilning 17 oktabr kunida O‘zbekiston Kubogi finalida g‘olib bo‘lgan jamoa "Nasaf"ga PFL vakillari kubokni shosha-pisha topshirib, ortga qaytishgan va xunuk manzarani hosil qilishgandi.
21 noyabr kuni esa "Paxtakor" klubi Oliy liganing so‘nggi turida "Andijon"ni 6:0 hisobida mag‘lub etib, mavsum chempioni bo‘lgach hech qanday tantanali marosim o‘tkazilmagan va PFL direktori Farhod Magometov bir o‘zi Kubokni qo‘lida ko‘tarib maydonga tushib kelgan hamda shishadan yasalgan sovrinni "Paxtakor" sardori Kaxi Maxaradzega topshirib qo‘ya qolgan, bitta surat tushib, maydondan chiqib ketgan edi.
Diyor Imomxo‘jayev o‘z fikrlarini davom ettirar ekan, "Paxtakor" chempionlik masalasini hal qilib bo‘lmagani holida, "Andijon"ga qarshi o‘yin boshlanishidan oldin mavsum chempioni uchun atalgan kubok ushbu o‘yin kechadigan stadionda turganiga e'tibor qaratdi.
"2013 yilda "Bunyodkor" o‘z chempionligini Jizzaxda qo‘lga kiritganida, PFL chempionga beriladigan kubokni Jizzaxga olib ketgandi. Vaholanki, o‘sha kuni "Lokomotiv"da ham chempion bo‘lish imkoniyati bor edi. Bu safar PFL kubokni ko‘tarib, to‘g‘ri "Paxtakor" stadioniga olib kirdi. Buni qarangki, yana o‘sha "Lokomotiv"da ham chempionlik uchun hali imkoniyat bor edi. Bu jarayonlar PFL hisobni oldindan biladi degan xunuk xulosaga sabab bo‘lmasligini istardik.



