AQSH Harbiy-dengiz kuchlari Hoʻrmuz boʻgʻozi suvlaridagi barcha minalarni zararsizlantirdi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmogʻida maʼlum qildi.

«Eronga har qanday yangi mina oʻrnatuvchi kema yoki qayiq zudlik bilan va tizimli ravishda yoʻq qilinishi haqida bildirish yuborildi... Minalashtirishga nisbatan mutlaqo murosasizlik siyosati toʻliq kuchga kirgan», - deb yozdi Tramp.

AQSH prezidentining qoʻshimcha qilishicha, Amerika tomoni boʻgʻozdagi harakatlanishni koinot kuchlari yordamida kuzatib bormoqda. Shuningdek, AQSH versiyasiga koʻra, Eron uran qoldiqlarini boyitayotgan Kirki togʻida ham kuzatuv olib borilmoqda. Amerika kuchlari yoʻq qilingan uchta yadroviy obyektni ham kuzatuv ostiga olgan.

Eronning Hoʻrmuz boʻgʻozini minalashni boshlagani haqidagi maʼlumot mart oyi boshida paydo boʻlgandi. Eron tomoni AQSH va Isroilning oʻziga qarshi operatsiyasiga javoban dengiz yoʻlagini toʻsib qoʻygandi. The Washington Post nashri Pentagon Hoʻrmuz boʻgʻozini minalardan toʻliq tozalash jarayoni olti oy davom etishini bashorat qilgani haqida yozgan edi.